O‘zbekiston | 21:43 / 03.11.2023
12806
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 10 ta Airbus tibbiy vertolyotini sotib olishi mumkin 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Airbus Helicopters kompaniyasi bilan hamkorlik masalasini muhokama qildi. 

Foto: eurocopterke.kz

O‘zbekiston tez tibbiy yordam tizimi uchun 10 ta Airbus N145 rusumli tibbiy vertolyot xarid qilinishi mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston–Fransiya biznes forumi doirasida Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Airbus Helicopters kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashgan. 

Muzokara davomida Respublika tez tibbiy yordam tizimi uchun 10 ta Airbus N145 rusumli tibbiy vertolyot xarid qilish hamda O‘zbekistonda Yevropa standartlariga mos tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish, bu sohaning moddiy-texnika bazasini yaratish hamda mutaxassislar tayyorlash, tog‘li va chekka hududlarda tibbiy aviatsiya xizmatini tashkil etish mexanizmlarini ishlab chiqish istiqbollari muhokama etilgan. 

Airbus N145 o‘rta uzoqlikdagi masofaga uchadigan ko‘pmaqsadli vertolyot bo‘lib, undan tibbiy operatsiyalar, yo‘lovchi tashish, qidiruv-qutqaruv va boshqalarni o‘z ichiga olgan turli xil jarayonlar uchun foydalaniladi. Vertolyot narxi 5,5 mln dollargacha bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid