Jahon | 21:35 / 29.09.2023
21577
5 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: ukrainlarda yurishni davom ettirish uchun vaqt kam qolmoqda

Kichik qishloqlar uchun janglardagi g‘alabalar Ukraina qurolli kuchlarining katta muvaffaqiyatini ta’minlamadi. Tez orada kuzgi yomg‘irlar boshlanadi - bu esa qarshi hujum vazifalarini yanada murakkablashtiradi.

Foto: Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari og‘ir janglar evaziga mamlakat janubidagi Rabotine qishlog‘i (Orexiv yo‘nalishi) hamda Baxmut atrofidagi Kleshchiyevka va Andriyivkani egallaganidan keyin ularning yurishi to‘xtab qoldi. Ushbu kichik aholi yashash manzillari uchun janglardagi g‘alaba front chizig‘i yorib o‘tilishiga olib kelmadi: Rossiya qo‘shinlari shunchaki yangi mudofaa marralariga surildi. Oldinga yurishda davom etish uchun ukrain armiyasi yana bir qancha qishloqlarni egallashi kerak bo‘ladi, bu hududlar esa RF qurolli kuchlari tomonidan mustahkam istehkomga aylantirilgan. Ukraina qo‘mondonligi front chizig‘ini yorib o‘tish uchun navbatdagi urinishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bir haftadan keyin Ukraina sharqi va janubida kuzgi yomg‘irlar boshlanishi kutilmoqda, bu esa nafaqat manyovrli harbiy harakatlar amalga oshirishni, balki oldingi chiziqqa o‘q-dori va yuklar yetkazib berishni ham qiyinlashtiradi. 

Orixiv yo‘nalishi

  • Ukraina QK yurishi Rabotine (ukrain armiyasi bu qishloqni avgust oyida ozod etgandi) — Novoprokopivka (Ukraina QK qishloq chekkalariga chiqqan, ammo barcha hujumlar qaytarilgan) — Verbove (uning chekkalarida janglar avgustdan buyon davom etmoqda, ammo ukrain kuchlari sharq tomon siljishga muvaffaq bo‘la olmayapti) uchburchagida ushlanib qolgan.
  • Ukraina qo‘mondonligi turli taktikalarni qo‘llab ko‘rmoqda. Asosan zirhli mashinalar bilan front chizig‘iga eltib tashlangan piyodalarning kichik guruhlari bilan hujumlar qilinmoqda. Artilleriya bilan muvofiqlikda harakatlanayotgan piyodalar RF qurolli kuchlarining navbatdagi tayanch punklarini egallashga va bu yerlarda o‘rnashib qolishga urinmoqda. Ushbu nisbatan muvaffaqiyatli taktikaning o‘z kamchiliklari ham bor: u raqib mudofaa tizimini buzishi mumkin bo‘lgan chuqur kirib borishlarni istisno etadi. Yana bir kamchilik — jonli kuchda yo‘qotishlar muqarrarligi. Shuning uchun Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklar mudofaasiga vaqti-vaqti bilan mexanizatsiyalashgan kichik bo‘linmalar bilan ham hujum uyushtirmoqda, ammo bunday hujumlar, qoidaga ko‘ra, muvaffaqiyat keltirmaydi (ammo shusiz ham taqchil bo‘lgan texnikadagi yo‘qotishlarni oshiradi).

  • Ukraina guruhining yana bir muammosi o‘q-dorilarni oldingi chiziqlarga yetkazib berish va yaradorlarni evakuatsiya qilish bilan bog‘liq. Ukraina QK yurishi davomida Orixivning janubiy chekkalaridan Novoprokopivkagacha hosil bo‘lgan 10 kilometrlik «bo‘rtig‘i»da ukrain texnikalari bemalol harakatlana olmaydi: ular raqib artilleriyasi, tankka qarshi raketa komplekslari va dronlariga nishon bo‘lishadi. Bu esa ukrain armiyasiga yurish uchun kuch to‘plashga xalal beradi. Shu bilan birga, rossiyaliklarning ham front ortidagi texnikalari shu kabi muammolarga duchor bo‘lishgan.
  • Qizig‘i shundaki, ukrainlarning bu hududdagi oldingi pozitsiyalari «Surovikin chizig‘i»da egallab olingan istehkomlarga tayanadi — endilikda Rossiya armiyasi o‘tgan yil kuzidan buyon qazigan xandaqlar va blindajlar ukrain shturm guruhlari uchun boshpana sifatida xizmat qilmoqda.
  • Ukraina QK vaqti kelib rossiyaliklarni Novoprokopivka va Verbovedan ham siqib chiqarishi mumkin. Ammo raqib mudofaasi ichkarisiga chuqur kirib borishning ehtimoli kam. Kuzgi yomg‘irlardan keyin esa yurish qilish yanada murakkablashadi, bunday sharoitda mustahkam qoplamaga ega bo‘lmagan yo‘llarda texnika harakatlana olmaydi.

Baxmut fronti

  • Baxmutdan janubdagi Kleshchivka va Andriyivka egallab olinganidan keyin Ukraina qurolli kuchlari qarshisida RF qurolli kuchlarining Horlivka — Baxmut temiryo‘li bo‘ylab o‘tadigan yangi mudofaa chizig‘i paydo bo‘lgan. Ozod etilgan qishloqlarning o‘zi tepaliklar orasidagi tekislikda joylashgan. Bu rossiyaliklar uchun ularni himoya qilishni qiyinlashtirgandi (ularning harakatini g‘arbda joylashgan ukrainlar dronlarsiz ham ko‘rib tura olardi), endi esa ukrain shturm guruhlarining o‘zi xuddi shunday holatda qoldi: Kleshchiyevkadan sharqdagi tepaliklardan turib korrektirovka qilinayotgan Rossiya artilleriyasi temiryo‘l bo‘yidagi ukrain otryadlariga zarba berishmoqda.
  • Tarqalgan videolarga ko‘ra, ukrain qo‘shini temiryo‘lni Andriyivka hududida kesib o‘tishga urinmoqda. Ushbu yangi yurish muvaffaqiyatli chiqishi uchun, Ukraina qurolli kuchlari, katta ehtimol bilan janubroqdagi qishloqlar — Kurdyumovka va Otradovkaga hujum qilishi talab etiladi.

Mavzuga oid