Istanbuldagi otishma: bir kishi halok bo‘lgan. Turkiya rasmiylari Rossiya va Tojikiston fuqarolaridan gumon qilmoqda
Yakshanba kuni ikki nafar qurollangan shaxs Istanbuldagi cherkovlardan birida ibodat vaqtida o‘t ochdi. Natijada bir kishi halok bo‘lgan. Turkiya hukumati bu hujumda Rossiya va Tojikistonning IShID guruhiga aloqador bo‘lgan fuqarolari gumonlanayotganini ma’lum qildi.
Otishma mahalliy vaqt bilan soat 11:40 atrofida (Grinvich bo‘yicha 08:40) Istanbulning Sariyer tumani hududidagi Avliyo Mariya cherkovida boshlangan.
Jinoyat motivi hozircha to‘liq aniq emas, ammo, BBC Monitoring eksperti Mina al-Lamiyning fikricha, IShID o‘z telegram-kanallaridan birida bu qotillik Turkiyadagi bo‘limi a’zolari tomonidan sodir etilgani va ular bu bilan IShID rahbariyatining nasroniylar va yahudiylarning tanobini tortib qo‘yish to‘g‘risidagi buyrug‘ini bajarishganini e’lon qildi.
Kuzatuv kameralarida yozilgan va mahalliy nashrlar tomonidan tarqatilgan kadrlarga ko‘ra, cherkovga qurollangan ikki shaxs kirib kelganida dindorlar mehrobga (altar’) qarab turgan bo‘lishgan.
Gumonlanuvchilar cherkovga endigina kirib kelgan qora kiyimli kishini ta’qib qilib kelishgan.
O‘t ochilib, jabrlanuvchi og‘ir jarohat olgach, ikki gumonlanuvchi ham xotirjamlik bilan jinoyat joyini tark etishgan.
Yakshanba kuni kechqurun Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya tvitterdagi sahifasida shunday xabar qoldirdi: «Qotillikda gumonlanayotgan ikki kishi qo‘lga olindi».
Keyinroq u Turkiya politsiyasi ushbu qotillik ishi doirasida Istanbuldagi 30 manzil bo‘ylab reydlar uyushtirgani va 47 kishi qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi.
«Ikki gumonlanuvchi ham — boshqa davlatlar fuqarolari. Ulardan biri Tojikistondan, ikkinchisi — rossiyalik, bizning hisoblashimizcha, ular IShIDga aloqador bo‘lishgan», — degan vazir.
Halok bo‘lgan shaxs haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Voqea joyiga kelgan Yerliqoya faqat uning ismi va familiyasining bosh harflarini keltirdi: S. T.
Qurbonning amakisi mahalliy nashrlarga intervyusida u 52 yoshda bo‘lgani va yaqin vaqtlar ichida nasroniylikni qabul qilishni rejalashtirgani, ammo cho‘qinishga ulgurmaganini aytgan. Yana bir qarindoshi esa u ruhan xasta edi va hujum nishoni bo‘lishi mumkin emasdi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hodisa yuzasidan hamdardlik bildirib, qotillar «24 soat ichida topilishi»ni va’da qilgandi.
Qotillik ro‘y bergan cherkov XIX asrda qurilgan va Bosfor bo‘g‘ozi sohili yaqinida, Istanbulning Yevropa qismidagi baliq bozori atrofida joylashgan.
Shahar meri Akrom Imomo‘g‘li tvitterdagi sahifasida shunday yozgan: «Biz shahrimizdagi diniy maskanlarga hujum qilib, hamjihatligimiz va tinchligimizni buzishga urinayotgan kimsalarning niyatlari amalga oshishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz».
Rim papasi Fransisk ham Vatikandagi har kungi ibodat vaqtida Istanbuldagi hodisa yuzasidan to‘xtalib, Avliyo Mariya cherkovi qavmi bilan birdamligini bildirgan.
Turkiyada nasroniylarga qarshi hujumlar juda kam uchraydi. Imomo‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, bu tumandagi musulmonlar va xristianlar totuvlikda yashashadi va mahalliy aholi bu qotillikdan larzaga tushgan.
Mavzuga oid
00:45 / 23.12.2024
Turkiya TIV rahbari Suriyaga qarshi sanksiyalarni tezroq bekor qilishga chaqirdi
17:50 / 19.12.2024
Abxaziya parlamenti oldida otishma yuz berdi. Bir deputat halok bo‘ldi
17:52 / 17.12.2024
WSJ: AQSh Suriya chegarasida turk qo‘shinlari to‘planayotganidan xavotirda
16:47 / 17.12.2024