Jahon | 21:34 / 10.09.2023
59405
17 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning asli bulung‘urlik yangi mudofaa vaziri. U haqda nimalar ma’lum?

Oleksiy Reznikov o‘rniga Ukraina mudofaa vaziri lavozimini egallagan Rustem Umerov - «Qrim lobbisti» va Rossiyaga simpatiyasi bor sharq mamlakatlari bilan aloqalarga ega hisoblanadi. Vazirlik rahbarligiga nega aynan u tanlandi?

State Property Fund of Ukraine / AFP / Scanpix / LETA

Ukrainada mudofaa vazirligi rahbari o‘zgardi. Vazirlik bilan bog‘liq korrupsiya mojarolari fonida Oleksiy Reznikov iste’foga chiqdi. Rustem Umerov yangi mudofaa vaziriga aylandi — u musulmon va qrim tatarlar huquqlari uchun kurashchi; harbiy tajribaga ega emas, lekin Rossiya bilan tinchlik muzokaralarida (muzokaralarning raundlaridan birida uni zaharlashga urinishgani taxmin qilinadi) qatnashgan Turkiya va arab dunyosi mamlakatlari bilan aloqalarga ega hisoblanadi. «Meduza» uning biografiyasini o‘rgandi, shuningdek u haqda Ukrainadagi manbalari bilan gaplashdi.

«Qrim lobbisi» vakili

Rustem Umerov 41 yoshda. U 1982 yilda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida Qrimning Alushta shahridan surgun qilingan musulmon muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Qrim tatarlar oilasi Qrimga faqat 1980-yillar oxirida qaytgan.

Umerov iqtisodiyot sohasida tahsil olgan. 2004 yilda Ukrainaning Lifecell mobil aloqa operatorida menejment sohasida faoliyatini boshlagan, 2010-yillarda investitsiya biznesiga o‘tgan. Avvaliga — ICG Investmens va iCapital kompaniyalarida boshqaruvchi direktor sifatida ishlagan, keyin — akasi Aslan Umar Qrimli bilan birgalikda ochilgan Astem investkompaniyasini boshqargan. Bu tashkilot kommunikatsiyalar, informatsion texnologiyalar va infratuzilmalar sohasidagi investitsiyalar bilan shug‘ullangan.

Aka-ukalar Stenford universitetida Ukrainian Emerging Leaders dasturi donorlaridan biri bo‘lgan Astem Foundation fondiga ham asos solishgan. U ukrainalik jamoat va siyosat arboblarini, huquqshunoslar, biznesmenlar va ijtimoiy tadbirkorlarni tayyorlagan, deyiladi Ukrainaning New Voice nashri xabarida.

2007 yilda Umerov qrim tatar xalqining Ukrainadagi manfaatlarini ifoda etuvchi «Qrim tatarlar jamiyati» jamoat tashkiloti asoschilaridan biri bo‘ladi, 2007 yildan 2019 yilga qadar Mustafo Jyemilevning maslahatchisi bo‘lib ishlaydi. 

2012 yilda Umerov Qrim xalqaro biznes uyushmasi hammuassisi va boshqaruv kengashi a’zosi bo‘ladi, 2021 yil yozida «Qrim platformasi» uyushmasi hamraisi etib saylanadi. «Biz „Qrim platformasi“ni ta’sis etdik — bu xalqaro format doirasida biz Ukraina Qrimining taqdirini muhokama qilamiz», — degandi u. 

«Rossiya propagandachilari mamlakatimiz hududidagi harbiy harakatlarini oqlash uchun ukrain xalqini etnik guruhlarga bo‘lish haqidagi cho‘pchakni o‘ylab topishdi. Biz [Ukrainada] millatimiz yoki dinimizga nisbatan hech qanday shovinizm yoki islomofobiyani his qilmaymiz», —degandi keyinroq Umerov Iordaniyaning AmmanNet saytiga bergan intervyusida.

Ukraina hukumatidagi Umerovga tanish bo‘lgan manba «Meduza»ga aytishicha, «Rustem — qrim tatar elitasining yosh avlodi vakilidir»: «Ukraina hukumati va biznesidagi bu yigitlarning bobolari va otalari o‘z xalqi huquqlari uchun kurashgan. Masalan, Mustafo Jyemilev kabi».

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Emine Japarova, Ukraina prezidentining Qrim bo‘yicha vakili Tamila Tasheva, shuningdek mudofaa vazirligidagi yana bir necha kishilar ham shu avlodga mansubdir. «Bu Qrim va „Qrim platformasi“ning o‘ziga xos lobbisidir — ular Qrim hamisha Ukraina tarkibida bo‘lishi uchun kurashishadi. Bu uning [Rustem Umerovning] hayoti va faoliyatining muhim qismidir», — deydi u.

Turkiya va arab mamlakatlari bilan muzokarachi

Keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin, 2022 yil bahorida Umerov Belarus va Turkiyada bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralarida qatnashgan. Masalan, u 2022 yil 29 martida Istanbulda o‘tgan uchrashuvda bor edi, o‘shanda Kiyev Moskvaga tinchlik kelishuvida Qrim bo‘yicha pozitsiyasini qayd etishni taklif qilgandi.

Turk tilini yaxshi bilgani va Turkiya bilan aloqalari Umerovga Anqara tez-tez vositachi va platforma bo‘lib kelgan Rossiya bilan muzokaralarda qo‘l keldi, deydi nashrning Ukraina kuchishlatar tuzilmalariga yaqin manbasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Umerov Turkiya TIV rahbari  (o‘tmishda esa Turkiya razvedkasi rahbari bo‘lgan) Hoqon Fidan bilan yaxshi aloqalar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan. 

Umerovning turk siyosatchilari bilan aloqalari haqida «Meduza»ning Ukraina hukumatidagi manbasi ham tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, siyosatga kirib kelishidan oldin Umerov Turkiyaning Turkcell kompaniyasida investitsiya bo‘yicha maslahatchilik qilgan (Turkcell — Turkiyadagi eng yirik mobil aloqa operatori; u Ukrainadagi Lifecell kompaniyasini ham o‘z ichiga oladi, Umerov esa o‘z faoliyatini aynan shu kompaniya menejmentida boshlagandi).

Muzokaralar vaqtidagi zaharlanish voqeasi

Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuvlardan biri vaqtida, 2022 yil martida, Umerov zaharlangani taxmin qilinadi. Bellingcat loyihasiga ko‘ra, bu 2022 yil 3 mart kuni kechqurun o‘tkazilgan muzokaralar raundida ro‘y bergan. O‘shanda, taxminlarga ko‘ra, muzokaralarda norasmiy ravishda ishtirok etgan rossiyalik oligarx Roman Abramovich hamda jarayonning shaxsi oshkor etilmagan yana bir ishtirokchisi ham zaharlangani aytiladi.

«O‘sha kechaning o‘zida muzokarachilar guruhining uch a’zosi Kiyevdagi kvartiraga qaytib kelishdi va birinchi alomatlarni boshdan kechirishdi, jumladan ko‘z  va teri yallig‘lanishi hamda ko‘zda qattiq og‘riq», — deyishgan surishtiruvchi jurnalistlar. Amerikaning The Wall Street Journal gazetasi ham muzokaralarning uch nafar ishtirokchisida zaharlanishning shu kabi alomatlari kuzatilgani haqida yozgan. 

Ekspertlar bu alomatlar, katta ehtimol bilan noma’lum kimyoviy quroldan zaharlanish oqibati bo‘lgan, degan xulosaga kelishgan. Ammo zaharlanishning aniq sababini aytish imkonsiz — voqea joyida maxsus laboratoriya qurilmasi bo‘lmagan. «Ekspertlarning ta’kidlashicha, qo‘llangan toksin dozasi hayotga xavf tug‘diradigan zarar yetkazish uchun yetarli bo‘lmagan va katta ehtimol bilan, maqsad jabrlanuvchilarga o‘nglab bo‘lmas darajada zarar yetkazish emas, balki ularni shunchaki qo‘rqitib qo‘yish bo‘lgan», — deya yozgan Bellingcat.

