Jahon | 13:49 / 09.09.2023
34622
17 daqiqa o‘qiladi

«Valutafurushlar ishi» – SSSRda qatl etilgan dollarfurush kim edi?

1960 yil yozda Moskvadagi vokzalda bir shaxsni militsiya xodimlari ushlashadi. Militsionerlarni ko‘rgan vaqtda u chemodanni yerga tashlab yuboradi va «Bu meniki emas» deb baqira boshlaydi. Ko‘p o‘tmay o‘sha shaxs noqonuniy valuta olib sotganlikda ayblanadi va unga o‘lim jazosi beriladi. Keyinchalik dollarfurushga o‘lim jazosi berilishini shaxsan davlat rahbari Nikita Xrushchyov talab qilgani ma’lum bo‘ladi.

Fotokollaj: Kun.uz

SSSR – juda ko‘plab yolg‘onlar ustiga qurilgan davlat edi. Jumladan, bu davlatda xalqqa mamlakatda jinoyatchilik yo‘qligi, odamlar baxt va saodatda farovon yashayotgani haqida uqtirilardi.

Amalda esa hammasi teskari edi. Jinoyatchilik avjida, xalqning turmush darajasi esa past edi. Ayniqsa qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan insonlarning hayoti juda qiyin kechgan.

Jinoyatchilikka kelsak, hatto ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan ishlar ham sodir bo‘lardi. Mamlakatda giyohvandlik borligi inkor qilinar, amalda esa Qozog‘iston cho‘llarida o‘sib turgan yovvoyi nasha noqonuniy yig‘ilib, butun mamlakatga tarqatilardi.

Xuddi shuningdek, SSSRda valuta oldi-sotdisi bilan noqonuniy shug‘ullanish ham bor edi. Ayrimlar bu ishni kasb qilib olgan, ular mamlakatga kelayotgan sayyohlar boradigan diqqatga sazovor joylarda «ishlab» xorijliklarning valutalarini almashtirib berardi.

Ana shunday odamlardan biri bo‘lgan Yan Rokotov 1960 yilda ushlanadi va ko‘p o‘tmay sud uni o‘lim jazosiga hukm qiladi. Aslida oddiy bir «valyutchik» sodir etgan jinoyat oliy jazo berishga tortmasdi.

Biroq Rokotovning ishi o‘sha paytda mamlakat rahbari bo‘lib turgan Xrushchyovning nazariga tushib qoladi va u noqonuniy valuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelgan shaxsga o‘lim jazosi berishni buyuradi.

Garchi Rokotov jazolangan bo‘lsa-da, mamlakatda noqonuniy valuta oldi-sotdisi to‘xtab qolmaydi. Sarroflikni boshqalar qilaverishadi va bu ish SSSR parchalanib ketguncha davom etaverardi.

Yan Rokotov hibsga olingan paytda
Foto: alamy.com

Rokotov faoliyatini qachon boshlagan?

Agar SSSR tarixiga nazar tashlansa oktyabr to‘ntarishidan keyin ancha payt mamlakatga xorijdan hech kim kelmay qo‘yadi. Faqat 1930 yillar boshida SSSR NEP (Novaya ekonomicheskaya politika – Yangi iqtisodiy siyosat) deb nomlangan iqtisodiy islohotlar boshlanadi.

Oktyabr to‘ntarishidan keyin mamlakatda ko‘zga ko‘ringan olimlar, muhandislar boshqa bilimli odamlar xorijga chiqib ketgani uchun xorijdan mutaxassisilar chaqirishga majbur bo‘lishadi. Shu tariqa, SSSRda 1930 yildan 1937 yilgacha ko‘plab korxona va inshootlar xorijliklar tomonidan quriladi.

1937 yilda keng ko‘lamda Stalin qatag‘onlari boshlangach juda ko‘p xorijliklar va ular bilan birga ishlagan sovet fuqarolari nohaq josuslikda ayblanib qatag‘on qilinadi. Ko‘p o‘tmay urush boshlanadi va uzoq yillar davomida SSSRga xorijliklar na sayyoh sifatida, na ishga keladi.

