Sport | 18:46 / 06.10.2023
44935
8 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari kundaligi. Xafa qilingan Anvar, yig‘lagan Akbar va yagona oltin

Bugungi bahslar O‘zbekiston jamoasidan bitta oltin medal «tortib olinishi» bilan yodda qoldi. Olimpiada chempioni Akbar Jo‘rayev ham oltinni kutilmaganda xitoylik atletikachiga boy berdi. Badiiy gimnastika jamoasi esa kutilgan oltinni o‘ziniki qildi.

Foto: Kun.uz

6 oktyabr kuni Osiyo o‘yinlarida sport raqsi, badiiy gimnastika va sinxron suzish dasturlarida bahslar boshlandi. O‘zbekiston jamoasi uchta oltin medal qo‘lga kiritishga juda yaqin edi, ammo yakunda faqat bitta oltin, ikkita kumush va bitta bronza bilan kifoyalandi.

Slalomda eshkak eshish

Slalomda eshkak eshish bo‘yicha yarimfinal va final bosqichlari o‘tkazildi. Anvar Klevleyev 101.49 soniya natija bilan finalga yo‘l oldi, 105.54 soniya natija qayd etgan Alibek Temurgaliyev esa ishtirokini to‘xtatdi.

Anvar Klevleyev finalda ham kuchli ishtirok etdi, Osiyo o‘yinlari sayti dastlab uni g‘olib sifatida ko‘rsatdi, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi ham u oltin medal qo‘lga kiritgani haqida xabar berdi, ammo keyin barchasi o‘zgarib ketdi.

Hakamlar bellashuv vaqtida mezbon Xitoy vakiliga yozilgan 50 soniyalik jarima ballarini bekor qilishdi va u 98.20 soniya natija bilan Klevleyevdan (98.63) o‘tib ketib, birinchi o‘ringa chiqdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi hakamlarning bu qaroriga apelyatssiya berdi.

Vaziyat videosida ham xitoylik sportchi qizil to‘siqni aylanib o‘tmaganini ko‘rish mumkin edi, ammo hakamlar natijani boshqa o‘zgartirishmadi va Klevleyevning oltin medali tortib olindi.

Og‘ir atletika

Tokio olimpiadasi g‘olibi Akbar Jo‘rayev kutilmaganda oltin ola olmadi. -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan Akbar Jo‘rayev dast ko‘tarishda 189, siltab ko‘tarishda 228 kg (Osiyo o‘yinlari rekordi) natija qayd etdi, ammo uning bu natijasi (ikki kurash yakuniga ko‘ra 417 kg) faqat kumush uchun yetarli bo‘ldi.

Xitoylik Liu Huanhua dast ko‘tarishda 185 kg natija ko‘rsatgandi, ammo siltab ko‘tarishda 233 kg toshni ko‘tarib, ikki kurash natijasiga ko‘ra (418 kg) Jo‘rayevdan o‘zib ketdi. Shu tariqa, bungacha 102 kg vazn toifasida qatnashgan xitoylik sportchi katta vazndagi ilk ishtirokidayoq rekordlarni yangilagan holda chempion bo‘ldi (uning bu vaqtgacha qayd etgan eng yuqori natijasi 404 kg bo‘lgan), Akbar Jo‘rayev esa shohsupada ko‘z yoshlarini tiya olmadi.

Xuddi shu vaznda ishtirok etgan Ruslan Nurudinov esa 391 (175+216) kg bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Badiiy gimnastika

Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi a’zolari yakkalik dasturida saralash va jamoaviy yo‘nalish bo‘yicha final bahslarini o‘tkazishdi. 

Taxmina Ikromova, Vilana Savadyan va Yevelina Atalyansdan iborat jamoa halqa, to‘p, bulava hamda tasmadagi mashqlar orqali umumiy 324.800 ochko jamg‘arib, barcha raqiblarini ortda qoldirdi va delegatsiya hisobiga oltin medalni taqdim etdi.

Shuningdek, bugungi chiqishlari orqali Taxmina Ikromova hamda Evelina Atalyans yakkalik yo‘nalishida ko‘pkurash dasturida medallar uchun kurashish imkonini saqlab qolishdi.

Shaxmat

O‘zbekiston yigitlar jamoasi 8-raundda Qozog‘iston jamoasini 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi va jami ochkolar sonini 22 taga yetkazdi. Ayni vaqtda jamoaning asosiy raqobatchisi Hindistonda ham shuncha ochko mavjud.

Qizlar jamoasi esa Mo‘g‘uliston vakillariga qarshi bahsda 2,5:1,5 hisobida ustun keldi - jami ochkolar soni - 19,5.

7 oktyabr kuni oxirgi turda yigitlar jamoasi tailandlik shaxmatchilarga, qizlar jamoasi qozog‘istonlik raqiblarga qarshi dona suradi.

Karate

O‘zbekiston karatechilar jamoasi kunni mutlaqo muvaffaqiyatsiz o‘tkazishdi.

-60 kg vazn toifasida Ulug‘bek Aliboyev ilk bosqichda Kuvayt vakili Abdulloh Shabanga yutqazdi (0:1). Ushbu raqibi finalga chiqqani uchun Aliboyevda bronza uchun kurashish imkoni bo‘ldi, u o‘tish bahslarida birinchi bosqichdan kurashsiz o‘tdi, ammo ikkinchi bosqichda saudiyalik Abdulaziz Albashirga yutqazdi (3:6).

+84 kg vazn toifasi vakili Samarbek Hamroyev ilk bosqichda tailandlik Terevat Kangtongga yutqazdi (2:6).

-61 kg vazn toifasidagi bahslarda qatnashgan Zulxumor Tursunaliyeva ham ilk bosqichdayoq filippinlik Jyemi Kristinga yutqazib (1:3), ishtirokini yakunladi.

Erkin kurash

Kurashchilar ham kunni medalsiz yakunlashdi, shu kuni bahslarda ishtirok etgan besh nafar kurashchidan birortasi bronza medal uchun bahslarga ham yetib kelolmadi.

-62 kg vazn toifasida O‘zbekiston nomidan qatnashgan Dilfuza Aimbetova ilk bosqichda Janubiy Koreya vakili Li Hanbitni mag‘lub etdi (3:1), ammo chorakfinalda KXDR vakili Mun Hyongyongga mag‘lub bo‘ldi (1:12). Shimoliy koreyalik sportchi finalga yetib borib, oltin medalni ham o‘ziniki qilish barobarida o‘zbekistonlik sportchida bronza uchun kurashish imkoniyatini hosil qildi, ammo Aimbetova o‘tish bahslarida xitoylik Jia Longga yutqazdi (0:12).

-68 kg vazn toifasi vakili Firuza Esenbayeva ilk bosqichda yaponiyalik Naruha Matsuyukiga yutqazib (0:5) ishtirokini yakunladi.

-76 kg vazn toifasidagi bahslarda qatnashgan Svetlana Oqnazarova dastlabki bosqichdayoq qozog‘istonlik Jamila Bakbergenovaga yutqazdi (0:7), bu raqib finalga yetib borganidan keyin unda bronza uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘lgandi, ammo o‘tish bahslarida mo‘g‘ulistonlik Ganbatga yutqazdi (2:14).

-57 kg vazn toifasi vakili Nodirjon Safarov nimchorak finalda tojikistonlik Hikmatullo Vohidovni yenggandi (8:4), ammo chorakfinalda yaponiyalik Toshihiiro Hasegavadan yengildi (2:12), bronza uchun o‘tish bahslarida ham xitoylik Liu Minghuga yutqazdi (4:7).

-65 kg vazn toifasida ishtirokini saralash bosqichida boshlagan Abbos Rahmonov eronlik Rahmon Amuzadxaliliga yutqazdi (6:12), eronlik sportchi finalga chiqqanidan so‘ng, Rahmonov bronza medal uchun o‘tish bahslariga kirishdi, ammo ilk jangdayoq yaponiyalik Kaiki Yamaguchidan mag‘lub bo‘ldi (0:10).

Jiu-jitsu

-77 kg vaznda ishtirok etgan Umid Saydullayev saralash bosqichidayoq kuvaytlik Fahad Almarriga yutqazib (2:2, qoidaga ko‘ra oxirgi ballni olgan sportchi g‘olib deb topilgan), ishtirokini to‘xtatdi.

Shu vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Feruzbek O‘roqov saralashda bahraynlik Mahmud Alnajjar to‘sig‘idan o‘tdi (7:2), nimchorak finalda saudiyalik Abdulloh Alg‘annamni mag‘lub etdi (2:0), ammo chorakfinalda BAA vakili Mahdi Alavlaqiga yutqazdi. Unda bronza uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘lgandi, ammo o‘tish bahsida mo‘g‘ulistonlik Davadorj Munkturga yutqazdi.

Futbol

Birinchi bor Osiyo o‘yinlarida qatnashgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi musobaqani kuchli to‘rtlikda yakunladi. Midori Honda boshchiligidagi jamoa bugun musobaqa mezboni Xitoyga qarshi bronza medali uchun kechgan bahsda 0:7 hisobida imkoniyatni boy berdi.

***

Kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar soni 20 taga, kumush medallar soni 18 taga, bronza medallar soni 26 taga yetdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston jami 64 ta medal bilan umumiy reytingda Hindistondan keyingi 5-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid