O‘zbekiston | 12:19 / 30.09.2023
16916
7 daqiqa o‘qiladi

Akfa (CAU) universiteti atrofida nimalar bo‘lmoqda?   

Sobiq shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli loyihalardan biri bo‘lgan Central Asian University (avvalgi Akfa universiteti) Kuzatuv kengashiga uning qudasi, sobiq maslahatchi Abdujabbor Abduvohidov rais etib tanlangan. OTM rahbariyati o‘zgargach avvalgi rektorning faoliyati taftish qilina boshlangan. Bu Part-time dasturi talabalarining statusiga ham ta’sir qilgan. Yangi va sobiq rahbariyat o‘rtasidagi nizo talabalar taqdirida aks eta boshlagach vaziyat yanada chigallashgan.  

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Central Asian University (avvalgi Akfa) universiteti rahbariyati va ikki yillik tayyorgarlik kurslarini tamomlab, birdaniga ikkinchi kursga qabul qilingan talabalar o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro videolari tarqaldi.

Shuningdek, nizoli vaziyat borasida Kun.uz'ga universitet talabalari va ularning ota-onalaridan ham shikoyatlar kelib tushdi.

Ma’lum bo‘lishicha, tuzilgan shartnomaga asosan, maktab o‘quvchilari bir vaqtning o‘zida Part-time dasturi doirasida Akfa universitetining 1-kursini o‘qib tugatishi va maktabni bitirishi bilanoq universitetning 2-kursiga qabul qilinishi kerak bo‘lgan.

Ammo 2022-2023 o‘quv yilida mazkur dasturda o‘qigan talabalar yangi o‘quv yilida universitetning 2-kursiga qabul qilinmasligi va 1-kursni qaytadan o‘qishlari lozimligi aytilgan. Shundan so‘ng ma’muriyat va talabalarning ota-onalari o‘rtasida nizo kelib chiqqan.

Universitet rahbariyatining ko‘rsatmasiga asosan, part-time dasturini tamomlab, bu yil 2-kursda o‘qishni boshlashi kerak bo‘lgan talabalar ayni kunlarda darslarga qo‘yilmayapti. Ular bir o‘quv yili uchun 40 mln so‘m kontrakt to‘lagan.

Universitet bu holatni sobiq rektor tomonidan qonunbuzarliklar sodir etilgani va 2-kursga qabul qilingan talabalar o‘qishni davom ettira olmasligi, chunki bu qonunda ko‘zda tutilmagani bilan izohlagan.

Oliy ta’lim muassasasining Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotida ham yuzaga kelgan holatga universitetning avvalgi rahbariyati aybdor qilib ko‘rsatilgan.

«Bundan ikki yil avval Akfa universitetining sobiq rektori – 1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Bekzod Jalilov tomonidan “Study for the success” MChJni universitet ta’sischisidan yashirin holda, firibgarlik yo‘li bilan o‘ziga qo‘shimcha mablag‘ ishlash maqsadida jalb qilgan, amaldagi qonunlarga xilof yo‘l bilan ushbu MChJ nomidan ota-onalar bilan shartnomalar tuzgan. Shartnomaga muvofiq, ota-onalarga ularning farzandlari maktabning 10-11-sinflarida o‘qish bilan bir vaqtning o‘zida Akfa universitetining 1-kursini o‘qib tugatishi va maktabni bitirishi bilanoq universitetning 2-kursiga qabul qilinishi MChJ tomonidan va’da qilingan va ota-onalar ushbu xizmat evaziga MChJ hisobraqamiga muayyan to‘lovlarni qilishgan".

Ma’lumot uchun, “Central Asian University” MChJning bank hisobraqami «O‘zmilliybank» AJ Yashnobod filialida ochilgan. “Study for the success” MChJning bank hisobraqami esa Toshkent shahar Kapitalbank amaliyot boshqarmasida ochilgan”, deyiladi Central Asian University izohida.

Oliygoh ma’muriyatiga ko‘ra, bu MChJning Akfa universitetiga hech qanday aloqasi yo‘q, uni sobiq rektorning yaqin qarindoshi ochgan.

OTM mas’ullari, shuningdek, o‘quvchilarni maktabda o‘qib turgan vaqtida universitet dasturlariga qabul qilishni qonunchilikka zid deb hisoblamoqda. Ularning ota-onalarga ma’lum qilishicha, yuqoridagi dasturdan jabrlangan va qo‘lida shahodatnomasi bor bolalar uchun tez kunlarda 1-kursga qo‘shimcha qabul ochiladi.

Central Asian University’ning ushbu bayonotidan so‘ng muassasaning sobiq rektori Bekzod Jalilov bo‘lib o‘tgan hodisalarga munosabat bildirdi va o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni asossiz deb atadi.

“Study for the success MChJ 2015 yildan beri ta’lim xizmatlarini (litsenziya asosida) ko‘rsatib kelmoqda va talabalarni Toshkent shahridagi yetakchi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

2021 yildan boshlab Study for the success MChJ respublikaning boshqa ko‘plab ta’lim markazlari singari universitet bilan memorandum va hamkorlik shartnomasi asosida potensial talabalarni universitetga, jumladan, "Part-time" dasturi doirasida tayyorlagan hamda qabul imtihonlarini tashkil etgan.

Yuqorida qayd etilgan hujjatlarga ko‘ra, Akfa universiteti International Foundation Diploma for Higher Education Studies dasturini (biz uni Part – time deb ataganimizdek) muvaffaqiyatli tamomlagan talabalarga birinchi bosqichni o‘qimasdan ikkinchi bosqichga qabul qilinishni kafolatlagan. Sababi mazkur tayyorgarlik kursi foundation year’ga tenglashtirilgan.

Akfa universiteti muassislari, jumladan Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayevning o‘zi ham ta’lim muassasasining boshqa ta’lim muassasalari bilan hamkorligi haqida xabardor edi. Bundan tashqari, Jahongir Obidovichning jiyani Ortiqxo‘jayeva K. ham ushbu dasturda o‘qigan va o‘qish pulini universitet hisobiga emas, balki Study for the success MChJ hisobiga to‘lagan. Yuqoridagilarni inobatga olsak, muassislar bundan bexabar edi deyish noto‘g‘ri”, – deyiladi Bekzod Jalilovning bayonotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AKFA universiteti va boshqa o‘quv markazlari o‘rtasida ham Study for the success kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga o‘xshash hujjatlar imzolangan. Shartnomalarga ko‘ra, ushbu o‘quv muassasalarining kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar Akfa Universitetining 2-bosqichiga qabul qilingan. Yangi rahbariyatning taqiqi faqat Study for the success kompaniyasiga qaratilgani aytilyapti.

Jalilovning aytishicha, uning rektor lavozimidan ketishiga universitet kuzatuv kengashi raisi ekani aytilayotgan Abdujabbor Abduvohidov bilan o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, Abdujabbor Abduvohidov unga qo‘yilgan asossiz barcha ayblovlar va haqoratlar uchun omma oldida kechirim so‘rashi kerak.

Ta’kidlash lozim, Abduvohidov – qator lavozimlarda, xususan 2018-2022 yillarda O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi lavozimida ishlagani bilan jamoatchilikka tanish. AKFA universitetining sobiq rektori Bekzod Jalilov o‘z bayonotida davlat rahbaridan o‘zi va oilasi xavfsizligini ta’minlashni ham so‘ragan.

Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda ish doirasida tergov harakatlari davom etmoqda va unga sobiq rektor Bekzod Jalilov ham jalb qilingan. 

Mavzuga oid