O‘zbekiston | 21:24 / 01.12.2023
10490
2 daqiqa o‘qiladi

Bank kartalaridan pul o‘g‘irlanishiga qarshi choralar belgilandi

Mobil ilovalarda yangi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchining mablag‘ o‘tkazish imkoniyatini 1 soatgacha cheklash rejalashtirilgan. Karta egasiga uning profiliga kirilgani haqida darhol SMS-xabar yuboriladi. Identifikatsiya maqsadida SIM-karta, qurilmaning IMEI-kodi, IMSI, DeviceID va boshqa ma’lumotlardan foydalanish joriy etiladi.

Foto: Getty Images

«Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida» prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, 2024−2025 yillarda to‘lov tizimi operatorlarida tranzaksion antifrod tizimi hamda banklar va to‘lov tashkilotlari session antifrod tizimlaridan foydalanish uchun Markaziy bankda markazlashgan antifrod tizim joriy etiladi.

Bundan tashqari, Markaziy bankda zamonaviy biometrik identifikatsiya tizimini qo‘llagan holda mijozlarni identifikatsiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlarida SIM-karta, mobil qurilma IMEI-kodi, internet tarmog‘i (rouming) orqali ma’lumotlarni identifikatsiya qilish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Banklar va to‘lov tizimlarining mobil ilovalaridagi xavfsizlik darajasini oshirish uchun yangi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchining mablag‘ o‘tkazish imkoniyatini 1 soatgacha cheklash rejalashtirilgan. Asosiy foydalanuvchiga uning profiliga kirganlik haqida darhol SMS-xabar yuborish va mobil qurilmalar xususida IMEI, IMSI, DeviceID va boshqa qo‘shimcha ma’lumotlarni yig‘ish belgilanmoqda.

«Yo‘l xaritasi»da foydalanuvchilarning SMS-xabarlar orqali olinadigan bir martalik (one time password) parollarini himoya qilish mexanizmini joriy etish, shuningdek, bank kartalaridan mablag‘larni o‘g‘irlash holatlari haqida kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni (bloklash va boshqalar) ko‘rish taklif etilgan.

Bundan tashqari, bank karta ma’lumotlari internet tarmog‘ida tarqalishi bo‘yicha xabardor qilish va monitoring qilish maqsadida zamonaviy dasturiy vositalarni joriy etish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid