O‘zbekiston | 15:03 / 28.09.2023
21487
2 daqiqa o‘qiladi

Sergelidagi yong‘in 8 soat davom etgan - FVV

Sergelidagi omborxonada chiqqan yong‘in 8 soat davom etgan, uni bartaraf etish ishlariga FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilingan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston FVV Sergeli tumanida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, soat 2:48 da voqea joyiga yetib kelgan yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 05:02 da yong‘inni qurshab olgan, soat 10:47 da batamom o‘chirilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida favqulodda vaziyatni o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzildi.

Yong‘in joyiga O‘zbekiston bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘i A.Aripov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi xizmatlarning rahbarlari chiqqan.

Voqea joyida tegishli tashkilot va xizmatlar hamkorligida tezkor shtab tashkil etildi. 

Yong‘inni bartaraf etish ishlariga FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilindi. Dastlabki o‘rganish ishlariga ko‘ra, 15 ming kv.m omborxona maydonida yong‘in o‘chirilib, 30 ming kv.m maydoni saqlab qolindi.

Vaziyat to‘liq nazoratga olinib, hozirda uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari va moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari Toshkent shahar prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda.

Mavzuga oid