Sport | 19:05 / 03.10.2023
28042
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Jalolov Osiyo o‘yinlari finaliga chiqdi

U xitoylik bokschini nokautga uchratdi. Finalda qozog‘istonlik Qo‘nqabayevga qarshi jang kutmoqda.

Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov Osiyo o‘yinlari finaliga yo‘l oldi.

Eng og‘ir vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Jalolov yarimfinalda xitoylik Bayikevuzi Danabiyekeni 1-raundning ilk daqiqasidayoq nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratishga erishdi.

Bu orqali u Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasini ham hal qildi, bu uning faoliyatidagi uchinchi Olimpiada bo‘ladi.

Jalolov turnirdagi birinchi jangida ham tojikistonlik Muhammad Abrordinovni nokautga uchratgandi. U endi 5 oktyabr kuni azaliy raqibi, qozog‘istonlik Qamchibek Qo‘nqabayevga qarshi oltin medal uchun jang qiladi.

O‘zbekistonlik bokschi jangdan keyin Sport telekanaliga bergan intervyusida havaskor va professional boks orasida harakatlanish qiyin bo‘layotgani, Parij-2024 Olimpiadasi uning havaskor boksdagi so‘nggi turniri bo‘lib qolishini bildirgan.

«Tan olishim kerak, qiyin bo‘lyapti. Chunki biz u yoqda 8-10 raundlik janglarga tayyorgarlik ko‘ramiz, u yoqda sal sekinroq, oyoqda turib harakatlanish kerak. Lekin havaskorda uch raundda ko‘p narsa hal bo‘lib ketishi mumkin. Shuning uchun biz iloji boricha barchasini shu vaqt ichida yakunlashimiz kerak.

Shu narsaga moslashishim sal qiyin bo‘lyapti. Osiyo o‘yinlaridan ikki oy oldin kelib, uch raundlik janglarda tayyorgarlik ko‘rdim, o‘rgandim, ancha o‘zimga kelib oldim. Lekin baribir bu juda qiyin ish.

Xudo xohlasa, Olimpiadaga boraman, Olimpiada o‘yinlari havaskor boksdagi oxirgi faoliyatim bo‘lishi kerak», degan bokschi.

 

Mavzuga oid