Jahon | 09:22 / 16.12.2024
4671
3 daqiqa o‘qiladi

JAR XJS orderi tufayli Putinni G20 sammitiga taklif qilmaydi

Foto: kremlin.ru

Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Yohannesburgdagi G20 sammitiga taklif qilmaydi. Bu haqda 15 dekabr, yakshanba kuni Janubiy Afrika prezidentining rasmiy vakili Vinsent Magvenya ma’lum qildi, uning so‘zlarini TASS agentligi keltirgan.

Bunga Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan Putinni hibsga olishga berilgan order sabab bo‘ldi. Janubiy Afrika XJS faoliyatining asosini tashkil etuvchi Rim statutini ratifikatsiya qildi va agar Rossiya rahbari tashrif buyursa, uni hibsga olishi kerak. Shunga o‘xshash qoidalar 2023 yil 22-24 avgust kunlari Yohannesburgda bo‘lib o‘tgan BRIKSning 15-sammitida ham amal qilgan.

«BRIKSning Yohannesburgdagi sammitidan beri huquqiy vaziyat o‘zgarmadi, biz hech qanday tarzda XJS qarorlariga ta’sir qila olmaymiz», deb ta’kidladi Magvenya. Bir yil muqaddam Putin video-aloqa orqali sammitda qatnashgan edi. Rossiya tomonidan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shaxsan ishtirok etdi.

G20 — eng rivojlangan va rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlar hukumatlari klubi. 1 dekabr kuni Janubiy Afrika 12 oylik raislikni qabul qildi. Sammit 2025 yilning 21-22 noyabr kunlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

FT: Ramaposaning Putinni maqtashi JAR koalitsiyasini parchaladi

Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramaposaning Qozondagi BRIKS sammitida Rossiya yetakchisi Vladimir Putin haqidagi maqtovli izohlari Janubiy Afrikaning 10 partiyali hukmron koalitsiyasi, jumladan, Afrika milliy kongressi (AMK) va sobiq muxolifatdagi Demokratik alyans (DA) o‘rtasidagi bo‘linishni chuqurlashtirdi. Bu formatda u besh yillik muddatining oxirigacha omon qolmasligi mumkinligi haqida qo‘rquv kuchaymoqda. Bu haqda Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasi 29 oktyabr kuni o‘z saytida ma’lum qildi.

Ramaposa Rossiya Federatsiyasiga tashrifi chog‘ida Putin Janubiy Afrikaning «qimmatli ittifoqchisi» va «qimmatli do‘sti» ekanligini aytgan.

Mavzuga oid