Jahon | 13:58 / 05.12.2023
16765
5 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning yozgi qarshi hujumi: Dastlabki rejalar barbod bo‘lgach, Zalujniy taktikani o‘zgartirgan

Amerikaliklar va ukrainlarning fikri vaqti-vaqti bilan strategiya va taktika borasida keskin farqlangan.

Ozge Elif Kizil / Anadolu / ddp / Vida Press

Ukraina, Amerika va Britaniya harbiylari Kiyevning qarshi hujumini tayyorlash chog‘ida stol ustidagi xaritalar ustiga figuralar qo‘yib, kompyuterdagi «harbiy o‘yinlar»dan foydalanishgan, deb yozadi Washington Post nashri.

«Biroq, Vashington qisqa muddat ichida Ukraina qurolli kuchlari g‘arb namunasidagi jangovar kuchga aylanishi, ayniqsa, Kiyevning harbiy havo kuchlarisiz zamonaviy qurolli kuchlarning ajralmas qismiga aylantirish borasida qattiq adashgan», deb yozadi nashr.

Amerikaliklar va ukrainlarning fikri vaqti-vaqti bilan strategiya va taktika borasida keskin farqlangan. Pentagon qarshi hujum o‘z pozitsiyalarini mustahkamlashda davom etayotgan RF qurolli kuchlariga xalaqit berish uchun aprel oyi o‘rtalarida boshlanishini istagan. Ukrainaliklar esa qo‘shimcha qurol-yarog‘lar va tayyorgarliksiz bunga tayyor emasliklarini aytib, ikkilanishgan.

O‘sha vaqtda Ukrainada mavjud imkoniyatlar bilan Rossiya pozitsiyalariga mexanizatsiyalashgan yuzma-yuz hujumni amalga oshirish imkonli ekaniga AQSh harbiylarining ishonchi komil bo‘lgan.

Modellashtirish shuni ko‘rsatganki, Ukraina qurolli kuchlari Azov dengiziga chiqish va janubda rus qo‘shinlarini qirqib qo‘yishni 60-90 kun ichida eplashi mumkin bo‘lgan. AQSh razvedkasi muvaffaqiyatga 50 foiz imkoniyat bergan, deb qayd etadi Washington Post.

AQSh janubiy yo‘nalish bo‘ylab maqsadli qarshi hujumni yoqlagan, Ukraina rahbariyati esa uchta yo‘nalish: Melitopol, Berdyansk va Baxmut bo‘ylab hujum qilishni istagan. Ukraina qat’iy qarshi hujumda ko‘plab yo‘qotishlarga duchor bo‘lishidan cho‘chigan, AQSh esa vaqt o‘tishi bilan baribir yo‘qotishlar bundan-da ko‘proq bo‘ladi, deb hisoblagan.

15 iyunda, qarshi hujum boshlanganidan 2 hafta o‘tib AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrainalik hamkasbi Reznikovdan nega Ukraina QK tutun pardasi ortida harakat qilishi mumkin bo‘lgan, yanada qamrovli mexanizatsiyalashgan g‘arb texnikasidan minalardan tozalashda foydalanmayapti, deb so‘ragan.

Ukraina mudofaa vazirligining sobiq rahbari bu qarorni Ukraina harbiy qo‘mondonlari qabul qilganini aytib, Ukrainaning zirhli texnikalarini Rossiya vertolyotlari, pilotsiz parvoz qurilmalari va artilleriyasi oldinga siljishga har bir urinishda yo‘q qilayotgani, havodan qo‘llov bo‘lmagan holatda yagona variant yayov hujumga o‘tish bo‘lib qolayotganini aytgan.

Washington Post nashri yozishicha, Ukrainaning 47-brigadasidagi harbiylarning 70 foizi jangovar tajribaga ega bo‘lmasdan jangga kirishgan. Mina maydonlari zichligi va otishmalar intensivligi barcha kutilmalardan ham ziyod bo‘lgan, shaxsiy tarkib va texnikalar yo‘qotilishi juda katta bo‘lgan, ko‘plab jangchilar «jangdan ilk marta shokka tushib qolishgan», shundan so‘ng ular qayta guruhlanish uchun chekinib, yana qonli janglarga tayyorgarlik ko‘ra boshlashgan.

G‘arbdan yetkazilgan texnikalar yonib ketganini ko‘rgan Ukraina QK bosh qo‘mondoni general Valeriy Zalujniy to‘rtinchi kuni qo‘shinga hujumga o‘tishni bas qilishni buyurgan. U Rossiya mudofaa chizig‘ini amerikalik hamkasblari tavsiya qilganidek, artilleriya qo‘llovi ostida yopirilma hujum bilan yorib o‘tish o‘rniga Ukraina askarlari o‘n kishilik kichik guruhlarga bo‘linib, piyoda hujumga o‘tishini ma’qul deb biladi.

Amerika qo‘shinlarining Yevropadagi qo‘mondoni frontdagi keskinlik ortib borayotgani fonida va jang maydonidagi yechimlarga turlicha nazar tufayli Zalujniy bilan bir necha hafta mobaynida bog‘lana olmaydi. Har bir tomon ikkinchi tomonni xatolar va noto‘g‘ri hisob-kitoblarda ayblay boshlaydi. AQSh harbiylari ukrainlar bazaviy harbiy taktikani to‘g‘ri maromiga yetkaza olmadi, degan xulosaga kelgan bo‘lsa, Ukraina rasmiy shaxslari amerikaliklar dronlar va boshqa texnologiyalar jang maydonidagi vaziyatni butunlay o‘zgartirib yuborganini tushunmayapti, degan fikrni ilgari surishgan.

The Washington Post nashri, shuningdek, Zalujniyning o‘tgan yil kuzida AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan suhbati tafsilotlarini ham keltirgan. Nashrga ko‘ra, Zalujniy Ukrainaning bo‘lajak qarshi hujumi uchun mingta zirhli texnika so‘ragan.

Shuningdek u, Ukrainaga Germaniyada o‘qitilgan va janglarga tayyorgarlik ko‘rgan to‘qqizta brigada kerak bo‘lishini aytgan. «Men qattiq yutinib qo‘ydim. Chunki bu amalda imkonsiz edi», — deya Ostinning o‘z hamkasblariga aytgan gaplarini keltirgan nashr.

Mavzuga oid