1950-yillar boshida vaziyat biroz o‘zgaradi. Bu paytga kelib dunyoning bir qancha davlati SSSR ta’sir doirasiga tushgan va ularda sotsialistik tuzum o‘rnatilgan edi.

Shu sababli SSSRga sotsialistik davlatlardan sayyohlar kela boshlaydi. Stalin vafotidan so‘ng G‘arb bilan munosabatlar ham biroz yumshaydi va xorijlik sayyohlar paydo bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay ularning soni ortadi.

Ana shu paytdan boshlab SSSRda xorijliklar ko‘p boradigan joylarda noqonuniy valuta almashtiruvchi odamlar paydo bo‘ladi. Ular asosan guruh bo‘lib ishlashgan va guruhga jinoyat olami vakillari rahbarlik qilishgan.

Stalin davrida davlatga xiyonat qilishda ayblanib nohaq qamalgan va qariyb 10 yil umirini qamoqda o‘tkazgan Yan Rokotov ham ana shunday guruhlardan biriga boshchilik qilgandi.

Yan Rokotov 1927 yilda Moskvada Nikolay Orlikov ism-sharifli shaxsning oilasida tug‘iladi va uch oyligida onasi vafot etadi. Ko‘p o‘tmay otasini Uzoq Sharqqa ishga yuborishadi va u ammasining tarbiyasida qoladi.

Ammasining erining familiyasi Rokotov edi va u «Internatsionalnaya literatura» jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlardi. U Yanga o‘z familiyasini beradi. Shu tariqa, Yan Rokotov familiyasini oladi.

Rokotov sud majlisida
Foto: yaplakal.com

Yan birinchi marta 1946 yilda Moskva davlat universitetida o‘qib yurganida qamaladi. Stalin xotinining jiyani Jonrid Svanidze Yan bilan sinfdosh edi. Kunlarning birida Jonridni sovet tuzumiga qarshi guruh tuzganlikda ayblab hibsga olishadi.

So‘ng «Svanidze ishi» bo‘yicha Jonrid bilan bir kursda o‘qiydigan va u bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan kursdoshlari ushlanadi. Qo‘lga olinganlar orasida Yan ham bor edi.

O‘shanda Yanga 25 yillik qamoq jazosi xavf soladi, biroq unga rahm qilishadi. Yan Moskvadan surgun qilinadi xolos. Biroq Yan poytaxtdan chiqib ketmaydi va yashirinadi. Qo‘lga tushgach uni sakkiz yilga qamab yuborishadi.

20 yoshli Yanni qamoqda avvaliga mahbuslar qiynashadi. Ko‘p o‘tmay u qamoqxonada o‘z «iste’dod»ini namoyish etadi va mahbuslarning hurmatini qozonish bilan birga, anchagina boyib ham oladi. Yanning «iste’dod»i qamoqxonada o‘zaro mahsulot almashtirishni zo‘r eplagani edi.

1953 yilda Stalin vafot etadi. Shundan so‘ng siyosiy mahbuslarning ishlari qayta ko‘riladi va ko‘plab odamlar ozod qilinadi. 1954 yilda Yan Rokotovga ham navbat keladi va u nohaqdan qamalgan deb topiladi.

Yan ozod qilinadi va MGU huquqshunoslik fakultetidagi o‘qishiga ikkinchi kursdan tiklanadi. Biroq qamoqxonada «ancha tajriba to‘plagan»  Yan o‘qishni xohlamaydi. U Moskvaning gavjum joylarida xorijlik sayyohlarning valutalarini almashtirib berish bilan shug‘ullana boshlaydi.

Yan Rokotov birgina noqonuniy valuta almashtirish bilan shug‘ullanmaydi. U g‘arblik sayyohlardan turli xorij mahsulotlarini ham sotib oladi va qayta sotish bilan shug‘ullanadi.

Rokotov valuta va xorij mahsulotlarini olib sotishni bir o‘zi qila olmasdi. Shu sababli u guruh tuzadi va atrofiga Vladislav Faybishenko (laqabi Chervonchik) va Dmirtriy Yakovlev (laqabi Dim Dimich) uddaburon yigitlarni yig‘adi. Ular yordamida ish faoliyatini ancha kengaytiradi.

