O‘zbekiston | 11:56 / 14.12.2023
24753
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov: “Avtomobil arzon, lekin unga xizmat ko‘rsatish qimmat bo‘lishi kerak”

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov O‘zbekistonda tirbandliklarning oldini olish uchun xususiy transport vositalari maqomini hal qilish kerakligi haqida gapirdi. U Xitoy va Singapurni misol keltirib, O‘zbekistonda ham transportga xizmat ko‘rsatishni qimmat qilish orqali tirbandlikni hal etishni taklif qilgan.

Foto: Kun.uz

13 dekabr kuni Hukumat soatida aholiga transport xizmati ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilingan.

Muhokama jarayonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov tirbandliklarning oldini olish uchun xususiy transport vositalari maqomini hal qilish kerakligi haqida to‘xtalib o‘tgan.

“Bugun jamoat transportini rivojlantirish va uni shakllantirish muammolarini hal qilish ustida juda ko‘p bosh qotiryapmiz va katta ishlar qilinyapti. Lekin biz xususiy transport masalasidagi maqomni hal qilolmasak, jamoat transporti masalasida qancha harakat qilishimizdan qat’i nazar, ko‘zlagan maqsadimizga yetolmaymiz. 

O‘zbekistonda xususiy transport soni so‘nggi o‘n yil ichida 5 baravar ko‘payganini hisobga olsak, bu katta bir tahdidga aylanishni boshladi. Biz hali Jahon savdo tashkilotining protokoliga uyg‘unlashishni boshlaganimiz yo‘q. Ertaga JST platformasiga kirgandan keyin mashinalarni sotib olish yana ham imkoniyatli bo‘ladi. Va bugungi tirbandlik masalasi jamoatchilik harakatining katta muammosiga aylanadi. Hoziroq o‘zi muammoga aylandi.

Xususiy transport maqomini xorijiy rivojlangan davlatlar qanday hal qildi? Masalan, Xitoy tajribasini olib qaraydigan bo‘lsak, u yerda avtomashinani sotib olish qiyin emas. Chunki narxini ular o‘zi belgilab ololmaydi, JSTning talablari bor. Lekin avtomobilga xizmat ko‘rsatish va undan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan xizmatlar juda ham qimmat hisoblanadi. “Parkovka”si bo‘lsin, soliqlar joriy qilish yoki pulli yo‘llar orqali... Avtomobilni sotib olish oson, lekin undan foydalanish qimmat xizmatga aylangan.

Singapurda ham xuddi shunday. Ushbu davlat ham tirbandlik masalasini xususiy transportdan foydalanishni qimmat qilish hisobiga hal qilgan.

O‘zbekistonni ham yaqin 5-6 yilda shunday juda katta muammo kutayotganini hisobga olib, Transport vazirimizga aynan shu masalalarga hozirdan alohida e’tibor berishni va xususiy transport maqomi masalasi bo‘yicha jiddiy takliflar tayyorlashni taklif qilgan bo‘lardim”, deya ta’kidlagan Alisher Qodirov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xususiy transport hamma uchun va xohlagan paytida erisha oladigan masala bo‘lishi kerak emas. Bunga esa jamoat transportining qulayligi orqali erishish mumkin. Agar jamoat transporti qulay qilinsa, odamlarga xususiy transportdan foydalanish jozibador bo‘lmay qoladi.  

 

Mavzuga oid