Jahon | 10:27 / 19.09.2023
13025
4 daqiqa o‘qiladi

FT: Rossiya g‘arb firmalarining 18 mlrd dollarlik foydasini bloklab qo‘ydi

Birgina 2022 yilning o‘zida Rossiya bozorida qolgan «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlar kompaniyalari 18 mlrd dollar foyda oldi va bu pulni mamlakatdan olib chiqa olmayapti, deb yozadi Financial Times KIM ma’lumotlariga tayanib. 

Foto: Oleg Xarseyev / Kommersant’

Financial Times nashrining yozishicha, Rossiya hukumati Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng mamlakatni tark etmagan g‘arb ishlab chiqaruvchilari uchun foyda olish imkoniyatini to‘sib qo‘ygan. Nashr 18 sentabr, dushanba kuni Kiyev iqtisodiyot maktabi (KIM) ma’lumotlariga tayanib yozishicha, 2022 yilda Rossiyada xorijiy firmalar ishlab topgan jami 20 milliard dollarning 18 milliard dollari «do‘st bo‘lmagan» deb ataluvchi mamlakatlar kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

2022 yilda Rossiyada xorijiy firmalarning umumiy yalpi daromadi 217 milliard dollarni tashkil etdi, shundan 199 milliard dollari «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlar kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri keldi. «Rossiyada o‘nlab milliardlab dollar qolib ketgan. Ularni olib chiqishning iloji yo‘q», dedi «do‘st bo‘lmagan mamlakat»dan yirik kompaniyaning ijrochi direktori FT’ga. Shu bilan birga, eng katta foydani Amerika (4,9 milliard dollar) va Germaniya (2,4 milliard dollar) kompaniyalari, alohida firmalar orasida esa Avstriyaning Raiffeisen Bank banki (2 milliard dollar), Amerikaning Philipp Morris (775 million dollar) va PepsiCo (718 million dollar), shuningdek, Shvetsiyaning yuk mashinalari ishlab chiqaruvchi Scania (621 million dollar) shirkati olgan. 

Rossiya hukumatlarga bosim o‘tkazish uchun g‘arb firmalarining pullaridan foydalanishi mumkin 

Rossiyada «do‘st bo‘lmagan» deb tan olingan davlatlarga bosim o‘tkazish maqsadida Kreml kompaniyalarning pullarini bloklab qo‘ydi. Bu 2022 yilda «do‘st bo‘lmagan» mamlakatlar kompaniyalariga dividendlar to‘lash taqiqlanganidan keyin sodir bo‘ldi, deb xabar qilmoqda FT. Gazeta qayd etishicha, bu qoidadan istisnolar bo‘lishi mumkin, ammo ular kam. Nashrning yozishicha, Rossiya rasmiylari bunday operatsiyalar uchun ruxsatnomalardan «yaxshi xulq-atvor», jumladan, Rossiyada qolish istagi uchun mukofot sifatida foydalanadi. 

Berlindagi Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari Karnegi markazi ilmiy xodimi Aleksandra Prokopenkoga ko‘ra, Moskva Rossiyadan pullarini qaytarishga intilayotgan g‘arb firmalaridan Rossiya aktivlarini olish uchun g‘arb davlatlari rasmiylariga bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishga urinishi mumkin. 

Shu bilan birga, ayrim kompaniyalar ushbu mablag‘larni Rossiyadan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, Amerikaning Mars korporatsiyasi Rossiyadagi shu’ba korxonasi bosh konserniga dividendlarning 56,1 foizini to‘lab, «ularni o‘z qarzlaridan qoplagan», deya ta’kidlanadi ma’lumotda. «Do‘st» mamlakatlarning ba’zi kompaniyalari ham Rossiyadan pullarini olib chiqib ketishda muammolarga duch kelyapti, deb ta’kidlaydi FT. 

Nashr, shuningdek, ko‘plab xorijiy kompaniyalar o‘z rus biznesini sotishga uringanini eslatib o‘tdi, biroq har qanday bunday bitim Rossiya rasmiylarining roziligini talab qiladi va Rossiyadagi xaridorlar uchun sezilarli chegirmalarni nazarda tutadi. Bundan tashqari, avvalroq Rossiyaning g‘arb firmalari Rossiya biznesini milliylashtirish rejalari haqida xabar berilgan edi. Iyul oyida Putinning Danone kompaniyasining Rossiyadagi filialini davlat boshqaruviga o‘tkazish haqidagi farmoni haqida ma’lum bo‘ldi. 

Mavzuga oid