Chapdan, Dmitriy Yakovlev, Yan Rokotov va Vladislav Faybishenko
Foto: alamy.com

Ular xorijlik sayyohlardan valuta, tilla va boshqa turli buyumlar, kiyim-kechaklarni (ayniqsa G‘arbda jinsidan ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklarni) sotib olish va qayta sotish bo‘yicha ancha pishiq tizim ishlab chiqishadi.

O‘sha paytda SSSRning xorijiy davlatlar bilan aloqasi uncha yaxshi emas, munosabatlar iliq bo‘lgan sotsialistik davlatlardan esa sifatli mahsulotlar kelmasdi.

Shu sababli SSSRda G‘arb mahsulotlariga, tilla buyumlariga talab juda kuchli edi. Ana shunday vaziyatda Rokotovning guruhi ancha muvaffaqiyatli ishlaydi va zo‘r foyda ko‘ra boshlaydi. Biroq bu holat uzoq davom etmaydi.

1960 yilda noqonuniy valuta oldi-berdisida ayblanib Rokotov hibsga olinadi. Uni ushlashgan vaqtda qo‘lida chemodan bor edi. Organ xodimlari chemodanni ochib ko‘rishganda uning ichida ko‘p miqdorda xorij valutalari, tilla tangalar, sovet rubli chiqadi.

Rokotovning uyi ko‘zdan kechirilganda u yerda juda katta miqdorda rubl, dollar va tilla buyumlar chiqadi. Hisoblab ko‘rilganda ularning qiymati 1,5 mln dollarga teng ekani aniqlanadi.

Keyinchalik Rokotovning sheriklarini ham ushlashadi. Tergov jarayonida birgina Rokotovning o‘zi faoliyati davomida 12 mln rubllik valuta, tilla tanga va turli xorij buyumlarini olib sotgani aniqlanadi.

Sudda Rokotov va uning sheriklariga sakkiz yil qamoq jazosi berishadi. Biroq ko‘p o‘tmay negadir Rokotovning ishi qaytadan ko‘rib chiqiladi va sud qayta o‘tkaziladi.

Rokotov va uning sheriklariga berilgan 8 yillik qamoq 15 yilga uzaytiriladi. Biroz o‘tib «Rokotov ishi» yana qayta ko‘rib chiqiladi. Bu safar unga o‘lim jazosi beriladi.

Yan Rokotov va uning sheriklari sud majlisida
Foto: alamy.com

O‘sha paytda Rokotov nega ikki marta sud hukmi bekor qilinib, unga tegishli jinoyat ishi takror va takror ko‘rib chiqilganini tushunmaydi. Alaloqibat, boshida bir necha yil qamoq bilan qutulaman deb o‘ylagan 33 yoshli Rokotov va uning ikki nafar sherigi oliy jazoga hukm qilinadi.

Avval Rokotov va Faybishenkoni otib tashlashadi. Uch oydan so‘ng Yakovlev ham o‘ldiriladi. Keyinchalik, «Rokotov ishi» nega ikki marta takror ko‘rilgani va Yanga o‘lim jazosi berilgani oydinlashadi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Rokotov ishi» shaxsan mamlakat rahbari Xrushchyovning e’tiboriga tushgan va Yanga o‘lim jazosi berishni u talab qilgani ma’lum bo‘ladi.

Xo‘sh, mamlakat rahbari Rokotovning jinoyati va unga berilgan hukm haqida qayerdan xabar topadi? Gap shundaki Xrushchyov 1961 yilda GFR tarkibida bo‘lgan G‘arbiy Berlinga tashrif buyuradi.

Shu yerda nemis amaldorlaridan kimdir unga Moskvadagi valuta almashtirish va xorij kiyim-kechaklari sotiladigan «Qora bozor» dunyoning hech bir burchagida uchramasligi haqida gapirib qoladi.

