Prezident huzuridagi kengash markirovkalash bo‘yicha jarimani kamaytirishni so‘ramoqda
Fiskal belgilarni aks ettirish va markirovkalash qoidalarini buzgan tadbirkorlar oxirgi chorakdagi sof tushumi miqdorida jarimaga tortilmoqda. Bu jazoni yengillashtirish bo‘yicha topshiriq ijrosidan esa darak bo‘lmayapti. Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi bu masalada davlat rahbari va hukumatga murojaat qilishga qaror qildi.
12 dekabr kuni Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni Savdo-sanoat palatasi va Jamoatchilik kengashi raisi Davron Vahobov olib bordi. Unda kengash a’zolari, tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha palata bilan hamkorlikda ishlaydigan vazirlik, idora va tashkilotlar rasmiylari ishtirok etdi.
“O‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘plab tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini inobatga olgan holda Soliq kodeksining 227-1-moddasida nazarda tutilgan jazo choralarini yengillashtirish masalasi muhokama qilindi.
Tadbir yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan Jamoatchilik kengashi a’zolarining takliflari batafsil muhokama qilindi va yakuniy xulosa Prezident administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilab olindi”, – deyiladi Savdo-sanoat palatasi xabarida.
Soliq kodeksining 227-1-moddasi nima haqda?
Bu moddada soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalash va markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Unda shunday deyiladi:
“Fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish —
realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”.
Topshiriq ijrosi kechikyaptimi?
Tadbirkorlar bu qoidabuzarlik uchun belgilangan jarima haddan tashqari yuqori ekanidan shikoyat qilmoqda. Ular bu borada davlat rahbarining 2023 yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida prezidentga ham murojaat qilgan edi.
Murojaat inobatga olinib, bu masala ochiq muloqotda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan sentabr oyida imzolangan prezident qaroriga ham kiritilgan edi.
Qaror bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasining 27-bandiga ko‘ra, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar miqdorini huquqbuzarlik natijasida yetkazilgan zarar miqdoriga mutanosib ravishda belgilash bo‘yicha qonun loyihasi 2023 yil noyabr oyigacha ishlab chiqilishi kerak edi.
Topshiriq ijrosiga mas’ullar sifatida Soliq qo‘mitasi raisi Qudbiyev, adliya vaziri Toshqulov, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Haydarov, Biznes-ombudsman Qosimov va Savdo-sanoat palatasi raisi Vahobod ko‘rsatilgan.
Ayni paytgacha qonun loyihasi tayyor bo‘lgani yoki yo‘qligi, parlamentga qachon kiritilishi borasida rasmiy xabarlar bo‘lmadi.
“Jarimalar miqdori trillion so‘mdan oshgan”
Iqtisodchi Otabek Bakirov so‘nggi kunlarda tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan qo‘llangan jarimalar miqdori jami trillion so‘mdan oshib ketgani haqida yozdi.
“Mamlakatda 42 foizlik yashirin iqtisodiyot mavjud bo‘lgan sharoitda jazo va jarima choralari albatta ishlashi muhim. Lekin, qoidalarni buzish uchun Soliq kodeksining 227-1-moddasida ko‘rsatilganidek, “realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima” miqdori hech qaysi aqlga sig‘maydi. Aytishlaricha, oxirgi kunlarda biznesga qo‘llanilgan jarimalarning umumiy hajmi trillion so‘mdan oshgan. Bu qoida so‘zsiz o‘zgartirilishi, qayta ko‘rib chiqilishi kerak”, – dedi Bakirov.
Iqtisodchi 12 dekabr SSPda bo‘lib o‘tgan prezident huzuridagi jamoatchilik kengashi yig‘ilishida yangragan ayrim fikrlarni keltirib o‘tgan:
- “Soliqchilarning o‘zi: ‘Bo‘ldi o‘zlaringni bankrot deb e’lon qilaveringlar’ deyishmoqda”.
- “Bitta markirovkalanmagan tovar uchun 100 mlrd so‘m jarima qo‘llanilmoqda”.
- “Markirovkalash qoidasi sotuvchiga emas, qonunda yozilganidek ishlab chiqaruvchi va importchiga qo‘llanilishi zarur”.
- “Milliy axborot tizimiga ulanmaslik uchun jazo analogi bo‘yicha kassa apparati ishlatilmagani uchun jazoga tenglashtirilishi kerak”.
“Tushunishimcha, biznes repressiv qoidalarni yumshatish uchun kompromisslarga tayyor. Lekin qaror qabul qiluvchilar bunga rozimi?
Shaxsan men, avval kodeksning 227-1 moddasi bo‘yicha ish ko‘rish to‘xtatib turilishini, shundan keyingina biznes va davlat o‘rtasida teng muloqot asosida yangi qoidalarni yaratish tarafdoriman. Zeroki, buzuq qonunni tuzatib bo‘lmaydi”, – deya ta’kidladi Otabek Bakirov.
Mavzuga oid
12:21 / 12.12.2024
Sut mahsulotlarini markirovkalash boshlanadi
16:07 / 03.12.2024
Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
17:30 / 27.11.2024
To‘qimachilik biznesi ajratilgan 25 mln dollarlik subsidiyadan hozircha faqat 4 mln dollaridan foydalandi
10:00 / 12.11.2024