Ukraina bir oy ichida Rossiyaning 13 ta samolyotini urib tushirgan. Bunga qanday erishilgan?
Ukraina qurolli kuchlari fevral oyining ikki haftasi davomida rossiyaliklarning 13 ta jangovar samolyotini urib tushirgani va bu urushning oldingi ikki oyi davomida urib tushirilgan samolyotlardan ancha ko‘proqligini ma’lum qilmoqda.
Ya’ni samolyotlar oldin ham urib tushirilgan. Yanvar oyi o‘rtalarida ukrain kuchlari rossiyaliklarning A-50 razvedkachi samolyotini hamda Il-22 havodagi qo‘mondonlik punktini urib tushirgandi.
Bundan tashqari, Rossiya hukumati Ukrainani 24 yanvar kuni Belgorod yaqinida Il-76 rusumli harbiy-transport samolyotini urib tushirishda ayblagan, Moskva bu samolyotda almashuv uchun olib ketilayotgan ukrain harbiy asirlari bo‘lganini bildirgan.
Ammo fevral oyiga kelib rossiyaliklarning urib tushirilgan bortlari soni keskin o‘sdi. 17 fevraldan 29 fevralgacha bo‘lgan muddatda, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligiga ko‘ra, jami 13 samolyot urib tushirilgan.
Xususan, 17 fevral kuni kunduzi Su-34 rusumli ikkita bombardimonchi-qiruvchi samolyot va Su-35 rusumli bitta qiruvchi samolyot zarbaga yo‘liqqan. Keyingi kuni esa yana bir Su-34 qulagan.
19 fevral kuni yana bir Su-34 va bitta Su-35S qiruvchi samolyot, 21 fevral kuni esa — yana Su-34 urib tushirilgan.
23 fevral kuni kechqurun Krasnodar o‘lkasida uzoq masofadan radiolokatsion aniqlash ishlarini amalga oshiruvchi (DLRO) A-50 rusumli yana bir samolyot quladi. Ukraina hukumati bu mamlakat harbiy-havo kuchlari va harbiy razvedkaning qo‘shma amaliyoti bo‘lganini ma’lum qildi.
Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, Su-34 rusumli yana ikkita bombardimonchi samolyot 27 fevral kuni urib tushirilgan, turli ma’lumotlarga ko‘ra, 29 fevral kuni tongda va kunning ikkinchi yarmida Ukraina sharqida jami uchta shunday samolyot urib tushirilgan.
Shu tariqa, Rossiya ikki hafta ichida 13 ta samolyotidan ayrilagn, shundan 10 tasi — Su-34 bombardimonchilari.
4-avlodga mansub bo‘lgan bunday samolyot raqibning quruqlik va havodagi nishonlariga raketa-bomba zarbalari yo‘llashga mo‘ljallangan. U aviatsiya bombalari, jumladan KAB-1500 va KAB-500 rusumli yo‘naltiriluvchi bombalar bilan jihozlanadi.
Defense Express nashri ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil boshida Rossiyada Su-34 bombardimonchilaridan 100 ga yaqin va A-50 razvedkachi samolyotlaridan 9 ta bor edi.
Ukraina QK bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, 29 fevral kuniga kelib Rossiya jami 345 ta harbiy samolyotini yo‘qotgan.
Shu bilan birga, Rossiya ko‘p hollarda o‘z jangovar samolyotlarini yo‘qotganini tan olmaydi, hatto internetda buni tasdiqlovchi fotosurat va videolar paydo bo‘lsa ham, Ukraina hukumati ham raqib samolyotlari yo‘q qilingani faktini tasdiqlovchi dalillarni hadeganda e’lon qilavermaydi.
Urush sharoitida esa bu ma’lumotlarni mustaqil tekshirish deyarli imkonsiz.
Yo‘qotishlar ko‘payganiga nima sabab bo‘lishi mumkin?
Kiyevning urib tushirilgan samolyotlar soni tez ko‘paygani haqidagi bayonotlari G‘arb tomonidan o‘q-dorilar, jumladan havo hujumidan mudofaa komplekslari uchun raketalarni yetkazib berish sezilarli darajada kechikayotgani fonida yangramoqda.
Harbiy tahlilchilar fikricha, Ukraina rossiyaliklarning samolyotlarini Patriot zenit-raketa kompleksining «yer-havo» tipidagi raketalari bilan urib tushirishi mumkin. Amerikaning Forbes nashriga ko‘ra, Ukraina nafaqat Patriot, balki norveglarning NASAMS zenit-raketa komplekslarini ham qo‘llamoqda.
Shu bilan birga, BBC Ukraina xizmatining Bosh razvedka boshqarmasidagi manbasi 23 fevral kuni Rossiya hududidagi A-50 razvedkachi samolyotiga sovetlarning S-200 zenit-raketa kompleksining takomillashtirilgan varianti orqali zarba berilganini aytgan.
Britaniya Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti (RUSI) katta ilmiy xodimi Jastin Bronk BBC uchun bergan intervyusida izohlashicha, so‘nggi vaqtlarda rus samolyotlari urib tushirilishi holatlari ortgani Ukraina Patriot tizimlarini xavf ostiga qo‘yib, rossiyaliklarning samolyotlariga zarba berish uchun ularni front chizig‘iga yaqin olib borayotganidan dalolat beradi.
Samolyotlar urib tushirilishi ortgani ushbu samolyotlar ko‘pincha front chizig‘iga yaqin hududlarda harakatlanayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Rossiya Su-34 bombardimonchi samolyotlaridan boshqariluvchi aviatsiya bombalari (KAB) tashlash uchun foydalanadi. Rossiya tomoni bunday kuchli qurollarni avvaliga Avdiyivkada, hozirda esa — Chasiv Yar va Kuraxovdagi turar joy kvartallari va infratuzilmalarni vayron qilish uchun keng ko‘lamda qo‘llamoqda.
Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, boshqariluvchi aviatsiya bombalari hozirda frontdagi Ukraina qurolli kuchlari harbiylari va tinch aholi vakillari uchun eng katta xavf tug‘diradi. Ular juda ko‘p miqdorda qo‘llanmoqda.
Ukraina harbiy-havo kuchlari rasmiy vakili Yuriy Ignat «Ukrainskaya pravda»ga bergan intervyusida samolyotlarni yo‘q qilish uchun Patriot va NASAMS tizimlaridan foydalanilayotganini to‘g‘ridan to‘g‘ri tasdiqlamagan, ammo buni rad ham etmagandi.
«Bizda rossiyaliklarning uzoq masofadagi samolyotlariga yetib borish uchun zarur vositalar bor», — degan u va g‘arbning Patriot va NASAMS kabi zenit-raketa komplekslari birinchi navbatda yirik shaharlar va mamlakat ichkarisidagi strategik obektlarni himoya qilish uchun qo‘llanishini qayd etgan, shu bilan birga, ular bir joyda turmasligi va doimiy ravishda joyini o‘zgartirishini qo‘shimcha qilgan.
U rossiyaliklarning samolyotlari rekord miqdorda urib tushirilgani borasida bu raqib samolyotlarini front chizig‘idan uzoqlashtirishga va ular tomonidan aviatsiya bombalari qo‘llanishi intensivligini pasaytirishga imkon berganini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
08:43
Ukraina MV demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonunni tayyorlashni kechiktirishni so‘radi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024