Xrushchyov bu gapdan hayratga tushadi va jahli chiqadi. U Moskvaga qaytib kelishi bilan «Qora bozor» haqida surishtiradi. Davlat rahbariga darhol «Qora bozor yo‘qligini, 2-3 nafar shaxs noqonuniy tarzda xorijlik sayyohlarning pulini almashtirib bergani va ular ushlanib chora ko‘rilgani haqida hisobot berishadi.

Hisobotda noqonuniy valuta almashtirgan uch nafar shaxs 8 yildan qamoq jazosi olgani yozilgandi. Xrushchyov jinoyatchilar haqida G‘arbiy Berlindagilar ham xabardorligini inobatga olib ularning oddiy odam emasligini darrov fahmlaydi.

SSSRni 1953-1964 yillar davomida boshqargan Nikita Xrushchyov
Foto: alamy.com

Shundan so‘ng davlat rahbari Ichki ishlar vaziriga bu ishni qayta ko‘rib chiqib, jinoyatchilarga munosib jazo tayinlashni buyuradi.

«Bu haqiqiy dushmanlik, ularga esa bor-yo‘g‘i sakkiz yil qamoq jazosi berishibdi. Shu hukmni chiqargan sudyalarning o‘zini sud qilish kerak», deydi o‘shanda «Makkajo‘xori qiroli» (Xrushchyov AQShga borib kelib hamma yoqqa jo‘xori ektirgani uchun shu laqabni olgan).

Shu tariqa Rokotov va uning guruhi ikkinchi marta sud qilinadi va bu safar ularga 15 yildan qamoq jazosi tayinlashadi. Biroq voqealar rivojini nazorat qilib turgan Xrushchyovni bu jazo ham qoniqtirmaydi.

Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay Rokotov va uning ikki sherigini uchinchi marta sud qilishadi va bu safar ularni o‘lim jazosiga hukm qilishadi. Apellyatsiya va kassatsiya tartibidagi shikoyat rad etiladi.

Shu tariqa, 1961 yil iyul oyida Rokotov va uning ikki sherigi Moskvadagi Butirka qamoqxonasida otib tashlanadi.

Rokotov va uning sheriklariga berilgan jazo zamonaviy jinoyat huquqi tarixida davlat rahbarining sudga bosim o‘tkazishi tufayli chiqarilgan birinchi hukm sifatida qolgan.

Rokotov o‘lim jazosi ijro etilishini kutib yotgan paytida Xrushchyovga maktub yozadi. U maktubida yigit yoshida Stalin qatag‘onlari tufayli qariyb 10 yil umrini nohaqdan qamoqda o‘tkazganini, bu uchun hech kim undan uzr ham so‘ramaganini, tovon puli ham to‘lab bermaganini, ya’ni davlat sodir etgan xato uchun hech kim javob bermaganini, endi esa fuqaro xato qilganda uni eng og‘ir jazo bilan jazolashayotganini yozgandi.

Rokotov o‘ziga oliy jazo berilishining tepasida Xrushchyov turganini bilmasdi. Shu sababli u maktubining oxirida Xrushchyovdan o‘zini kechirishini so‘ragandi.

Yan Rokotov va uning sheriklari sud majlisida

O‘sha paytda Rokotovga o‘lim jazosi berilar ekan, SSSR va xorijdagi juda ko‘plab taniqli shaxslar ham Xrushchyovga maktub yuborishadi va hukmni bekor qilishni so‘rashadi.

Ular orasida amerikalik taniqli faylasuf va jamoat arbobi Bertran Rassel, SSSRdagi taniqli vrach Lev Golubix va boshqalar bor edi. Biroq Xrushchyov na Rokotovning, na boshqalarning maktubini inobatga olmaydi.

Rokotov bilan sodir bo‘lgan hodisa uzoq yillar davomida sir saqlanadi. Chunki «Ulug‘ sovetlar mamlakati»da noqonuniy valuta va xorijiy kiyimlarning oldi-sotdisi kabi ishlar bo‘lmagan deb uqtirilardi.

1991 yilda Rokotovning achchiq taqdiri ommaga oshkor bo‘lgach odamlar kimlardir birgina «valyutchik»lik yoki xorij kiyimlarini olib sotgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilinganini bilib hayratga tushishadi.

Chunki bu paytga kelib sobiq ittifoqning barcha hududlarida «valyutchik»lar urchib ketgan va xorij kiyimlarini olib sotadigan odamlar uchrar, ularga hech kim hech narsa demasdi.

SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiya ham bozor iqtisodiyotiga asoslangan savdo munosabatlariga o‘tadi. Bir paytlar Rokotov qilgan ishlar endi oddiy tadbirkorlik deb hisoblana boshlanadi.

Shundan so‘ng Rokotovning shaxsiyatiga qiziqish kuchayib ketadi. U haqda bir nechta asarlar yoziladi. Bir qancha hujjatli filmlar suratga olinadi.

Isaak Filshtinskiyning «Biz konvoy qo‘riqchiligida qadam tashlaymiz», Yuriy Broxinning «Gorkiy ko‘chasidagi harakatlanuvchi mahsulot» (bu asar ilk marta 1975 yilda chop etilgan, keyin to‘ldirilgan) asarlari, «Bir hukmning xronikasi», «Sovet mafiyasi. Qing‘irko‘zning otib tashlanishi» (Qing‘irko‘z deb Rokotov nazarda tutilmoqda), «Qo‘rg‘oshinning erishi. «Valyutchik»lar ishi», «Yashirin belgilar. Dollar kursi bo‘yicha o‘lim» kabi hujjatli filmlar shular jumlasidan.

2015 yilda Rokotov haqida rossiyalik kinoijodkorlar suratga olgan 8 seriyali «Farsa» filmi ham ekranlarga chiqariladi. Filmda Yan Rokotov rolini rossiyalik taniqli aktyor Yevgeniy Tsiganov ijro etgan.

Bundan tashqari, Rokotov otib tashlanganiga 50 yil bo‘lishi munosabati bilan 2013 yilda Nyu-Yorkda sobiq ittifoqdan ko‘chib borgan muhojirlar Rokotov & Fainberg kompaniyasini tashkil etishadi.

Rokotov & Fainberg kompaniyasi tayyorlaydigan jinsilar AQShda ancha mashhur hisoblanadi.
Foto: rokotoff.com

Bu kompaniya asosan kiyim-kechak tikish bilan shug‘ullanadi va o‘ziga logotip sifatida 88 raqamini tanlaydi. Chunki RSFSR jinoyat kodeksining 88-moddasida aynan noqonuniy valuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganlik uchun jazo belgilangan va Rokotov shu modda bilan ayblangandi.

2017 yil 7 avgust kuni (Rokotov tug‘ilgan kun) Rokotov & Fainberg kompaniyasi kumushdan esdalik tangasi chiqaradi. Tanganing bir tomonida jinsi kiygan kovboy tasvirlangan va ostida ROKOTOFF yozuvi tushirilgandi. Tanga cheklangan miqdorda chiqariladi va 33 dollardan sotiladi.

Yan Rokotov sharafiga AQShda chiqarilgan kumush tanga
Foto: partner-inform.de

Bundan tashqari, Nyu-Yorkdagi ko‘chalardan biriga Rokotov nomi berilgan.

Rokotov iqtisodiy jinoyat uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan yagona odam emasdi. Xrushchyov boshqaruvining so‘nggi uch yilida iqtisodiy jinoyatlar uchun 5 mingga yaqin odam otib tashlanadi.

1961 yilda SSSRda iqtisodiy jinoyatlar uchun odamlar uzoq muddatlarga qamala boshlaganda va otuvga hukm qilinayotganda Xalqaro huquq ittifoqi SSSRni o‘z safidan chiqarib tashlaydi.

RSFSR jinoyat kodeksidagi 88-modda esa 1964 yil Xrushchyov SSSR rahbarligidan yiqitilgach tahrir qilinadi va unda nazarda tutilgan jazo ancha yengillashtiriladi. Ungacha esa juda ko‘p odam shu modda tufayli juda uzoq muddatlarga qamaladi yoki otuvga hukm qilinadi.

Bugun juda ko‘pchilik Yan Rokotov Stalin tuzumidan keyin SSSRdagi ilk tadbirkor edi va u nohaq qatl etilgan deb biladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid