Ota-onasiga prezidentdan rahmat olib bergan yigit. Harvard universitetining oqdaryolik talabasi haqida
Oqdaryolik Shodiyorxon Abdivoyitov dunyoning kuchli beshtaligiga kiruvchi Harvard universiteti talabasi. U Amerikada qolishi yoki Toshkentdagi nufuzli kompaniyalarda ham ishlashi mumkin edi. Ammo Shodiyorxon olgan bilimlari va moddiy imkoniyatini o‘zi tug‘ilib o‘sgan oqdaryolik yoshlarning ilm olishiga sharoit yaratish uchun yo‘naltirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida bir guruh oqdaryolik faollar bilan uchrashdi. Ular orasida “Joy akademy” o‘quv markazi asoschisi, Harvard universiteti talabasi Shodiyorxon Abdivoyitov ham bor.
Shodiyorxon prezident bilan uchrashish haqida o‘ylaganmidi? Prezident unga nima dedi? Bu uchrashuv yosh yigitga nima beradi? Nega u otasining tadbirkorligini davom ettirmadi va ilm oldi?
Shodiyorxon va uning ota-onasi bilan suhbatimiz shu kabi savollar atrofida kechdi.
Shodiyorxon Abduvoyitov o‘zining bugungi muvaffaqiyati zamirida oila, bog‘cha, maktab ta’siri katta bo‘lganini aytdi.
“Oqdaryo tumanidagi 52-IDUMda tahsil oldim. O‘qituvchilarimizga rahmat aytaman, erta tongdan kun botguncha biz bilan ishlashardi. O‘sha mehnatlar samarasi bilan Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga o‘qishga kirdim. O‘qishim davomida turli joylarda ishladim, xalqaro kompaniyalar bilan ham onlayn ishlab ko‘rdim. Bularning hammasi men uchun tajriba bo‘ldi.
Menda poytaxtda qolib ishlash imkoniyati hamisha bo‘lgan. Biroq o‘zim tug‘ilib o‘sgan Oqdaryoning Pichoqchi mahallasida o‘quv markazimni tashkil qildim. Shu chekka joylardagi tengdoshlarim, yaqinlarim avvalo ilm o‘rgansin, salohiyati oshsin, dedim. Shukur, mana, ikkita hududda filiallarimizni tashkil qilish arafasida turibmiz. Odatda bunday markazlar poytaxtda tashkil qilinib, keyinchalik hududlarda ochiladi. Bizda teskarisi bo‘ldi. Barcha hududlarda “Joy akademy” o‘quv markazi filiallarini tashkil qilmoqchiman.
Nasib qilgan ekan, Harvard universiteti talabasi bo‘ldim. Men dunyoning eng nufuzli universitetida tahsil olib, vatanimga qaytmoqchiman. O‘rganganlarim, bor salohiyatimni yurtimiz ravnaqi uchun tikishni niyat qilyapman.
Shunchaki, xorijda yashash niyatim yo‘q. Bir kishining boy bo‘lishi, yaxshi yashashi bilan baxtga erishib bo‘lmaydi”, – deydi Shodiyorxon.
“O‘g‘lim prezident bilan uchrashdi. Davlat rahbari o‘g‘limga alohida ta’kidlabdi: ota-onangga, senga tarbiya berganlarga rahmatimni, salomimni yetkazib qo‘y, debdi. Bu so‘zlardan boshim osmonga yetdi, nihoyatda faxrlandim”, – deydi Tolibxon Abdijalilov.
Tolibxon akaning qo‘shimcha qilishicha, farzandlarida dastlab o‘zining orzularini ko‘rishni istagan. Zamonaviy bilim olib, xorijiy tillarni o‘rgansa, o‘zining yoniga kirib tadbirkorlik qilishidan umid qilgan. Biroq farzandlari ko‘proq ilm yo‘lini tanlamoqda. Shunday bo‘lsa-da, farzandlarining qaroridan quvongani, farzand kelajagi uchun tikilgan sarmoya eng yaxshi sarmoya ekanini bildirdi.
Shodiyorxon davlat rahbari bilan uchrashuvini izohlar ekan, bu muloqot unga shunchaki faxr beribgina qolmay, kelgusida yanada yaxshi natijalarga yetaklashi, katta ruhiy rag‘bat ekanini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024