Jahon | 11:20 / 07.11.2023
3970
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya olimpiya qo‘mitasi XOQdan chetlatilishiga qarshi chiqmoqchi

XOQ Ukrainaning egallab olingan hududlaridan sport tashkilotlarini Rossiya qo‘mitasi tarkibiga «qo‘shgani» sababli ROQni Olimpiya harakatidan chetlatdi. Rossiya Sport arbitraj sudida bunga e’tiroz bildirmoqchi. 

Foto: AP

Rossiya olimpiya qo‘mitasi (ROQ) o‘zining Olimpiya harakatidan chetlatilgani yuzasidan Sport arbitraj sudiga (CAS) apellyatsiya berdi. Arbitraj muhokamasi boshlandi, deyiladi CAS’ning 6 noyabr, dushanba kuni sud saytida chop etilgan bayonotida

Oktyabr oyi o‘rtalarida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) ROQ anneksiya qilingan Donetsk, Xerson, Luhansk va Zaporijjya viloyatlarida joylashgan sport tashkilotlarini «qo‘shish» to‘g‘risidagi qarori tufayli keyingi ogohlantirishgacha Olimpiya harakatidan chetlatildi. XOQ buni Olimpiya xartiyasining buzilishi deb hisoblaydi, chunki bunday harakatlar Ukraina hududiy yaxlitligini buzadi. 

CAS’ning ta’kidlashicha, tomonlar hozir eshituvlar boshlanishidan oldin yozma bayonotlar almashishmoqda. Arbitraj sudi qachon qaror qabul qilishi aniqlashtirilmagan. U yakuniy va majburiy bo‘ladi, lekin hukm yuzasidan Shveytsariya Federal sudiga shikoyat qilinishi mumkin. 

Rossiya olimpiya qo‘mitasining Olimpiya harakatidagi a’zoligi to‘xtatilganidan so‘ng, Rossiya tashkiloti XOQdan moliyaviy yordam ololmaydi, shu bilan birga, Rossiya sportchilarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishiga ruxsat berish shartlari o‘zgarishsiz qoladi. Avvalroq XOQ xalqaro sport assotsiatsiyalariga rossiyalik sportchilarga neytral maqomda musobaqada qatnashishga ruxsat berishni tavsiya qilgandi, biroq ularning armiyaga aloqasi bo‘lmasligi hamda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlamasligi kerak. 

Mavzuga oid