O‘zbekiston | 16:40 / 25.02.2024
9307
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ikkita MChJda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha kamchilik topgan FVB xodimi pora olayotganda ushlandi

FVB xodimi vakolatiga kirmasa ham ikkita MChJda tekshiruv o‘tkazgan, so‘ng kamchilik topib, dalolatnoma tuzmaslik evaziga 600 dollar olayotganda ushlangan.

Foto: Samarqand viloyati hokimligi

DXX va prokuratura departamenti Samarqand viloyati boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand tumani FVB Aholi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha kichik inspektori Sh.J. mahalliy fuqarodan pora olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, Sh.J. xizmat mavqeyidan foydalanib, vakolatiga kirmasa-da, tuman FVB yo‘riqchi-qutqaruvchisi hamda Profilaktika va nazorat bo‘linmasi kichik inspektori bilan birgalikda Samarqand tumani “Qaynama” MFY hududida joylashgan "O.P." va "R.K. 777" MChJlarda yong‘in xavfsizligi yuzasidan tekshirish o‘tkazgan.

Yakunda "O.P" MChJ rahbari L.R.ning o‘zi va opasi K.R.ga tegishli "R.K. 777" MChJlarda yong‘in xavfsizligi talablari bo‘yicha bir qator kamchiliklar aniqlanganini aytib, ularni tekshirish dalolatnomasiga qayd etmaslik va ma’muriy javobgarlikka tortmaslik uchun 600 dollar talab qilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sh.J. 600 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan fuqaro Sh.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, qonuniy chora ko‘rilishi belgilangan.

Mavzuga oid