Jahon | 15:32 / 03.10.2023
24009
8 daqiqa o‘qiladi

Kosmosda 1 yildan ko‘proq – bu muddatda fazogirlarning suyaklari yemirila boshlaydimi?

NASA astronavti Frank Rubio fazoda joylashgan Xalqaro Kosmik stansiyada rekord darajada uzoq muddat - 371 kun yashadi. Bu sayohat uning mushaklari, miya faoliyatini va hatto ichaklaridagi yashovchi bakteriyalarni ham o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin.

Fotokollaj: Kun.uz

NASA astronavti Frank Rubio kosmosda 371 kunlik sayohatni amalga oshirdi. Bu — AQSh uchun rekord daraja, bundan oldin mamlakat uchun fazoda eng ko‘p qolish muddati 355 kun edi.

Frank Rubio bir yildan oshiq vaqt davomida fazoda 253,3 mln kilometrni bosib o‘tgan, Yer atrofida 5 963 marta aylangan. Shuncha uzoq davom etishiga qaramay uning sayohati 90 yillarda kosmosdagi “Mir” xalqaro stansiyasida 437 kun bo‘lgan rus kosmonavti Valeriy Polyakovnikidan taxminan 2 oy kamroq.

Valeriy Polyakov, kosmonavt

Yuzida tabassum bilan Yerga qaytgan kosmonavt Rubioni Qozog‘istonning Jyezkazg‘an shahri yaqiniga kelib qo‘ngach, qo‘nish joyidan kapsulada ko‘tarib olib ketishgan. Sababi Xalqaro Kosmik stansiyada uzoq vaqt past tortishish muhitida bo‘lish astronavtning tanasiga sezilarli ta’sir qilgan.

Frank Rubio Yerga qo‘ngan jarayon.

Frank Rubioning bir yildan oshiq davom etgan sayohati insoniyat uzoq vaqt fazoda bo‘lganda tanada qanday o‘zgarishlar bo‘lishi va yuzaga keladigan muammolarni qanday yengish mumkinligi haqida o‘rganishga yordam beradi. Rubio fazoda bo‘lib turganda sport jihozlari bilan mashq qilish inson tanasiga qanday ta’sir qilishini o‘rganishda qatnashgan birinchi kosmonavt bo‘ldi.

Insoniyat Quyosh sistemasini chuqurroq o‘rganishni reja qilayotgan bir paytda bunday tadqiqotlar juda muhim. Masalan, Marsni o‘rganish dasturi bo‘yicha fazoda 1100 kun – 3 yil bo‘lish reja qilingan. Marsga jo‘natiladigan kosmik kema Xalqaro Kosmik ctansiyadan kichikroq hajmda bo‘ladi va bu kemaga yengil va kichik hajmli sport jihozlarinigina o‘rnatish mumkin.

Tananing jismoniy tuzilishidan tashqari inson tanasiga uzoq vaqt kosmosda qolish qanday ta’sir qilishi ham qiziq.

Suyaklar va mushaklar qisqaradi

Qo‘l-oyoqlarimizga nisbatan doimiy tortishish kuchi bo‘lmasa, mushaklar va suyaklarimiz fazoda tezlik bilan qisqarishni boshlaydi. Eng ko‘p ta’sirlanadigan qismlar tanamizni tik tutishga yordam beradigan orqa, bo‘yin, boldir va sonning old taraf qismi hisoblanadi. Mikrogravitatsion muhitda tananing bu qismlarining ishlashi deyarli shart emas va tezlik bilan qisqarishni boshlaydi. Atigi 2 haftalik kosmosga sayohatdan so‘ng mushaklar 20 foizga, 3 oydan 6 oychaga bo‘lgan uzoq muddatli sayohatda esa 30 foizgacha qisqarishi mumkin.

Xuddi shunday, astronavtlar kosmosda Yerning tortitish kuchini his qilmaganlari uchun ularning suyaklari ham demineralizatsiyalanadi va kuchini yo‘qotib boradi. Kosmonavtlar har oy 1-2 foiz suyak massasini yo‘qotib boradi, 6 oylik muddatda esa ular 10 foizgacha suyak hajmini yo‘qotishi mumkin. Solishtirish uchun: Yerda keksa ayol va erkaklar yiliga 0,5-1 foiz hajmda suyak massasini yo‘qotadi. Bu esa ularning suyaklari sinish xavfini oshiradi va tuzalish muddatini ham uzaytiradi. Bunday holatdan keyin ularning suyaklari oldingi holatga qaytishi uchun 4 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.

