Pistorius: Ukrainaga NATOdan xavfsizlik kafolatlari kerak
Ukrainada tinchlikka xalqaro xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lgandagina erishish mumkin, deydi Germaniya mudofaa vaziri. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga Taurus qanotli raketalarini yetkazib berish masalasi bir necha hafta ichida hal bo‘ladi.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Ukrainada tinchlikka xalqaro xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lgandagina erishish mumkin, deb hisoblaydi. «Ushbu kafolatlarning muhim jihati Ukrainani qurolli kuchlar modernizatsiyasi va islohotida qo‘llab-quvvatlash haqidagi va’damizdir», dedi u 15 sentabr, juma kuni Myunsterda Kiyev meri Vitaliy Klichko ham ishtirok etgan birinchi Vestfaliya tinchlik konferensiyasi ochilishida.
Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, NATO-Ukraina kengashining tashkil etilishi Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilishi imkonini beradigan yaqin hamkorlik yo‘lidagi muhim qadamdir. «Kengash siyosiy darajada birgalikda qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Hamkorligimiz qanchalik jadal bo‘lsa, NATOga yo‘l shunchalik tez bo‘ladi», - dedi u.
Boris Pistoriusning qayd etishicha, shu sababli alyans, Ukraina misolida, NATOga taklif yuborishdan oldingi oxirgi bosqich – alyansga a’zolik bo‘yicha yo‘l xaritasidan voz kechishga qaror qilgan. «Chunki biz Ukrainaning NATOga yo‘lini imkon qadar osonroq qilishni xohlaymiz», - deya ta’kidladi u hamda kelgusi haftada Ukraina va NATO hamkorlari Germaniyadagi Ramshtayn bazasida Kiyevni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilishini eslatib o‘tdi.
Taurus qanotli raketalarini yetkazib berish
Germaniyaning Taurus qanotli raketalarini Ukrainaga yetkazib berish masalasiga to‘xtalgan Pistorius, bu bir-ikki hafta ichida hal qilinishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, kechikish Germaniya hukumati ikkilanayotganini ko‘rsatmaydi. «Germaniya Federativ Respublikasi bu ehtiyotkorlikni ko‘rsatishi kerak, garchi ukrainalik do‘stlarimizga tushunish qiyin bo‘lsa ham», dedi vazir.
Pistorius tushuntirishicha, Germaniya har bir qadamdan oldin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni hisoblashi kerak. «Taurus raketalari hozirgacha Ukrainaga yetkazib berilgan barcha qurollardan uzoqroq masofaga ega, u yuqori texnologiyali sanoat mahsuloti, biz bu yerda qahva mashinasini dasturlash haqida gapirmayapmiz. Germaniyada bu raketalarning 500 ga yaqini bor, ularning yarmi modernizatsiya qilinmagan, qolgan yarmi esa dasturiy ta’minotni yangilashga muhtoj», dedi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari.
Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazib berish imkoniyati haqida hozircha vazminlik bilan gapiryapti. Bir kun oldin Germaniya Bundestagining hukmron partiyalardan bir qator deputatlar Sholsga murojaat qilib, bunday yetkazib berishni amalga oshirishga chaqirdi.
Klichko Germaniyani yana Kiyevga raketa yetkazib berishga chaqirdi
Kiyev meri Vitaliy Klichko Germaniyani yana Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazib berishga chaqirdi. «Bizga bu raketalarni yuboring», deb yozadi u Bild gazetasi uchun 15 sentabrda chop etilgan maqolasida.
Klichko Sholsning bu masalada ikkilanishiga tushunish bilan qaradi. «Biz nemis jamoatchiligiga ko‘proq yordamga ehtiyoj borligini tushuntirish qanchalik qiyinligini bilamiz», deb yozgan u, ammo «Rossiyaga qarshi nihoyatda qiyin qarshi hujum» tufayli Ukraina Taurus raketalariga muhtojligini ta’kidladi.
Bundesver missiyalarini kengaytirish
Boris Pistorius ham Vestfaliya tinchlik konferensiyasida so‘zga chiqib, Germaniya Yevropadan tashqaridagi xalqaro muammolarni hal qilishda ishtirokini kuchaytirishga va’da berdi. «Yevropaliklar kelajakdagi dunyo tartibi haqida gap ketayotganda jim o‘tira olmaydi. Biz butun dunyo bo‘ylab gegemon kuchlar suveren davlatlar va xalqlarni o‘z irodasiga bo‘ysundirishini passiv kuzatmasligimiz kerak», - dedi u.
Shu munosabat bilan, Pistorius Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga va Xitoyga ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Hind-Tinch okeani mintaqasida o‘z ambitsiyalarini «qattiq va ba’zida o‘ylamasdan» amalga oshirmoqda.
«Germaniya Yevropa qit’asidan tashqariga qarashi va iloji bo‘lsa, boshqa mintaqalardagi ishtirokini kuchaytirishi kerak. Eng muhimi, Germaniya yetakchi savdo davlati sifatida xalqaro yuk tashish yo‘llari va ta’minot zanjirlari xavfsizligiga bog‘liq», deb tushuntirdi Boris Pistorius.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024