Tizimsizlik sabab yo‘qotilgan «Malibu»: endi uni IIB ham, MIB ham topolmayapti. Fuqaro esa yemagan somsaga pul to‘lamoqda
Andishali, ko‘ngilchan xalqmiz. Shu sabablimi, biror hamkasbimiz, tanishimiz bankdan kredit olayotsa, kafil yoki sherik qarzdor bo‘lishdan qo‘rqmaymiz, tavakkal qilamiz. Zamon talabi, kafil bo‘lmasa bank kredit bermaydi, shu yaqinimga qarashib yuboray, deymiz. Biroq bank andisha va ko‘ngilchanlik qilmaydi, asosiy qarzdorga qo‘shib sizniyam sudga beradi, plastik kartangizga “qo‘l soladi”.
Samarqandda kuzatilgan holat bunga yorqin misol. Davlat muassasalarida ishlab kelgan ayol hamkasb tanishining qaynotasi nomiga olinadigan kreditga birgalikdagi qarz oluvchi bo‘lib ariza topshirgan. Bugunga kelib ayol nainki dugonasidan ayrildi, balki bir necha oydan beri boshqalar uchun ishlab beryapti. Plastik kartasiga tushayotgan oylikning yarmini bank, yarmini majburiy ijro byurosi yechib olyapti.
Ozoda Samadova dugonasining iltimosiga ko‘ra uning qaynotasi kredit olishiga ko‘maklashar ekan, hech qanday manfaatdorlik ko‘zlamaganini aytmoqda. Aslida ham bunday holatlarni bugun istagancha kuzatishimiz mumkin. Tanish yoki qarindoshimizning yuzi issiqlik qilib kafil bo‘lyapmiz va banklar ertaga holi-jonimizga qo‘ymayapti. Aniqrog‘i, yemagan somsaga pul to‘lashga majbur bo‘lyapmiz.
Bugunga kelib Samadovadan dugonasi voz kechib ketgan, birga ishlamayapti ham. Asosiy qarzdor Erkin Bo‘riyev esa men seni tanimayman, deyapti. Shu sababli ATB “Kapitalbank”dan “Malibu 2” uchun olingan 224 mln so‘m qarz sud qarori bilan Samadovaning oyligiga ham qaratilgan.
Ayni vaqtda ushbu kredit evaziga garov va taqiqda turgan avtomashina yo‘qotilgan. Qayerdaligi noma’lum.
Vaziyat bo‘yicha, “Kapitalbank” aksiyadorlik tijorat banki Samarqand viloyat filiali mas’ullaridan izoh oldik.
Bank ushbu vaziyatda qo‘li bog‘lanib qolgani, rasmiylashtirilgan hujjatlarga ko‘ra, Samadova ham birgalikdagi qarzdor bo‘lgani uchun qarz uning oyligiga qaratilganini aytmoqda. Bo‘riyev hozirda ishsiz, nomida ham undirish mumkin bo‘lgan biror mulk yo‘q. Asosiy qarzdor bo‘lmish Bo‘riyevning qo‘y-qo‘zilariga ishongan bank bugun amalda hech narsa qilolmaydi, muammoli kreditni bittaga ko‘paytirib olganidan taassufda.
Majburiy ijro byurosiga ko‘ra, ayni vaqtda “Malibu 2”ning qarzini faqat Samadova to‘lab kelyapti. Asosiy qarzdor Bo‘riyevda mulk ham, ish haqi ham yo‘q. Garovga qo‘yilgan, hozirda ta’qiqda bo‘lgan “Malibu”ni esa topib bo‘lmayapti.
Majburiy ijro byurosiga ko‘ra, Bo‘riyev nomidan oxirgi marta 2023 yil iyun oyida to‘lov qilingan. Shundan buyon uning nomiga ish haqi yozilmagan va faqat Samadovaning oyligidan ushlab qolinyapti.
Garovdagi mashina yo‘qotilgani uchun Bo‘riyev ishi MIB surishtiruv bo‘limiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Shundagina Bo‘riyevga nisbatan qandaydir ta’sir chorasi qo‘llash mumkin bo‘larkan.
Samadova ichki ishlar boshqarmasiga ham bir qator e’tirozlar bildirdi. Xususan, garovdagi mashinaning davlat raqami noto‘g‘ri ro‘yxatga qo‘yilgani, natijada majburiy ijro harakatlariga salbiy ta’sir qilgani, shuningdek, taqiqqa olingan mashinani topish bo‘yicha amaliy harakatlar bo‘lmayotganini ma’lum qildi.