Avvaliga Umerov o‘zining zaharlanish faktini tan olmaydi, ammo keyinroq bilvosita tasdiqlagan. «Ayni vaqtda barchasi yaxshi, qiyinchiliklar yo‘q. Men allaqachon ishdaman. Qaysidir pallada nimadir bo‘ldi, men o‘zimga tashxis qo‘ya olmayman yoki shaxsiy fikrimni bildira olmayman, masala juda nozik», — degandi u 2022 yil aprelida Ukrainaning New Voice nashriga bergan intervyusida, ammo tafsilotlarni ochiqlamagan. Zaharlanganidan so‘ng Umerov muzokarachilar safini vaqtincha tark etgan, deb yozadi Rossiyaning «Agenstvo» nashri muzokaralarning boshqa ishtirokchisiga tayangan holda.

Bundan tashqari, Ukrainadagi Forbes nashriga ko‘ra, 2023 yil martida Umerov birinchi ledi Yelena Zelenskayaga Birlashgan Arab Amirliklariga safar chog‘ida hamrohlik qilgan, may oyida esa — Volodimir Zelenskiyning Saudiya Arabistoniga safariga birga borgan. Umerov Ukraina prezidentining 2023 yil iyulida Saudiya Arabistoni hukumati vakillari bilan uchrashuvini tashkil etishda ham ishtirok etgan.

Bu aloqalar Umerovga prezident ofisi va uning rahbari  Andrey Yermakka Yaqin Sharq va Global Janub bilan ishlash bo‘yicha strategiyani qurishda yordam beradi, deydi Umerov bilan tanish bo‘lgan ukrainalik mulozim: «Rustemning xizmatlari tufayli Ukraina uchun o‘ta muhim ishlar bo‘lib o‘tdi. Bular asirlarni almashish, jumladan, azovchilarimiz taqdiridagi ishtiroki, shuningdek prezident Zelenskiyning Arab davlatlari ligasi sammitida [2023 yil 19 may] ishtirok etishini ta’minlash — bu Ukraina tarixida birinchi bor bo‘lgandi. Rossiyaning bu mamlakatlarga ta’sir darajasini tushunamiz — shunga qaramay, prezidentning undagi ishtiroki bo‘lib o‘tdi». Aynan Umerov Ukrainaning musulmon dunyosi bilan ikki tomonlama aloqalari o‘rnatilishida muhim rol o‘ynaydi, deya qayd etadi u.

Ukrainaning «Babel» nashri yozishicha, Umerov «g‘alla kelishuvi» bo‘yicha muzokaralarda ham qatnashgan.

«Meduza»ning Ukraina kuchishlatar tuzilmalariga yaqin suhbatdoshi tasdiqlashicha, Umerov o‘tgan yil sentabridagi yirik asirlar almashinuvi jarayonida Saudiya Arabistoniga uchib borgan. O‘shanda Turkiya va Saudiya Arabistoni vositachilik qilgandi. Bu jarayon doirasida azovchilarning qo‘mondonlari va xorijlik yollanma jangchilar asirlikdan ozod etilgandi.

Umerovning asirlar almashish jarayonidagi o‘rni haqida Ukrainadagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish markazi» jamoat tashkiloti rahbari Vitaliy Shabunin ham yozgan. «2022 yil fevralidan buyon Umerov — harbiy asirlarni ozod qilish bo‘yicha yopiq muzokaralar olib boruvchi guruhning muhim a’zosidir — biznikilardan ikki mingdan ortiq kishi, jumladan „Azovstal“ jangchilari ozod etilgan», — deya qayd etgan u.

Umerovning tayinlanishi Kiyevning urushga bugungi kundagi yondashuvi haqida ko‘p narsani anglatadi, deb hisoblaydi Ukraina hukumatidagi manba. Bir tomondan, bu Qrim Ukraina uchun naqadar muhimligini ko‘rsatadi. So‘nggi vaqtlarda Ukraina urushni tugatish uchun hududlarining bir qismidan voz kechishini taklif qilayotganlar paydo bo‘lmoqda. Bunday taklif bildiruvchilarga mudofaa vazirini ro‘para qilish mumkin. Boshqa tomondan — Umerov — xalqaro platformalarda Zelenskiyning «tinchlik formulasi»ning eng faol promouterlaridan (targ‘ibotchilaridan) biri, deya davom etadi u.

Zelenskiy G20 davlatlari yetakchilariga «tinchlik formulasi»ni 2022 yil noyabrida taqdim etgandi. Unda o‘nta tamoyil o‘rin olgan: yadroviy, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi; «barchani barchaga» formulasi bo‘yicha asirlar almashuvi; 1991 yilgi chegaralar doirasida Ukraina yaxlitligini tiklash; Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish va harbiy harakatlarni to‘xtatish; Rossiya bo‘yicha tribunal tashkil etish; tabiatni muhofaza qilish va kelgusi eskalatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslik — va urush yakunlangani haqida hujjatni imzolash. «Tinchlik formulasi» Ukraina prezidenti ofisi tomonidan TIV ishtirokida tuzib chiqilgan. Rustem Umerov uni xalqaro maydonlarda targ‘ib etish bo‘yicha yordam bergan.

«Ukrainaning yangi mudofaa vaziri — yaxshi diplomat. U boshqa mamlakatlarni Ukrainaning „tinchlik formulasi“ga faollik bilan jalb etadi. Birinchi navbatda, urushdagi pozitsiyasini hali aniqlashtirib olmaganlar uchun, — bu Global Janub, arab dunyosi, Afrika va Osiyo», — deydi nashr bilan suhbatlashgan ukrainalik siyosatchi. «Unisini ham, bunisini ham men Rossiya uchun yaxshi yangilik deb bilmayman», — deya xulosa qiladi u.

«Kassa yig‘adigan» «kuchli boshqaruvchi»

2019 yilda Umerov muxolifatchi Svyatoslav Vakarchuk tomonidan asos solingan «Golos» partiyasidan Oliy rada deputati etib saylanadi. Parlamentda u iqtisodiyot va milliy ozchilik masalalari bilan faol shug‘ullanadi, o‘nlab qonun loyihalari ishlab chiqilishida qatnashadi.

2022 yil 7 sentabrida Rada Umerovni davlat aktivlarini xususiylashtirish, ijaraga berish va foydalanishga mas’ul agentlik — Davlat mulklari jamg‘armasiga rahbar etib tayinlaydi. «[Davlat mulklari jamg‘armasiga] rahbarlik qilish taklifi prezidentdan harbiy asirlar va qurollar bo‘yicha hisobot topshirish chog‘ida bo‘ldi», — degandi Umerov 2022 yil oktyabrida Ukrainaning Forbes nashriga bergan intervyusida.

Rustem Umerov fonddagi asosiy maqsadlaridan biri sifatida urush holatidagi Ukrainaga ko‘proq xorijiy investitsiyalar jalb qilish ekanini aytgan. «Umerov — tizim qanday ishlashi va bu tizimni qanday qurish to‘g‘ri ekanini tushunadigan kuchli boshqaruvchi. Fond boshqaruvidagi bir yil davomida u katta natijalarga erishdi, bu yerda avvalgi o‘n yilliklarda bo‘lmagan nazorat- kassa mashinasini yaratdi, — ko‘p jihatdan o‘zining biznes yondashuvi evaziga. Yaxshi investorlarni topdi, [Ukraina] aktivlarini sota boshladi», — deya sanaydi hukumatdagi manba.

