O‘zbekiston | 17:04 / 27.10.2023
15612
4 daqiqa o‘qiladi

Daraxtzorlar o‘rnida hashamatli uylar - egallab olinayotgan «Dendropark»

Toshkent tumanidagi «Darxon» ilmiy-tajriba stansiyasi («Dendropark») hududida daraxtlar nobud qilingan, yer ajratish va undan foydalanish qoidalari buzilgan. Kun.uz muxbiri hududga borib, holatni o‘rganishga harakat qildi.

Botanika bog‘i poytaxtning o‘pkasi deyishadi. Shunday «o‘pka» shahardan chiqaverishda, Toshkent viloyati, Toshkent tumanida ham bor... edi. Nega edi deyapmiz, chunki u endi qurish, yo‘q bo‘lish arafasida. 

O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti hududida yuzdan ortiq daraxtlar qurib qolgan. 2017 yilda sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratda mazkur hududda yashil daraxtzorni ko‘rish mumkin. 

Ammo 2018 yil boshida mana shu daraxtzor g‘oyib bo‘lgan va yer tadbirkorlarga ijara asosida foydalanish uchun berilgan. Hozir bu yerda tadbirkorlar issiqxonalar qurib foydalanmoqda. Daraxtlar qayerga ketgan, quyuq o‘rmon qanday qilib bu holga kelib qolgani noma’lum. 

O‘rmonning yana bir tomonida xuddi shunday issiqxonalar bo‘lgan. U yer ham ijara asosida foydalanishga berilgan va hozir ularning o‘rnida uylar qad rostlagan.

Dastlab 100 gektardan iborat bo‘lgan o‘rmon hududi hozir 57 gektar bo‘lib qolgan. 

Tadbirkorlik niqobi ostida issiqxona qurish uchun olingan joylar asta-sekinlik bilan turar joylar uchun 4 sotixdan bo‘linib, fuqarolarga sotib yuborilgan. Mulkdorlar yerni hokimlikdan auksion orqali olganliklarini aytishgan. Ammo davlat muhofazasidagi yerlar qanday qilib auksionga chiqarilganini hech kim bilmaydi. 

Keyinchalik hokim qarori ham, auksion ham bekor qilinsin deb qaror qilingan. Ammo bu paytga kelib odamlar uy-joylar qurib, yashay boshlagandi. 

«Bu yerlar o‘rmon hududi edi, 1 gektar 80 sotix joy. Bizning o‘rmon xo‘jaligiga tegishli ko‘chatxona bor edi shu yerda. Tadbirkorga berilgan, u ko‘chatxonani parvarish qilish topshirilgandi. Noqonuniy aralashuvlar tufayli uy-joy qurilib ketdi. Sun’iy yo‘ldosh orqali ko‘rilsa ham bu yerda ko‘chatxonani ko‘rish mumkin. Haligacha bu imoratlarni orasida biz ekkan ko‘chatlar: qarag‘ay, archa, boshqa ko‘chatlar turibdi. 

Bormagan joyimiz qolmadi. Sudma sud yurdik, goh ularni, goh bizning foydamizga qaror chiqarildi», — deydi «Darxon» ilmiy-tajriba stansiyasi rahbar o‘rinbosari Akbar Qosimxo‘jayev.

O‘rmon atrofida yashayotgan aholi 3-4 yil avval bu yerlar daraxtzor bog‘ bo‘lganligini, bo‘lib sotilgandan keyin qo‘lma-qo‘l bo‘lib betakror havosi uchun ham narx-navosi oshayotganligini aytdi. 

Biz bu masalani bejiz kovlamadik. Hozirgi keysdan ham ayni shu voqealar takrorining hidi kelyapti desak xato bo‘lmaydi. Qurilayotgan imoratlarning hashamatidan egalari qo‘li kalta odamlar emasligini taxmin qilsa bo‘ladi. Erta-indin qolgan issiqxonalar o‘rnida ham shunday qasrmonand imoratlar qad ko‘tarsa ajablanmaymiz. 

Ekologiya yomonlashuvi, qurg‘oqchilik havfi yuqori paytda minglab daraxtlar yo‘qolib borayotgani, davlatning yeridagi issiqxonalar o‘rnida odamlar imoratlar qurib tashlagani nahotki biror mas’ulning e’tiborini tortmagan bo‘lsa.

Bosh prokuratura stansiya hududida daraxtlarni nobud qilish, yer ajratish va undan foydalanish qoidalari buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan jinoiy ish ochgan.

Xullas, bu yerda ko‘p gap borga o‘xshaydi… Masalaga yana qaytamiz.

Gulmira Toshniyozova, Kun.uz

Mavzuga oid