Yevroittifoq davlatlari Qizil dengizda harbiy operatsiya o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldi
Qizil dengizdagi harbiy operatsiya savdo kemalarini Yamandan husiychilar hujumidan himoya qilishni ta’minlashi kerak, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel.
Yevropa Ittifoqi davlatlari Qizil dengizda tijoriy yuk tashish xavfsizligini ta’minlash uchun harbiy operatsiya o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida prinsipial kelishuvga erishdi. Bu haqda 22 yanvar, dushanba kuni YeI tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi yig‘ilishi yakunida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari hozirgacha «ushbu missiyaning turli variantlarini muhokama qilgan», uning maqsadi kemalarni Yamandan husiychilarning hujumlaridan himoya qilishdir. Ideal holda, operatsiya fevral oyida boshlanishi kerak, dedi Borrel. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan.
Husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilmoqda
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush fonida Yamanning husiychi isyonchilari 2023 yil oktyabr oyi boshidan beri Qizil dengizdagi tijorat va harbiy kemalarga hujum qilmoqda. Husiychilar G‘azodagi urushga HAMAS tarafida kirganini e’lon qildi.
2024 yil 12 yanvarga o‘tar kechasi AQSh va Britaniya Niderlandiya, Kanada, Avstraliya va Bahrayn ko‘magida Yamandagi husiychilar nishonlariga yirik zarbalar berdi. AQSh prezidenti Jo Bayden bu husiychilarning Qizil dengizdagi xorijiy yuk kemalariga «misli ko‘rilmagan» hujumlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob ekanligini aytdi. O‘shandan beri husiychilarning pozitsiyalariga hujumlar davom etmoqda.
Yanvar oyi boshida Borrel Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga Qizil dengizda maxsus Yevropa dengiz missiyasini yaratish bo‘yicha taklif yuborganini ma’lum qildi. Financial Times yozganidek, Germaniya, Fransiya va Italiya Yevropa Ittifoqining iloji boricha ko‘proq davlatlarini navigatsiya xavfsizligini ta’minlash uchun Qizil dengizga dengiz kuchlari yoki shaxsiy tarkibni yuborishda ishtirok etishga chaqirdi.
Mavzuga oid
15:56 / 22.12.2024
Amerikalik harbiylar Qizil dengiz ustida o‘z qiruvchisini urib tushirdi
14:32 / 20.12.2024
Yevroittifoq Kiyevga qo‘shimcha 30 mlrd yevro ajratmoqchi
12:37 / 29.11.2024
«Siz Rossiyaga xizmat qilasizmi yoki Gurjistonga?» - prezident Tbilisidagi namoyishlarga qo‘shildi
21:05 / 25.11.2024