70 mingdan 106 ming dollargacha: Singapurda shaxsiy avtomobilga egalik qilish nega qimmat?
Singapurda haydovchilar shaxsiy avtomobilga ega bo‘lishni xohlasa, sertifikat uchun 106 ming AQSh dollarigacha to‘lashi kerak bo‘ladi. Mamlakatda tirbandliklarga qarshi kurash uchun 1990 yilda avtomobilga egalik qilish sertifikati (Certificate of Entitlement yoki COE) berish tizimini yo‘lga qo‘yadi.
Qizig‘i, avtomobil xarid qilishdan avval haydovchi sertifikatni sotib olishi kerak. Sertifikat 10 yil amal qiladi. Singapur avtomobilga egalik qilish sertifikatining narxi bo‘yicha dunyodagi eng qimmat mamlakat hisoblanadi. 2020 yilga nisbatan katta hajmli avtomobillar uchun sertifikat narxi 4 baravarga oshib, 106 376 AQSh dollariga yetdi.
Masalan, Toyota Camry Hybrid avtomobilining standart komplektatsiyasiga ega bo‘lish uchun 183 ming AQSh dollari to‘lash kerak. Buning ichiga COE sertifikati, avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish va soliqlar kirib ketadi. Solishtirish uchun, Singapurda davlat tomonidan subsidiyalanadigan kichik bir kvartira 91 300 AQSh dollari atrofida turadi.
Koronavirus pandemiyasidan so‘ng avtomobil sotib olish birdaniga ko‘paygani ortidan ularning sonini cheklash uchun sertifikat narxi oshirildi. Qayd etish joiz, 2020 yilda mamlakatda shaxsiy avtomobildan foydalanuvchilar soni kamayib ketgani ortidan COE narxi 22 ming AQSh dollariga qadar tushib ketdi.
Singapur aholisi uchun bu nimani anglatadi?
Mamlakatda bir oilaning o‘rtacha yillik daromadi 89 ming AQSh dollaridan ko‘proq. Narxlarning yildan yilga oshayotgani Singapurdagi o‘rta qatlamning shaxsiy avtomobilga egalik qilish imkoniyatini kamaytirishda davom etmoqda.
Shahar aholisiga doimiy inflatsiya, iqtisodiyotning sekinlashuvi ta’sir o‘tkazmasdan qolmayapti: ularning ayrimlari narxlar past bo‘lgan vaqtda olgan avtomobillarini foyda olish uchun sotib ham yuboryapti.
Sotsiolog Tan Ern Ser odamlar maqsadlarini «yaxshi hayot»dan «yetarlicha yaxshi hayot»ga o‘zgartirishi, shunday yashashga o‘tishi kerak deb hisoblaydi.
Ikki farzandning otasi Jyeyson Guan hozir shaxsiy avtomobilsiz yashaydi. U 2008 yilda o‘zining ilk avtomobili Toyota Rush’ni COE bilan birga 47 ming AQSh dollariga sotib olgan. Endi uning mashinasi yo‘q, biroq Jyeyson hozir bor e’tiborini Singapur taqdim etayotgan boshqa imtiyozlarga qaratgan.
«Oilali inson sifatida bu [mashinasiz bo‘lish] menga ko‘p ham ta’sir qilmaydi. Chunki Singapur hamon yaxshi ta’lim tizimiga ega. Shuningdek, mamlakat eng xavfsizlaridan biri bo‘lib qolmoqda», — deydi Jyeyson Guan.
COE qanday sertfikat o‘zi?
Singapurda shaxsiy avtomobilga egalik qilish, undan foydalanish imkoniyatini beradigan sertifikat — Certificate of Entitlement (COE) deyiladi. Sertifikatlar har ikki haftada auksionlar orqali sotiladi. Hukumat ularning sonini nazorat qilib boradi (bu esa eski avtomobillarning foydalanishdan chiqarilishi bilan bog‘liq).
Masalan, hozir kichik litrajli (dvigatel hajmi 1,6 litrgacha) avtomobilga egalik qilmoqchi bo‘lgan shaxs 76 ming AQSh dollari to‘lashi kerak. Katta hajmli avtomobil hujjatlari uchun esa 106 ming dollar kerak bo‘ladi.
Bu tizim orqali hukumat aholini dunyoda eng yaxshilardan biri sifatida tan olib kelinadigan jamoat transportidan foydalanishga undaydi va tirbandliklarning oldini olishga harakat qilib keladi.
2022 yil so‘ngidagi ma’lumotlarga ko‘ra Singapur aholisi 5,5 million atrofida. Shaxsiy avtomobillar soni esa 1 milliondan kamroq.
Mavzuga oid
11:25
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
10:56 / 22.12.2024
2024 yil 11 oyda qancha yengil avtomobil ishlab chiqarilgani ma’lum qilindi
15:01 / 17.12.2024
Andijonda fuqarolarning mashinalarini ijaraga olib, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan yirik uyushgan guruh ustidan sud boshlandi
12:19 / 25.11.2024