Jahon | 07:54 / 25.12.2023
7359
3 daqiqa o‘qiladi

Strelkov nomzodini Rossiya prezidentligiga ko‘rsatish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

«DXR» sobiq mudofaa vaziri Igor Strelkovni Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatish bo‘yicha tashabbus guruhi yig‘ilish ishtirokchilaridan 566 nafar imzo to‘pladi. Notariuslar buni tasdiqlash uchun kelmadi.

Foto: Gleb SHCHelkunov / Kommersant’

Moskvada ekstremizmga da’vat qilganlikda ayblanib, hozirda Lefortovo tergov izolyatorida hibsda saqlanayotgan, o‘zini «DXR» deb e’lon qilgan hudud sobiq mudofaa vaziri Igor Girkin (Strelkov) nomzodini Rossiya prezidentligiga ko‘rsatish bo‘yicha tashabbus guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda 24 dekabr, yakshanba kuni Sota va «Ostorojno novosti» Telegram-kanallari xabar berdi.

Sota yozishicha, «tashabbus guruhi yig‘ilishi natijasida Strelkov nomzodini qo‘llab-quvvatlovchi 556 imzo to‘plandi», bu minimal talab qilingan 500 imzodan oshib ketdi. Biroq, protokollar imzolarni tasdiqlashi kerak bo‘lgan notariussiz tasdiqlangan. 

«Notarius kelmadi - tashabbuskor guruh uning ishtirokini talab qiladigan harakatlarni ertaga amalga oshirishga va’da berdi. Guruh shuningdek, yetishmayotgan hujjatlarni (masalan, pasport fotosuratlari) Telegram orqali yuborishni taklif qildi», - deya aniqlik kiritdi «Ostorojno, novosti» kanali. 

Girkin tarafdorlari «jang qilmoqchi» 

Sota tomonidan e’lon qilingan videoda Strelkov shtabining vakili Yevgeniy Skripnik («Prapor» chaqiruv belgisi) «iloji boricha ko‘proq ukrainalik harbiylarni o‘ldirishni, Ukrainada «rus masalasini» ko‘tarishni taklif qildi. Nashrga ko‘ra, Strelkovning prezidentlikka nomzodini qo‘llab-quvvatlashga «Moskva patriarxiyasi Yenisey yeparxiyasining Nikolay cherkovi vakili» kelgan. «MSK vakillari majlisda ko‘rinmadi, ular bunday hujjatlarni qabul qilishi dargumon», deb ta’kidladi «Ostorojno, novosti». 

Noyabr oyida Strelkov prezidentlik saylovlarida ishtirok etish niyatini e’lon qildi. O‘zini «DXR» deb e’lon qilgan hudud sobiq mudofaa vaziri ekstremizmda ayblanib, iyul oyidan beri qamoqda. Unga nisbatan o‘zining Telegram-kanalida Qrim va «DXR» harbiy xizmatchilariga to‘lovlar haqidagi bir nechta postlar e’lon qilingani munosabati bilan jinoiy ish ochilgan. 

Mavzuga oid