Germaniya parrandachilik kompaniyasi o‘zbekistonlik fermerlarni moliyalashtirish loyihasini amalga oshirmoqchi
Samarqandda o‘tayotgan Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi konferensiyasida ishtirok etayotgan Germaniyaning parrandachilikka ixtisoslashgan Big Dutchman International GmbH kompaniyasi savdo ishlari bo‘yicha direktori Shtefan Hinners o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Kompaniyamiz O‘zbekiston va Qozog‘istonda 15 yildan ziyod muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Fermerlar va hamkorlar bilan juda yaxshi aloqalarga egamiz. Men O‘zbekistonga uchinchi marta kelyapman, o‘tgan yillar ichida yaxshi hamkorlik aloqalariga ega bo‘lganmiz. Nihoyatda mehmondo‘st bu davlatga kelganimda doim hayratlanaman. Yevropa bilan solishtirganda madaniy, ma’naviy jihatdan katta kontrastga guvoh bo‘laman.
Ushbu tashrifimizda qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan yaqin aloqalarni o‘rnatishga qaror qilganmiz. Kelgusida parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik fermerlarni moliyalashtirish bo‘yicha 50 million yevro miqdoridagi loyihani amalga oshirishni niyat qilganmiz.
Loyiha hozir qizg‘in muhokama qilinmoqda. Albatta, bu O‘zbekistonda parrandachilik sanoatini rivojlantirish uchun xizmat qiladi.
— O‘zbekistonda parrandachilikni rivojlantirish salohiyatiga qanday baho berasiz? Masalan, Germaniya, Polsha va Ukraina bu borada yetakchiligi avvaldan ma’lum. Xo‘sh, Yevropadan farqli o‘laroq, bizda quruq iqlim. Sizga notanish boshqacha yondashuvlar kerak bo‘lmaydimi?
— Agar butun parrandachilik sohasi haqida gapiradigan bo‘lsam, shaxsan men juda yaxshi imkoniyatlarni ko‘rib turibman. Umuman, bu soha joy tanlamaydi, har qanday joyda muvaffaqiyat bilan rivojlantirish mumkin. Chunki tuxum iste’moli doimo oshib borayotgan birinchi navbatdagi zaruriy mahsulot hisoblanadi. Bu borada har qanday davlatda ahvol shunday. Parranda go‘shti borasida ham shunday deyish mumkin. Broyler jo‘jalarning go‘shtini har qanday din iste’mol qilishga ruxsat beradi, u diyetik, sog‘lom taom hisoblanadi. Shuning uchun bu sohaning qaysi davlat, joy, mintaqaga qaramasdan rivojlanishiga shubha qilmaslik kerak.
Yevropadagi holat, xususan Ukraina haqida gapiradigan bo‘lsak, ular, albatta, hozir alohida bir vaziyatga duchor bo‘lishgan. U yerdagi fabrikalarning katta qismi ayni vaqtda ishlolmayapti. Lekin ular ham eng avvalo ichki bozorni mahsulot bilan o‘z vaqtida ta’minlash uchun rivojlanib borishmoqda. Agar Ukraina shu sur’atda parrandachilikni rivojlantirsa, vaziyat go‘sht va tuxum mahsulotlarini Yevropa davlatlariga eksport qilishga qarab ketmoqda. Biroq, bu hol O‘zbekiston bozoriga o‘z ta’sirini o‘tkazmaydi.
— O‘zbekistonda kelgusida amalga oshiriladigan yangi rejalar, yangiliklar haqida so‘zlab bera olasizmi?
— Yuqorida aytib o‘tganimdek, bizda ishlab turgan loyihalar bor, faoliyat ko‘rsatib turibmiz. Vazirlik bilan hozir muhokama qilayotgan masalamiz — O‘zbekiston fermerlari va talabalari uchun parrandachilik bo‘yicha o‘quv markazi ochish borasida bo‘lmoqda. Bu o‘quv markazida biz, albatta, sohani rivojlantirish, yetishtirilayotgan mahsulotlar va boqilayotgan parrandalarni O‘zbekiston iqlimiga moslashtirish, bu borada o‘zimizning texnologiyalarni yanada ko‘proq joriy etish ustida ish olib bormoqchimiz.
Men ko‘proq tuxum ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha mas’ul bo‘lganim uchun, qo‘shimcha qilib aytishim mumkinki, O‘zbekistonda bu sohani rivojlantirish uchun katta istiqbol bor. Vazirlik bilan olib borayotgan muzokaralarimiz oqibatida O‘zbekiston aholisini arzon, sifatli oqsil mahsuloti bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Mavzuga oid
11:54 / 17.12.2024
Germaniyada mpox virusining xavfli shtammi bilan kasallanganlar aniqlandi
21:27 / 16.12.2024
Bundestag Olaf Sholsning so‘roviga binoan uning hukumatiga ishonchsizlik votumi e’lon qildi
16:14 / 14.12.2024
OAV: Germaniya uzra RF harbiy dronlari uchib o‘tgan bo‘lishi mumkin
15:21 / 14.12.2024