Suyaklar qisqarishiga qarshi kurashish uchun Xalqaro Kosmik stansiyada turli mashq moslamalari o‘rnatilgan. Astronavtlar ular bilan kuniga 2,5 soat shug‘ullanishi va kerakli dori vositalarini qabul qilib borishi kerak.

kosmosda mashq jarayoni

Kosmosda tana vazni qanday bo‘ladi?

Tana vazni kosmosda deyarli ahamiyatini yo‘qotadi, sababi inson tortishish kuchi yo‘q muhitda juda yengil bo‘lib qoladi. Bunday atmosferada sog‘lom tana vaznini saqlab qolish oson emas. Nasa o‘z astronavtlarining to‘yimli va sog‘lom ovqatlanishiga harakat qiladi, hatto kosmosda turli ko‘katlar yetishtirishga ham harakat qilinyapti, lekin baribir vazn bilan bog‘liq muammoni to‘la yechish qiyin. Kosmosda bo‘lish orqali tana vaznidagi o‘zgarishlarni aniqlash tadqiqotida qatnashgan va 340 kun orbitada bo‘lgan astronavt Skot Kelli bu muddatda 7 foiz tana vaznini yo‘qotgan.

kosmosda ko‘katlarni yetishtirishga oid sinov jarayonlari

Bundan tashqari, Yerga qaytgan Skot Kelli to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda uning ichaklarida yashovchi bakteriya va zamburug‘lar ham tubdan o‘zgargani aniqlangan.

Skot Kelli kosmosda.

Ko‘zlar bilan muammo

Yerning tortishish kuchi tanamizdagi qonni pastga qarab haydab turadi. Tortishish kuchi bo‘lmagan muhitga inson tanasi biroz moslashadi, biroq baribir qon bosh qismida ko‘proq to‘planib qolishi holati sodir bo‘ladi. Xuddi shunday ko‘zning orqa qismi va optik nervlar atrofida ham qon to‘planib, shish paydo bo‘lishi mumkin. Bu ko‘zda tizimli o‘zgarishlar paydo qilib, ko‘rish o‘tkirligi pasayishini keltirib chiqarishi mumkin.

Odatda, ko‘zda o‘zgarishlar 2 haftadan so‘ng bilina boshlaydi va kuchayib boradi. Tabiiy tana holatidan tashqari fazogirlarning ko‘zlari kosmik nurlar va kuchli Quyosh nurlaridan ham zararlanishi mumkin. Yerda esa bu nurlardan tabiiy himoya mavjud. Astronavtlar Yerga qaytgach ko‘zdagi ba’zi o‘zgarishlar o‘z o‘rniga qaytadi, ba’zilari esa doimiyga qolishi ham mumkin.

Miya ham zararlanadimi?

Skot Kelli bilan o‘tkazilgan tadqiqotda uzoq muddat fazoda bo‘lish kognitiv faoliyatga uncha katta ta’sir ko‘rsatmagani aniqlangan. Lekin 2014 yilda fazoda 169 kun bo‘lgan rus kosmonavti bilan o‘tkazilgan tadqiqotda uning miya motor funksiyasida o‘zgarishlar aniqlangan. Motor funksiyasi boshqacha so‘z bilan aytganda, harakat degani. Bu qism tananing balansni saqlash, mo‘ljal olish va o‘z harakatlarimizni boshqarish kabi muhim vazifalarni bajaradi. Kosmosda vaznsizlik muhitida astronavtlar tortitish muhitisiz harakat qilishga o‘rganishadi va bu miyaga ta’sir qilishi mumkin.

Yana boshqa bir tadqiqot uzoq muddatli kosmos muhiti miyaning ma’lum qismida shish paydo qilishi mumkin. Va odatiy holatga qaytishi uchun 3 yilcha vaqt kerak bo‘lishi mumkin.

Immun tizimi yaxshi ishlaydimi?

Astronavt Skot Kelli uchishdan oldin, fazoda payti va qaytgandan so‘ng ham vaksina olgan va uning immun tizimi me’yorda ishlagan. Biroq olimlar tadqiqotlarda fazogirlar radiatsiya qabul qilishlari sabab oq qon tanachalari qisqarishi kuzatilishini aniqlashgan.

Insoniyat, shubhasiz, Yerda yashashga moslashgan. Uning organizmi ham shunga mos tuzilgan. Kosmosga sayohatlar insonlar organizmiga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha esa hali ko‘p narsa o‘rganilishi kerak. 371 kunni fazoda o‘tkazgan Frank Rubiodan olinadigan tahlillar ham bu mavzuni chuqurroq o‘rganishga yordam berishidan umid qilinyapti.

Frank Rubio

Mavzuga oid