O‘zbekiston | 09:18 / 08.11.2023
5781
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 20 mingdan ortiq xodim kasb kasalliklari bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi 

Sanitariya-gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan 2021-2023 yillarda ishlab chiqarish tashkilotlarining 20 000 dan ortiq xodimlari davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Foto: Shutterstock

Kasb kasalligi tasdiqlangan bemorlar to‘liq davlat tomonidan himoyalanadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, respublikada kasb kasalliklarining oldini olish ikki yo‘nalishda olib borilmoqda. Ya’ni: mehnat sharoitlarini muhofaza qilish va yaxshilash hamda tibbiy profilaktik yordam ko‘rsatish.

Sanitariya-gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat va davolash reabilitatsiyasi uchun 2021-2023 yillarda ishlab chiqarish tashkilotlarining 20 000 dan ortiq xodimlari davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Kasb kasalliklari klinikasi respublikadagi yagona ixtisoslashtirilgan klinika bo‘lib, 100 o‘ringa ega. Unda har yili respublikaning barcha hududlaridan 3 mingdan ortiq bemor davolanish va reabilitatsiyadan, 33 mingdan ortiq bemor esa ambulator sharoitida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ular zararli va xavfli omillar ta’sirida faoliyat olib borgan 80 dan ortiq asosiy ishlab chiqarish korxonalarining ishchilaridir.

So‘ngi bir yildagi o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar xulosalari asosida 9800 ishchi-xodimga (98 foiz) ishga yaroqlilik ekspertiza xulosalari berildi, aniqlangan tashxislarga ko‘ra 42 foiz tekshirilganlarga zarur davolash va sog‘lomlashtirish tadbirlari rejalashtirildi, 2 foizga statsionar, 4 foizga sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yuborish, 4116 ishchiga shifokor nazoratida bo‘lish, 290 ishchiga sog‘lig‘i holatiga ko‘ra yengil yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining ta’siridan holi bo‘lgan boshqa ishga vaqtincha o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Mavzuga oid