Jamiyat | 15:58 / 06.03.2024
15160
9 daqiqa o‘qiladi

Infratuzilmasi ham, ta’limi ham sifatsiz maktablar – MHTI tahlillarini e’lon qildi

O‘zbekistondagi maktablarda bitta o‘ringa 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Maktablarning deyarli 16 foizi kapital ta’mirlashga muhtoj, 4,6 foizi esa umuman yaroqsiz holatda. 70 foizi kanalizatsiya tizimiga, 28,4 foizi esa internet tarmog‘iga ulanmagan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ta’lim tizimidagi sifat samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari o‘quv darsliklarining sifati, o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi, ularning malakasi, maktablar infratuzilmasi va ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtiroki bilan bog‘liq. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti yozmoqda. Institut omillar kesimida o‘z tahlillarini e’lon qildi.

Maktablar infratuzilmasi

2022-2023 o‘quv yiliga kelib O‘zbekistondagi maktablar soni 10 522 taga yetgan. Ularning 62,5 foizi, ya’ni 6 571 tasi qishloqlarda joylashgan. Hozirga kelib o‘quvchilar soni 6 461 741 nafarni tashkil etadi, ularning 0,71 foizi xususiy maktablarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi maktablar 5 283 916 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan, ya’ni bitta o‘ringa 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Buning oqibatida respublikadagi umumta’lim maktablarining 0,1 foizi (13 ta) uchta smenada va 73,1 foizi (7 521 ta) ikkita smenada ishlaydi. Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar soni 2,1 milliondan oshiq bo‘lib, jami o‘quvchilarning 33 foizini tashkil etadi.

Umumta’lim maktablarining 35,8 foizida oshxona yoki bufet, 5 foizida kutubxona, 21 foizida sport zali yo‘q. Maktablarning bor-yo‘g‘i 30 foizi kanalizatsiyaga ega, qolganida mavjud emas. Respublikadagi 15,9 foiz, 1 658 ta ta’lim muassasasi kapital ta’mirga muhtoj, ularning 63 foizi qishloq hududlarida joylashgan.

O‘rganishlarga ko‘ra, Buxoro viloyatidan tashqari barcha hududlarda ta’mirlashga muhtoj maktablar mavjud. Bu maktablarning katta qismi Toshkent (219 ta), Surxondaryo (209 ta) va Qashqadaryo (204 ta) viloyatlarida joylashgan.

Maktablarning 4,3 foizi, 451 tasi avariya holatida, ularning ham katta qismi, ya’ni 60,7 foizi qishloq joylariga to‘g‘ri keladi. Kompyuterlarning 71,6 foizi internet tarmog‘iga ulangan, 28,4 foizi esa ulanmagan, qishloq joylarda esa 69,4 foizi ulangan, 30,6 foizida yo‘q.    

O‘qituvchilar bilan ta’minlanish darajasi

MHTIning yozishicha, 2022-2023 o‘quv yilida o‘qituvchilar soni o‘rindoshlarsiz 521 ming nafardan oshgan, o‘quvchilar soni esa deyarli 6,5 million nafarni tashkil etgan. Institutga ko‘ra, bundan kelib chiqilsa, har bir o‘qituvchiga 12,4 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi.    

2018-2022 yillar oralig‘ida davr boshiga nisbatan respublikada sinflar soni 10,5 foizga va o‘qituvchilar soni 15,1 foizga o‘sgan. Toshkent shahridan tashqari barcha hududlarda o‘qituvchilar sonining o‘sishi sinflar sonidagi o‘sishdan yuqori bo‘lgan. Bu esa o‘z navbatida Toshkent shahridagi o‘qituvchilarga yuklamaning oshishiga olib keladi.

Qolaversa, tahlilda pedagog xodimlarning bir stavkadagi ish yuklamasidan kelib chiqib, fanlar kesimida qanday o‘qituvchilar yetishmayotgani aniqlangan. Unga ko‘ra O‘zbekistonda chet tili, informatika va axborot texnologiyalari hamda texnologiya fanlari o‘qituvchilarining defitsiti bor.

Pedagoglar malakasi

Statistikaga ko‘ra, bugungi kunda tizimdagi o‘qituvchilarning 90,1 foizi oliy ma’lumotga ega. Ularning 89,2 foizi oliy pedagogik ma’lumotli. Pedagog xodimlarning bor-yo‘g‘i 53,7 foizi toifaga ega. Ularning orasida 19 foizi oliy, 36,1 foizi birinchi, 44,9 foizi ikkinchi toifali. 

PISA natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘quvchilarning 25 foizi darslarda o‘qituvchini tinglamaganini bildirgan. Bu IHTT (OECD) davlatlari orasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 5 foiz punktiga past bo‘lishiga qaramay, o‘qituvchilar o‘quvchilarni qiziqtira olmayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, 2022 yilda 294,1 ming nafar o‘qituvchini attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida ularning 7 foizi, 20 300 nafari o‘qituvchilik lavozimiga loyiq emasligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilar soni ko‘p bo‘lishi test natijalariga ijobiy ta’sir qiladi, ya’ni sertifikatlarga ega bo‘lgan va attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilarning o‘quvchilari bilim darajasi yuqori bo‘ladi. 2018-2022 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda matematika fanidan attestatsiyadan o‘tgan o‘qituvchilar soni o‘zgarishsiz qolgan. PISAʼda ishtirok etgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning bor-yo‘g‘i 24,6 foizi xalqaro va unga tenglashtirilgan mahalliy sertifikatga ega. O‘zbekiston PISAʼda ishtirok etgan davlatlar orasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha oxirgidan bitta oldingi o‘rinni egallamoqda. Bu esa o‘z navbatida test natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. 

Institutning yuqoridagi solishtiruvlarini hisobga olsak, tahlilning bu qismida o‘qituvchilar har qancha oliy ma’lumotli yoki malaka toifalarga ega bo‘lishmasin, ularning pedagogik malakasi yetarli darajada emas.

Ota-onalarning farzand ta’limidagi ishtiroki

PISA tadqiqotida ishtirok etgan o‘zbekistonlik ota-onalarning 72 foizi har kuni farzandidan maktabda nimalar qilganini so‘rashi ma’lum bo‘lgan, qolgan 28 foizi esa aksini bildirgan.

MHTI tomonidan 2023 yilning aprel oyida ota-onalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning 21 foizi farzandining o‘qituvchisi bilan haftada bir marotaba suhbatlashadi, 16,1 foizi umuman aloqa qilmaydi. Ularning 7 foizi farzandining ta’limi va kelajakdagi kasbi bo‘yicha unga yordam ko‘rsatmasligini yoki qanday yordam berishni bilmasligini, 0,5 foiz ota-onalar farzandining ta’lim olishi bilan umuman qiziqmasligini bildirgan.

Umumiy xulosa

Olib borilgan tahlil natijalariga ko‘ra, umumta’lim tizimidagi sifatning pastligi quyidagi sabablar bilan asoslanadi:

  • umumta’lim tizimiga sarflanayotgan davlat budjeti xarajatlari nomutanosib taqsimlangan;
  • maktablarning deyarli 16 foizi kapital ta’mirlashga muhtoj, 4,6 foizi esa umuman yaroqsiz holatda;
  • maktablardagi kompyuter sinflarida kompyuterlar soni kam;
  • maktablarning 70 foizi kanalizatsiya tizimiga ulanmagan. Bu esa o‘z navbatida sanitariya talablariga javob bermasligini anglatadi, shuningdek, atmosferaga chiquvchi zararli moddalar hajmini oshirib, bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • maktablarning 28,4 foizi internet tarmog‘iga ulanmagan;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘qituvchilar yuklamasi yuqori;
  • respublika maktablarida chet tili o‘qituvchilari yetishmasligi kuzatilmoqda;
  • texnologiya va informatsion texnologiyalar fanlaridan ham o‘qituvchilar yetishmaydi;
  • o‘qituvchilar orasida attestatsiyadan o‘ta olmaslik ko‘rsatkichlari yuqori;
  • fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilar soni kam;
  • ota-onalarning farzandlar ta’limidagi ishtiroki nisbatan sust.

Aniqlangan muammolardan kelib chiqib, umumta’lim tizimidagi sifatni yaxshilash uchun har tomonlama yondashish taklif etiladi. Birinchi navbatda maktablarni ta’mirlash va ularning infratuzilmasini yaxshilash, o‘qituvchilar malakasini oshirish va ota-onalarni o‘quv jarayoniga jalb etishni qo‘llab-quvvatlash zarur.

MHTI yuqoridagi muammolar yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini ham berib o‘tgan. Unga ko‘ra, ta’lim jarayoni sifatiga ijobiy ta’sir etuvchi ikkita ta’lim islohoti ko‘rib chiqilgan:

  1. O‘quvchilarning o‘rganish darajasiga qarab o‘qitish tizimi. Ushbu mexanizm o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchilarning tengdoshlariga yetib olishi uchun qo‘llangan.
  2. Texnologiyalardan foydalangan holda o‘quvchilarning bilim darajasiga qarab o‘qitish. Buning uchun eMaktab saytida o‘quvchilarning bilim darajasini baholab, unga mos ravishda videomateriallarni taklif etadigan platforma yaratish kerakligi, videodarsliklarni yaratishga respublikadagi yuqori malakali o‘qituvchilarni jalb etish lozimligi aytiladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, bu materiallar Kundalik.uz saytiga yuklanadi. Bunda o‘quvchilar darsning so‘nggi 10 daqiqasida o‘tilgan mavzu bo‘yicha mashqlarni planshet yordamida yuqorida keltirilgan platforma yordamida amalga oshiradi. Institutga ko‘ra, bu mashg‘ulotlar PISA va PIRLS imtihonlari uchun zarur bo‘lgan fanlarga (o‘qish, matematika, tabiiy fanlar) mo‘ljallangan.

Mavzuga oid