Jamiyat | 15:37 / 30.09.2023
30375
8 daqiqa o‘qiladi

Miltiqdan o‘q yeb omon qolgan 5 yoshli bolakay – o‘zi nima bo‘lgandi?

Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanida voyaga yetmagan shaxs pnevmatik quroldan 5 yoshli bolani bexos otib qo‘ydi. O‘q bolakayning o‘pkasini yorib o‘tib, yuragining chap qorinchasiga kirib qolgan. 5 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyotida shifokorlar yurakni to‘liq to‘xtatib, o‘qni olib tashlagan. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan shifokorlar vaqt yo‘qotilganda bola halok bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Mo‘jiza tufayli tirik qolgan bolakay shifokorlar nazoratida bo‘lib muolajani uyida davom ettiryapti.

O‘q o‘pkani teshib o‘tib yurakning chap qorinchasiga qadalib qolgan edi

“Shifoxonaga 11 sentabr kuni 5 yashar Abdulloh Qodirov o‘q yegan holatda og‘ir ahvolda olib kelindi. Bolakayning qon bosimi va yurak urishlari notekis edi. Zudlik bilan uni jarrohlik stoliga oldik. 5 soat davom etgan jarayonda yurakni butunlay to‘xtatib o‘qni yurakning chap tomonidan olib tashlashga erishdik. O‘q yurakni teshib o‘tgani uchun yurakni to‘xtatishga majbur bo‘ldik. O‘q o‘pkani teshib o‘tib yurakning chap qorinchasiga qadalib qolgandi.

Kamoliddin Rahmanov va Davletbay Juginisov. Bola hayotini saqlab qolgan shifokorlar

Operatsiya jarayoni kechikkanida o‘q bosh miyagacha ta’sir ko‘rsatib bundan-da ko‘ngilsiz holatlar ham bo‘lishi muqarrar edi. Yurakni to‘xtatib ochib ko‘rganimizda o‘q atrofida tromb hosil bo‘lganining guvohi bo‘ldik. Tromb insultga ham olib kelishi mumkin edi”, – deydi shifokorlar Kamoliddin Rahmanov va Davletbay Juginisov.

Abdulloh Qodirov

Voyaga yetmagan shaxsning qo‘liga qurol qanday tushib qoldi? Bolakayning yaqinlari bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotlarini so‘zlab berdi.

Televizor ko‘rayotganimda qo‘shni mahallalik bola o‘g‘limni bexos otib qo‘ydi

“Hovlimiz orqasida joylashgan chorvachilik xo‘jaligida molboqar bo‘lib ishlayman. O‘sha kuni qorovulxonada televizor ko‘rib o‘tirgandim.

Ergashali Shomirov. Abdullohning otasi

Xo‘jalikda chiqadigan suvning boshqa joylarga qaraganda mazasi boshqacha. Shuning uchun aholi bu yerdan suv tashib ichadi. O‘sha kuni qo‘shni mahallada yashovchi 13 yoshli Javlonbek ham suv idishini ko‘targanicha qorovulxonaga kirib keldi. Bu paytda esa ikki o‘g‘lim uyda kechki ovqat tayyor bo‘lgani haqida xabar berish uchun meni chaqirgani keldi.

Pnevmatik qurol shu so‘ri tagida bo‘lgan
Chorva xo‘jaligi qorovulxonasi

Chorva xo‘jaligida qoramollar qatori parrandalar ham boqilayotgani sabab ularni yovvoyi itlardan himoya qilish uchun pnevmatik qurol saqlanadi. Shu qurol men o‘tirgan so‘rining tagida edi. Televizorga qiziqib ketib qo‘shni mahallalik bolaning shu qurolni qo‘liga olgani va kichik o‘g‘limga qarata o‘q uzganini bilmay qolibman.

Chorva xo‘jaligi

Hammasi bir zumda sodir bo‘ldi. Bolamning qo‘li qonga belanganini ko‘rdim xolos. Zudlik bilan Abdullohni kasalxonaga olib ketdik. Qo‘shni mahallalik bola ham ichida o‘q borligini bilmay qolgan. Vaziyatda hech kimni ayblamayman. O‘zimning beparvoligim pand berdi”, – deydi Abdullohning otasi Ergashali Shomirov.

