O‘zbekiston | 19:41 / 19.02.2024
3537
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan uchrashdi

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya hamraisi Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 5-7 oktyabr kunlari Rossiyaga rasmiy tashrifi yakunida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Uchrashuvda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 6,6 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Sanoat, energetika, transport, metallurgiya, kimyo, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. 2023 yilda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, hududlar, ta’lim va tibbiyot forumlarining samarali natijalari yuksak baholandi. 

O‘zaro savdoning o‘sish sur’atlarini davom ettirish, kooperatsiya loyihalarini, shu jumladan joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida uchinchi bor o‘tkaziladigan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi negizida yanada ilgari surish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Mavzuga oid