Jahon | 13:20 / 21.03.2024
5499
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml Rossiya aktivlaridan olingan daromad musodarasi uchun sud bilan tahdid qildi

Agar muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushgan daromadlar musodara etilsa, javobgarlar va Yevropa Ittifoqi davlatlari «bir necha o‘n yillar davomida qonuniy ta’qibga uchraydi», dedi Peskov.

Foto: REUTERS / SCANPIX

Agar Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘ni musodara qilishga va ularni Ukrainaga o‘tkazishga qaror qilsa, Bryussel «muqarrar zararga» duch keladi, deb hisoblaydi Kreml. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 20 mart, chorshanba kuni YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning RF aktivlaridan tushgan mablag‘ 90 foizini olib qo‘yish hamda Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni moliyalashtiruvchi fondga yuborish bo‘yicha taklifini izohlar ekan, bunday qadam Yevropa iqtisodiyotiga va YeIning «mulk daxlsizligi ishonchli kafolati» imidjiga putur yetkazadi, deb ma’lum qildi.

Agar bu qaror qabul qilinsa, mas’ul shaxslar va davlatlar «bir necha o‘n yillar davomida ta’qib obektiga aylanadi», deb tahdid qildi Putin matbuot kotibi. 

Borrelning taklifi 

Bir kun avval Borrel 21-22 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan pul 90 foizini Yevropa tinchlik jamg‘armasi (EPF) orqali Ukraina uchun qurol sotib olishga ishlatishni taklif qilishini ma’lum qilgan edi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday chora o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan Ukrainaga har yili 3 milliard yevroga yaqin mablag‘ ajratish imkonini beradi. Yevropa diplomatiyasi rahbarining aniqlik kiritishicha, Rossiya aktivlaridan tushgan daromad qolgan 10 foizi Ukraina mudofaa sanoati salohiyatini oshirish uchun foydalanish maqsadida YeI budjetiga o‘tkazilishi mumkin. 

Bir kun avval Yevroittifoq, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashi qaroriga ko‘ra, Ukrainaga harbiy yordam uchun yana 5 milliard yevro ajratgani ma’lum bo‘lgan edi. Yevropa tinchlik jamg‘armasining moliyaviy chegarasi bu miqdorga (ya’ni, 17 milliard yevrogacha) oshiriladi va mablag‘lar maxsus yaratilgan Ukrainaga yordam jamg‘armasiga (Ukraine Assistance Fund, UAF) yo‘naltiriladi. Yangi fond Yevropa Ittifoqi va Norvegiya mudofaa sanoatidan qo‘shma xaridlarni ko‘paytirishga qaratilgan. 

Yevropa Ittifoqi kengashi ko‘p oy davom etgan muhokamalardan so‘ng yanvarda muzlatilgan Rossiya aktivlaridan tushumlarni Ukrainaga o‘tkazish bo‘yicha fundamental qaror qabul qildi. Yevropa Ittifoqi muzlatilgan aktivlarning o‘zini musodara qilish uchun qonuniy asosga ega emas, deya ma’lumot berdi Bryussel.

Mavzuga oid