Jahon | 22:42 / 05.03.2024
8820
3 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro jinoyat sudi Rossiya harbiy qo‘mondonlarini hibsga olish uchun order berdi 

Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Rossiya Aerokosmik kuchlarining uzoq masofali aviatsiyasi qo‘mondoni Sergey Kobilash va Qora dengiz floti qo‘mondoni Viktor Sokolovni hibsga olishga order berdi. 

Viktor Sokolov va Sergey Kobilash

Ular 2022 yil 10 oktyabrdan 2023 yil 9 martgacha bo‘lgan davrda Ukrainadagi urush paytida sodir etilgan jinoyatlarda gumon qilinmoqda. 

«Ikki gumonlanuvchi o‘z qo‘mondonligi ostidagi kuchlar tomonidan kamida 2022 yil 10 oktyabrdan 2023 yil 9 martgacha Ukraina energetika infratuzilmasiga uyushtirilgan raketa hujumlari uchun javobgar, deb hisoblash uchun asosli asoslar mavjud. Bu vaqt ichida [Ukrainadagi] ko‘plab elektr stansiyalari va nimstansiyalariga Rossiya harbiy kuchlari tomonidan hujum uyushtirilgani taxmin qilinmoqda», deyiladi xabarda. 

XJS dastlabki ish yuritish palatasi zarbalar fuqarolik obektlariga berilgani haqida xulosaga kelgan. 

Kobilash va Sokolov «fuqarolik obektlariga hujum qilish, tinch aholiga haddan tashqari tasodifiy zarar yetkazish yoki fuqarolik obektlariga zarar yetkazish, shuningdek, insoniyatga qarshi jinoyatlar» bo‘yicha gumon qilinmoqda. 

Ukrainaning «Ukrenergo» milliy operatori ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil oktyabridan 2023 yil apreligacha Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi energetika obektlariga 1200 dan ortiq raketa va dronlarni uchirdi. Natijada, noyabr oyining o‘rtalariga kelib, energiya tizimining deyarli yarmi o‘chirilib, Ukraina aholisi yorug‘lik va issiqliksiz qoldi. 2023 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, Kiyev iqtisodiyot maktabi mamlakat energetika tizimiga yetkazilgan umumiy zararni 8,8 milliard dollarga baholagan. 

Avvalroq Ukraina Xavfsizlik xizmati Kobilashning Ukraina fuqarolik obektlarini o‘qqa tutishda ishtirok etganiga oid dalillar to‘plaganini da’vo qilgan edi. Ukraina tergoviga ko‘ra, Kobilash «Rossiya oliy harbiy-siyosiy rahbariyatining Ukraina shaharlarini vayron qilish bo‘yicha ko‘rsatmalariga amal qilgan holda» Ukraina hududidagi turar-joy binolari, shifoxonalar va muhim infratuzilma obektlariga ommaviy raketa hujumlari uchun buyruq bergan. 

2023 yil sentabrida Ukraina maxsus operatsiya kuchlari Viktor Sokolov Sevastopoldagi Rossiya Qora dengiz floti shtab-kvartirasiga raketa hujumi oqibatida halok bo‘lganini da’vo qilgan edi. Bir necha kundan keyin Rossiya Mudofaa vazirligi foto va videolarni e’lon qildi, unda Sokolov vazirlik hay’ati yig‘ilishida ishtirok etganini ko‘rish mumkin edi. 

2023 yil mart oyida Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi. U va bolalar huquqlari bo‘yicha komissar Mariya Lvova-Belova Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilishda gumon qilinmoqda.

Mavzuga oid