Uning fikricha, bu sifatlarning barchasi yangi mudofaa vaziriga boshlangan islohotlarni davom ettirishda yordam beradi. Ular orasida — yaqinda tashkil etilgan Mudofaa xaridlari agentligi ishini yo‘lga qo‘yish va Mudofaa vazirligini raqamlashtirish ham bor.

Mudofaa vazirligi uchun yangi odam

Ukraina kuchishlatar tuzilmalariga yaqin manbaning ta’kidlashicha, Umerov ayni vaqtda mamlakatdagi eng qudratli shaxs sifatida ko‘riluvchi Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak bilan «yaxshi munosabatlarga ega bo‘lmasdan» vazirlikka tayinlanmagan bo‘lardi. Bunda  Ukrainaning xalqaro hamkorlarining qo‘llovi ham alohida rol o‘ynagan. Xususan, Umerovning nomzodini korrupsiyaga qarshi faollar va jamoat tashkilotlari — xususan, Vitaliy Shabunin va Darya Kalenyuk faollik bilan targ‘ib qilgan — va bu haqda g‘arblik hamkorlar bilan ham gaplashishgan.

«Umerov — [Ukraina] mudofaa vazirligi uchun yangi odam. Unda harbiy ta’lim va mudofaa vazirligi liniyasi bo‘yicha tajriba yo‘q. Ammo ko‘ramiz. Bosh ishlaydi, qolganlari bo‘laveradi», — degan manba.

Umerovning tayinlanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy harakatlarga ta’sir ko‘rsatmaydi. «Nima bo‘lganda ham, 2018 yilda mudofaa kuchlari to‘g‘risida qabul qilingan qonunga ko‘ra, Ukrainada mudofaa vazirligi rahbari harbiy bo‘lmagan shaxs bo‘lishi kerak», deydi manba. 

Mudofaa vaziri budjet va armiya logistikasig, mukofotlar, strategik masalalarga javob beradi, urush olib borish bilan esa Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni shug‘ullanadi — ayni vaqtda bu Valeriy Zalujniy. Armiyaning resurslarga talabini esa Bosh shtab belgilaydi.

«Shunday ekan Umerov harbiy harakatlarga rahbarlik qilmaydi, balki e’tiborini harbiy sanoat kompleksi masalalari, Ramshtayn bo‘yicha muzokaralar va hokazolarga qaratadi», deya xulosa qiladi manba.

Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov iste’foga chiqish to‘g‘risidagi arizasida Ukrainaning ustuvor vazifalaridan biri haqiqiy xavfsizlik kafolatlari va mudofaa salohiyatini ta’minlash uchun asosiy ittifoqchilar bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘lishini ta’kidlagan.

Bu bilan esa Umerov shug‘ullanishi kutilmoqda — aniqrog‘i, Vitaliy Shabuninga ko‘ra, shug‘ullanishda davom etadi. «Umerov urushning birinchi kunlaridanoq ommaga oshkor etilmagan mamlakatlardan og‘ir qurollarni yetkazib berish bo‘yicha yopiq trekda ishlagan», degan u.

«Umid qilamizki, u mudofaa vazirligini kuchaytiradi. Chunki bunga qadar shunday tasavvur hosil bo‘ldiki, bizning bu idora rahbarligi bo‘yicha uncha omadimiz kelmagan — biz o‘zimizning barcha muammolarimizni ichkaridan tushunamiz», — deya tan oladi «Meduza»ning Ukraina kuchishlatar tuzilmalariga yaqin manbasi.

U mudofaa vazirligi bilan bog‘liq qator korrupsiya mojarolari Reznikovning iste’fosiga olib kelganini qayd etadi.

«Mudofaa vaziri shartnomalarda bunday ishlarga yo‘l qo‘ydi va u buni nazorat qilmasligini da’vo qiladi, lekin bu vaqtda butun dunyo Ukrainaga dronlar uchun [xayriya qilmoqda], ko‘ngillilar [g‘alabaga] yaqinlashtirish uchun yordam bermoqda… Albatta, [Reznikovga] ishonch so‘ngandi», — deya xulosa qiladi u.

Mavzuga oid