Iqtisodiyot | 21:39 / 20.12.2023
32321
6 daqiqa o‘qiladi

Soliq kodeksining 227-1-moddasi bo‘yicha 400 mlrd so‘mlik jarimalar hisobdan chiqarilishi mumkin

Prezident huzuridagi tadbirkorlar kengashining bu muammo yuzasidan davlat rahbariga murojaat qilishga qaror qilishi ortidan, Soliq qo‘mitasi rahbarlari tadbirkorlar bilan muloqot qila boshladi. Savdo-sanoat palatasi 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish va belgilangan sanksiyani yengillashtirishni taklif etmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlik sub’yektlariga Soliq kodeksining 227-1-moddasiga asosan qo‘llanilgan jarimalarni hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi.

Bu haqda 18 dekabr kuni Savdo-sanoat palatasi va Soliq qo‘mitasi rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyevning aytishicha, qo‘mita SSP tomonidan kiritilayotgan taklifni qo‘llab-quvvatlagan. Hisobdan chiqarilishi nazarda tutilayotgan jarimalarning umumiy summasi 400 mlrd so‘mdan oshadi.

Prezident qarori loyihasi bilan birga, Soliq kodeksining 227-1-moddasiga o‘zgartish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham tayyorlanmoqda. Unga asosan ushbu moddadagi jarima miqdorini korxona sof tushumining 100 foizidan 20 foizga tushirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bu moddada ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni alohida klassifikatsiya qilish, huquqbuzarlikning og‘irlik darajasidan kelib chiqib sanksiya qo‘llash masalalari ham o‘rganib chiqilishi ma’lum qilindi.

Hozirda 227-1-moddaga asosan quyidagilarga oid qoidalarni buzish holatlari jarimaga tortilmoqda:

  • fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash;
  • alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, dori vositalari, tibbiy buyumlar, maishiy texnika (2024 yil 1 martdan boshlab gazlangan va gazlanmagan suv, sharbatlar) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish.

Belgilangan jarima – realizatsiya qilingan oxirgi hisobot choragida olingan sof foyda miqdoriga teng.

So‘nggi oylarda tadbirkorlarni ushbu modda asosida jarimaga tortish holatlari keskin ko‘paygan. Jarima miqdorining yuqoriligi esa tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Shunga ko‘ra, 12 dekabr kuni Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi mazkur jarimani kamaytirishni so‘rab davlat rahbari va hukumatga murojaat qilishga qaror qilgan edi.

Ichki hisob-kitob dasturlarini ham integratsiya qilish talab qilinmoqda

Tadbirkorlarning Soliq kodeksi 227-1-moddasi bo‘yicha e’tirozlarini bu moddada ko‘rsatilgan ikki xil huquqbuzarlikka asosan ikki yo‘nalishga bo‘lish mumkin.

Birinchi yo‘nalishdagi e’tiroz markirovkalash bo‘yicha jarimalarga qaratilgan bo‘lib, shikoyat bildirayotgan tadbirkorlarning katta qismini alkogol mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchilar, xususan mijozlariga spirtli ichimliklarni ham taklif etuvchi oshxona, kafe va restoran biznesi vakillari tashkil etadi.

Ular 18 dekabrdagi uchrashuvda jarima miqdorini kamaytirish bilan birga, amaliyotda markirovka bilan bog‘liq texnik muammolarga (alkogol va sigaret mahsulotlarining shishasi/qadog‘i ochilgan holda bo‘lib-bo‘lib sotilishi, jismoniy shikast yetgan holatlarda markirovka kodini o‘qib bo‘lmasligi, yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan mahsulotlarni hisobdan chiqarish imkonsizligi va h.k.) sabab bo‘layotgan bir qator holatlarga yechimlar berilishi kerakligini aytdi.

Shuningdek, tadbirkorlar jarima miqdorini tushum miqdoriga bog‘lashdan voz kechish kerakligi, aks holda bir nechta yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi korxonalar bitta faoliyat turidagi qoidabuzarligi uchun butun korxonaning tushumi miqdorida jarimaga tortilish riskidan kelib chiqib, korxonani faoliyat turlaridan kelib chiqib bir nechta alohida korxonalarga bo‘lish zarurati tug‘ilayotganini ta’kidladi.

Ikkinchi masala esa tadbirkorlik sub’yektlari foydalanayotgan dasturiy mahsulotlarning soliq organlari bilan integratsiya qilinishi bilan bog‘liq. Tadbirkorlarga ko‘ra, soliq organlari ulardan nafaqat qonunda belgilangan dasturiy mahsulotlarni, balki korxona o‘zining ichki hisob-kitoblari uchun foydalanadigan dasturiy mahsulotlarni ham integratsiya qilish talabini qo‘ymoqda.

Soliq maslahatchisi Gulnora Suyundiqovaga ko‘ra, bu yerda gap savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari foydalanayotgan R-Keeper, Jowi, iiko va boshqa dasturlar haqida ketyapti. Ayrim holatlarda bu dasturlardan foydaluvchi korxonalar ularni soliq organlarining tizimlari bilan integratsiya qilmagani uchun 227-1-moddaga asosan jarimaga tortilmoqda.

Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tadbirkorlardan birining aytishicha, korxona boshqaruvchilari o‘z ichki hisob-kitoblarini xohlasa qog‘oz-daftarda yozib boradi, xohlasa Microsoft Excel dasturidan foydalanadi, yoki xohlasa dasturiy mahsulotlarga murojaat qiladi. Hozir esa agar korxona uchinchi variantni tanlasa, o‘z ichki hisob-kitoblar tizimini kassa apparatlari bilan integratsiya qilishi, ya’ni soliq organlari bilan bog‘lashga majbur bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, turli-tuman dasturlarni soliq tizimlari bilan integratsiya qilishda texnik muammolar ham talaygina. Masalaning bu jihati ham turli elektron tizimlarni faol qo‘llaydigan kafe va restoranlarga (ularning bir qismida ofitsiantlar olingan buyurtmani majmuaning ichki elektron tizimiga kiritadi) ko‘proq muammo tug‘dirmoqda.

Bu davra suhbatidan keyin, Soliq qo‘mitasi unda ko‘tarilgan masalalar, xususan markirovka va integratsiya jarayonlarida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan 21 dekabr kuni tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etilishini e’lon qildi.

Mavzuga oid