Jahon | 12:06 / 19.02.2024
8506
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Avdiyivkada asirlar otib tashlangani haqidagi xabarlarni tekshirmoqda

Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivka va Veseloyeda yaqinida asirga olingan olti yarador askarining qatl etilgani haqidagi xabarlar ortidan urush qonunlari va odatlarini buzish moddasi bo‘yicha tergov davom etmoqda, deb yozadi Donetsk viloyat prokuraturasi.

Foto: Donetsk viloyati prokuraturasi

Ukraina Donetsk viloyatining Avdiyivka shahri va Veseloye qishlog‘ida ukrainalik harbiy asirlar qatl etilgani haqidagi xabarlarni tekshirmoqda. Donetsk viloyati prokuraturasining 18 fevral, yakshanba kuni xabar berishicha, jinoyat ishi urush qonunlari va urf-odatlarini buzganlik, qasddan odam o‘ldirish bilan bo‘yicha ochilgan. 

Bir necha soat oldin Telegram-kanallardan birida Ukraina qurolli kuchlarining olti nafar askari Avdiyivkadagi pozitsiyada qatl etilgani haqida xabar paydo bo‘ldi, deya tushuntirdi tergovchilar. Asirlar og‘ir yaralangan va evakuatsiya qilinishini kutishgan, deya xabar beradi prokuratura. Ushbu hududda ehtimoliy qatl haqidagi ma’lumotlar tekshirilmoqda, ammo buni tasdiqlash yoki rad etishning hozircha imkoni yo‘q, dedi «Tavriya» qo‘shinlarining tezkor-strategik guruhi matbuot kotibi Dmitriy Lixovoy «Suspіlne» nashriga. 

Bundan tashqari, 18 fevral kuni ertalab rossiyalik harbiylar Veseloye yaqinida ikki ukrainalik harbiyni otib tashladi, deb xabar berdi Ukraina quruqlikdagi qo‘shinlari. Ukrainaliklar uchuvchisiz uchish apparati kamerasidan olingan videoni e’lon qildi, unda harbiy kiyimdagi erkak navbat bilan ikki kishiga qarata o‘q uzgani ko‘rsatilgan. Ukraina tomoniga ko‘ra, gap Ukraina qurolli kuchlarining asirga olingan ikki askari haqida ketmoqda. 

Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivkadan chiqishi 

Bir kun oldin «Tavriya» qo‘shinlarining tezkor-strategik guruhi qo‘mondoni Aleksandr Tarnavskiy Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkadan oldindan tayyorlangan pozitsiyalarga olib chiqilishini e’lon qildi. Tarnavskiyning so‘zlariga ko‘ra, bir necha ukrainalik askarlar Rossiya kuchlari bosimi ostida asirga tushgan. Rossiya qo‘shinlari 2023 yil oktyabr oyida Avdiyivkaga hujum boshladi. 

Rossiya rasmiylari xabar e’lon qilingan vaqtda Donetsk viloyatida asirlar otib tashlangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi iddaolarga izoh bermadi. Avvalroq Rossiya ham, Ukraina ham bir-birini taslim bo‘lgan askarlarni otib tashlashda ayblagan edi. 

Mavzuga oid