Operatsiya oldidan shifokorlar o‘g‘lingizdan rozi bo‘linglar deb oldimizdan o‘tishdi

“O‘g‘illarim har kuni ovqat tayyor bo‘lgan mahal otasini ishxonasiga kirib chaqirib chiqardi.

Halima Shomirova, Abdullohning onasi

O‘sha kuni to‘ng‘ich o‘g‘lim yugurib kelib ukamni otib qo‘yishdi deb baqira ketdi. Karaxt bo‘lib qoldim. Chorva xo‘jaligiga kirsam Abdullohni mashinaga solib kasalxonaga olib ketishgan ekan. Orqasidan yetib bordim. U yerdan viloyat tez tibbiy yordam bo‘limiga olib ketdik.

Operatsiya oldidan shifokorlar har qanday holatga tayyor turishimizni, Yaratgandan duo qilib so‘rashimizni aytib bizdan rozi rizochilik olib chiqib ketishdi. 10 kun reanimatsiyada yotdik. Shukurlar bo‘lsin, o‘g‘lim Abdulloh ancha yaxshi endi. Barchasi ortda qoldi”, – deydi Abdullohning onasi Halima Shomirova.

“Katta nevaram ukamni otib qo‘yishdi deb baqirganicha uyga kirib keldi...”

“O‘g‘lim Ergashalining chorvachilik xo‘jaligiga ishga kirganiga endi 10 kun bo‘lgan edi. Ikki nevaram otasini kechki ovqatga aytish uchun kirgan.

Fotima Shomirova. Abdullohning buvisi

Suv olish uchun xo‘jalikka kelgan qo‘shni mahallalik bola kichik nevaram Abdullohni otib qo‘yib qo‘rqib qochib ketibdi. Katta nevaram ukamni otib qo‘yishdi deb baqirganicha uyga kirib keldi...

Avval tuman, keyin esa viloyat tez tibbiy yordam bo‘limiga olib bordik. Nevaramni Yaratganning o‘zi qaytib berdi. Operatsiya qilgan shifokorlarga ming rahmat. Abdulloh ancha o‘ziga kelib qoldi. Sog‘-omon kasalxonadan olib chiqdik”, – deydi Abdullohning buvisi Fotima opa Shomirova.

Pnevmatik qurol ko‘zdan pana joyda saqlanishi kerak emasmi?

“Usta bo‘lib ishlayman. Kechki payt ishdan qaytsam uyda IIB xodimlari bor ekan. 13 yashar o‘g‘limning esa es-hushi joyida emas, qo‘rquvdan titrardi.

Inomjon Qoraboyev. Abdullohni otib qo‘ygan bolaning otasi

Ichimlik suv olib kelish uchun fermaga borganida qorovullar ovqat yeyishga taklif qilishibdi o‘g‘limni. Keyin esa so‘ri tagida o‘qlanib turgan qurolni o‘ynab turib qorovulxonada o‘tirgan 5 yashar bolani otib qo‘yibdi.

Pnevmatik qurol kimniki bo‘lsa ham uni ko‘zdan pana joyda saqlashi kerak emasmi? Birgina e’tiborsizlikni deb qancha tinchimizni yo‘qotdik. Reanimatsiyadan qaytgan Abdullohning holidan xabar olib turibmiz. Yaxshiyamki, bolakay omon qoldi...”, – deydi Inomjon Qoraboyev.

Ayni paytda Abdullohning ahvoli yaxshi. Doimiy shifokorlar nazoratida. Hozirda holat yuzasidan Qo‘shtepa tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilyapti.

Qonunchilikka ko‘ra, o‘qotar qurolni va uning o‘q-dorilarini, shuningdek pnevmatik qurolni, tig‘li sovuq qurolni saqlash, olib yurish, tashish qoidalarini buzish inson o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, aybdor tegishli tartibda javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilgan.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid