O‘zbekiston | 17:00 / 07.10.2023
8754
3 daqiqa o‘qiladi

Botanika bog‘ini hokimlikka berishni Davaktiv taklif qilgan. Agentlik taklifidan voz kechdi

Jamoatchilik e’tirozlari ortidan, Botanika bog‘ini Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazish haqidagi taklif Fanlar akademiyasining so‘roviga binoan tegishli qaror loyihasidan chiqarildi. Bu haqda loyiha tashabbuskori – Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Agentlikka ko‘ra, davlat madaniyat va istirohat bog‘larining bino-inshootlarining mol-mulki va yer maydonlarining noqonuniy begonalashtirilish holatlari aniqlangan bo‘lib, bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 12 ta viloyat va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublika hududidagi barcha madaniyat va istirohat bog‘lari xatlovdan o‘tkazilgan.

“Xatlov natijasida hududlardagi 262 ta bog‘lar 153 ta tashkilotlar tasarrufida bo‘lib, ularning ayrimlari tashlandiq va qarovsiz holga kelib qolgani, ularni boshqarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmayotgani aniqlandi va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Ishlab chiqilgan takliflar tegishli qaror loyihasi ko‘rinishida kelishish uchun 11 ta vazirlik va idoralarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali yuborilgan.

Loyihada bog‘larni xususiylashtirish yoki boshqacha tartibda begonalashtirish ko‘zda tutilmagan”, – deyiladi Davaktiv izohida.

Qayd etilishicha, bu loyiha barcha vazirlik va idoralar, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qayta ishlangan holda Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritiladi.

Agentlik qayta ishlangan loyihaning keng jamoatchilik muhokamasiga chiqarilishi masalasiga aniqlik kiritmagan.

Eslatib o‘tamiz, qaror loyihasida respublikadagi 196 ta istirohat bog‘ini Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari huzuriga o‘tkazish belgilangan. Botanika bog‘i bu ro‘yxatdan chiqarilsa, 195 ta bog‘ Qoraqalpog‘iston hukumati va hokimliklar qo‘l ostiga o‘tishi mumkin.

6-7 oktyabrlar kuni Botanika bog‘ini hokimlik ixtiyoriga o‘tkazmaslikni talab qilib qator faollar, shuningdek, Fanlar akademiyasi, Botanika instituti va Senat munosabat bildirgan edi.

Buning ortidan poytaxt hokimligi bu tashabbus muallifi emasligi va Botanika bog‘i istirohat bog‘iga aylantirilmasligini aytib bayonot berdi.

Mavzuga oid