Haqiqatan ham mashina IIB tomonidan 2022 yil 28 aprel kuni Erkin Bo‘riyev nomiga rasmiylashtirilish jarayonida negadir davlat raqami xato yozilgan. Ya’ni, 30 K 679 YeA davlat belgisi 30 R 679 YeA tarzda noto‘g‘ri qayd etilgan. Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur mashina ikki oydan ortiq vaqt davomida, 2022 yil 4 iyulga kelib qayta rasmiylashtirilgunga qadar IIB bazasida mavjud bo‘lmagan raqam bilan harakatlangan. Mashinaning davlat raqami almashayotgani, xatolik ketgani bo‘yicha kredit bergan bank xabardor qilinmagan ham.
Qizig‘i, 2022 yil 18 oktyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi kreditni muddatdan oldin undirish uchun garovga qo‘yilgan mulkka, ya’ni Bo‘riyev nomidagi “Malibu 2” qaratish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Shubhali tomoni shundaki, IIB sud qaroridan uch kun o‘tib o‘sha avtomobilni siqilgan gazga o‘tkazilgani uchun yana qayta ro‘yxatdan o‘tkazgan. IIB bu safar ham “Malibu 2”ning egasiga “ko‘ngilchanlik” qilgan, mashina hujjatlari, uning garovdaligi bilan qiziqib ham ko‘rmagan. Bu safar ham bank xabardor qilinmagan.
Qo‘pol qilib aytganda, tizimning rasvo ishlashi natijasida sud qarori bo‘la turib ham mashina yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yib berilgan.
Ushbu holat bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati Xurshid Safarovdan ma’lumot oldik. Safarov mashina taqiqda turgan bo‘lsa ham uning egasining arizasiga ko‘ra, davlat raqamini almashtirish mumkinligini (masalan, raqam yo‘qolganda yoki auksiondan yangi raqam olinganda) ma’lum qildi.
IIB mas’uli aytganidek, haqiqatan ham taqiq va garovda turgan mashinaning davlat raqamini o‘zgartirishga ruxsat berish qoidasi mavjud bo‘lsa, bu ko‘plab qonunbuzarliklarga yo‘l ochib beradi. Xuddi yo‘qorida bo‘lgani kabi. Chunki, MIB va IIBning o‘zi ham taqiqdagi mashinani asosan davlat raqamiga qarab aniqlash amaliyotiga rioya qiladi.
Safarov ikki oydan ortiq vaqt davomida texnik xatolik sabab mashina boshqa raqamda harakatlangani va buning uchun biror mas’ulga chora ko‘rilgan yoki ko‘rilmaganiga izoh bermadi. Mashina hozir ham qidiruvda ekani va bu haqda qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.
Mazkur holat bo‘yicha aloqador tashkilotlar xulosasini olar ekanmiz, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmasligi shundoqqina oydinlashdi. Xatga tushding, o‘tga tushding, deganlari shu. Ozoda Samadova andisha va soddalik qilib dugonasining ra’yini qaytara olmagan bo‘lsa, bugunga kelib bank va majburiy ijro byurosi andisha ham, rahm ham qilmayapti. Qoidaga ko‘ra, shunday bo‘lishi ham kerak.
Bitta yo‘l bor. Garov va ta’qiqdagi avtomashinani topish. Biroq uni ichki ishlar boshqarmasi ham, majburiy ijro byurosi ham topolmayapti. Samadovaning mustaqil surishtiruvlariga asoslanadigan bo‘lsak, mashina allaqachon sotib yuborilgan. Sotib yuborilgan bo‘lsa, u qanday rasmiylashtirilgan, kimga sotilgan bu hozircha bizga qorong‘u. Biroq Samadova mashinani sotib olgan fuqaro bilan telefon orqali bog‘langani, o‘sha odam “Malibu 2” naqd pul berib olgani, biroq ta’qiqda bo‘lgani uchun undan foydalana olmayotganini ma’lum qilgan.
Xulosa qilish mumkinki, mas’ul tashkilotlar soddalik va andishasi sabab oilasida jiddiy muammolarga uchrab turgan Samadovaning arzimas oyligiga ko‘z tikib o‘tirsa, yaqin o‘n yillarda ham zarar qoplanmaydi. Shunday ekan, asosiy qarzdor Bo‘riyevga nisbatan qonun doirasida qilinishi kerak bo‘lgan harakatlarni tezroq amalga oshirishi, Samadova telefon orqali suhbatlashgan fuqaro orqali mashinani topishga harakat qilishi lozim.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Isomiddin Po‘latov.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024