O‘zbekiston | 13:58 / 19.01.2024
21521
2 daqiqa o‘qiladi

Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi birinchi o‘rinbosari lavozimidan ketdi

2020 yil iyulidan buyon Oliy sud raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Mahmudova 2023 yil O‘zbekiston prezidentligi saylovida nomzod sifatida ishtirok etgandi.

Foto: Kun.uz

Senat yalpi majlisida Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosarini lavozimdan ozod qilish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, prezident tomonidan Senatga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudovani boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan.

Masala ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.

Robaxon Mahmudova 1958 yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan, 1983 yilda Toshkent davlat universitetining «Huquqshunoslik» fakultetini tamomlagan. Muqaddam Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi raisi lavozimida ishlagan, 2017-2020 yillarda O‘zbekiston prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri bo‘lgan.

2020 yil yanvarida Farg‘ona viloyatidan senator etib saylangan, keyinroq Senatning Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozomiga saylangandi.

U 2020 yil iyul oyidan buyon O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari – Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Robaxon Mahmudova 2023 yil iyun oyida o‘tkazilgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida nomzod sifatida ishtirok etgandi.

Mavzuga oid