O‘zbekiston | 10:28 / 18.02.2024
32581
5 daqiqa o‘qiladi

Kimlar yer solig‘idan ozod bo‘lishi ma’lum qilindi

Turli toifalarga kiruvchi shaxslarga bunday imtiyoz tegishli guvohnomalar va mas’ul tashkilotlar xulosasi asosida beriladi.

Boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod qilinadi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan ko‘p bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar deb hisoblanadi.

Qonunchilikka ko‘ra, bunday oilalar jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘idan ozod qilinadi.

Mazkur imtiyoz budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining ma’lumotnomasi asosida beriladi.

Avvalroq, 2019 yil 30 dekabrda qabul qilingan O‘RQ–599-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Soliq kodeksining 436-moddasi birinchi qismining 5-bandidagi “o‘n olti yoshga to‘lmagan beshta” degan so‘zlar “o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan to‘rtta” degan so‘zlar bilan almashtirilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda quyidagi toifalarga kiruvchi shaxslar yer solig‘idan ozod etilgan:

1) O‘zbekiston Qahramoni, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar. Mazkur imtiyoz tegishli daftarchalar, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari bo‘limining ma’lumotnomasi asosida beriladi;

2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar. Mazkur imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari bo‘limining yoxud boshqa vakolatli organning ma’lumotnomasi asosida, boshqa nogironlarga (qatnashchilarga) esa nogironning (qatnashchining) imtiyozlarga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma asosida beriladi;

3) I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi;

4) yolg‘iz pensionerlar. Yolg‘iz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogiron bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolg‘iz pensionerlar deb tushuniladi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining ma’lumotnomasi, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ma’lumotnomasi asosida beriladi;

5) boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar. Ota-onasidan biri yoki ota-onasi vafot etgan hamda oilada o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan to‘rtta va undan ortiq bolalari bo‘lgan oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalardir. Mazkur imtiyoz Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining ma’lumotnomasi asosida beriladi;

6) Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar. Mazkur imtiyoz tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi, nogironligi bo‘lgan shaxsning maxsus guvohnomasi, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatish ishtirokchisining guvohnomasi, shuningdek vakolatli organlar tomonidan berilgan va imtiyozlar berish uchun asos bo‘ladigan boshqa hujjatlar asosida beriladi;

7) energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar — qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga. Mazkur imtiyoz energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan holda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida energiya ta’minoti tashkilotlari tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida beriladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari, bundan 5-bandda ko‘rsatilgani mustasno, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organda ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga beriladi. Bunda mazkur soliq imtiyozlari soliq to‘lovchining tanlovi bo‘yicha faqat bitta yer uchastkasiga berilishi mumkin, bundan ushbu modda birinchi qismining 7-bandida ko‘rsatilgan shaxslar mustasno.

Ushbu moddada ko‘rsatilgan soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.

Mavzuga oid