Katmandu Rossiyani nepalliklarni armiyaga jalb qilmaslikka chaqirdi
Nepal hukumati Rossiya armiyasida yollanma askar bo‘lib xizmat qilgan olti nafar fuqarosining o‘limi haqida xabar berdi. Nepalliklarni Ukraina asirligidan ozod qilish ishlari olib borilmoqda. Katmandu Moskvadan Nepal fuqarolarini Rossiya qurolli kuchlariga jalb qilmaslikni so‘radi.
Nepal Rossiya armiyasiga yollangan olti nafar fuqarosi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berdi. Nepal Tashqi ishlar vazirligining 5 dekabr, seshanba kuni e’lon qilingan bayonotida halok bo‘lganlarning ismlari sanab o‘tilgan va ularning oila a’zolariga hamdardlik bildirilgan, biroq qo‘shimcha ma’lumot berilmagan. Shu bilan birga, Reuters bu yollanma askarlarning Ukrainadagi urushda halok bo‘lganiga ishora qilmoqda.
«Nepal hukumati Rossiya hukumatidan ularning jasadlarini zudlik bilan qaytarib berishni va oilalariga tovon puli to‘lashni so‘radi», — deyiladi xabarda. Katmandu, shuningdek, Moskvadan nepalliklarni Rossiya armiyasiga jalb qilmaslikni va unda xizmat qilayotgan barcha Nepal askarlarini zudlik bilan uyiga yuborishni so‘radi.
Ayni paytda Rossiya armiyasi safiga qo‘shilgan va Ukraina tomonidan asirga olingan bir Nepal fuqarosini ozod qilish uchun diplomatik harakatlar olib borilmoqda, deyiladi bayonotda. Nepal hukumati o‘z fuqarolarini ham urushlar ketayotgan mamlakatlar armiyasiga qo‘shilmaslikka chaqirdi. Katmandudagi Tashqi ishlar vazirligi Nepal fuqarolariga xorijiy armiyalarda xizmat qilish taqiqlanganligini ta’kidladi, «bir nechta do‘st davlatlar» bundan mustasno - tegishli shartnomalar 1947 yilda Hindiston va Buyuk Britaniya bilan tuzilgan.
Nepalning Moskvadagi elchisi Milan Raj Tuladxarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasiga 150-200 nafar nepallik yollanma askar jalb qilingan, deb yozadi The Kathmandu Post gazetasi.
Mavzuga oid
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024
«Men va Putin» - Turkiya prezidenti dunyoda faqat ikki yetakchi qolganini aytdi
16:51 / 09.12.2024