Ukraina bo‘ylab zarbalar oqibatlari hamda protez qo‘l va oyoqlarga o‘rganayotgan jangchilar. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 762-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Volodimir Zelenskiy Oleksiy Danilovni Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi bosh kotibi lavozimidan bo‘shatdi. Uning o‘rnini tashqi razvedka xizmatining sobiq rahbari Oleksandr Litvinenko egalladi.
- «Xasta va orsiz mavjudot». Zelenskiy yana bir bor Ukraina «Krokus»dagi teraktga aloqadorligi haqida gapirgan Vladimir Putinga javob qaytardi.
- Nikolay Patrushev va Aleksandr Bortnikov ham «Krokus»dagi teraktga Ukraina aloqadorligi to‘g‘risida gapirishdi. Shu bilan birga, Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Putinning atrofidagilar amalda Kiyev teraktga aloqador deb hisoblamayapti.
- Moskva sudi Ukraina xavfsizlik rahbari Vasiliy Malyukni teraktda ayblab, sirtdan hibsga oldi. U Ukraina maxsus xizmatlari Rossiya va Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlarida rossiyalik propagandachilar hamda ayirmachilarga qarshi suiqasdlar uyushtirganini tasdiqlagan.
- Rossiya BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalarini chetlab o‘tgan holda Shimoliy Koreyaga neft yetkazib bera boshladi, deb yozadi Financial Times. Katta ehtimol bilan, bu barter Ukraina bilan urush uchun qurol-yarog‘ yetkazib berilgani evaziga amalga oshirilmoqda.
- Rossiya Federal xavfsizlik xizmati «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» tarafdorlari Samara oblastida terakt sodir etishga tayyorlangani haqida ma’lum qildi. Maxsus xizmatlar versiyasiga ko‘ra, qo‘lga olish chog‘ida «bomba portlab ketgan», gumonlanuvchi halok bo‘lgan.
Kun kadri. Buchadagi qurbonlar uchun yodgorlik
2022 yil mart oyi oxirida Rossiya qo‘shini Buchadan chekingandi — Kiyev oblastidagi bu kichik shahar Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning ilk kunlarida egallab olingandi. Okkupatsiya chog‘ida Buchada o‘nlab kishilar halok bo‘ldi, tinch aholi vakillarining jasadlari ko‘chalarda yotdi. Rossiya hukumati ko‘plab guvohliklarga qaramay, o‘z harbiy xizmatchilari Buchada qotilliklar sodir etganini inkor etadi. Buchadagi hodisalar haqida ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan postlar uchun RFda Rossiya armiyasi to‘g‘risida «feyk» tarqatish bo‘yicha jinoiy ishlar ochilgan.
Rossiya zarbalaridan keyin Xarkiv va Odessada blekaut
Rossiya qo‘shini Ukrainaning energetika infratuzilma obektlariga raketa zarbalari yo‘llashda va dronlar bilan hujum qilishda davom etmoqda. 22 mart kuni yopirilma zarbalar oqibatida Xarkiv va Odessada elektr ta’minoti uzilib qoldi. Energetiklar brigadalari Rossiya zarbalari oqibatlarini imkon qadar tezroq bartaraf etish uchun imkoniyat doirasidagi barcha ishlarni qilishmoqda, ammo iste’molchilarning bir qismi zarbalardan bir necha kun o‘tganidan keyin ham toksiz qolmoqda.
Liman atrofidagi ukrain harbiylari
Donetsk oblastidagi Liman shahri — Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil kuzida Rossiya qo‘shinidan qaytarib olgan shaharlardan biridir. Kuchli darajada vayron bo‘lgan Liman shahri atrofida hamon shiddatli janglar ketmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining 27 mart tongidagi hisobotida aytilishicha, o‘tgan kun davomida ukrain harbiylari Liman yo‘nalishida raqibning 13 hujumini qaytargan. Rossiya qo‘shini frontning bu uchastkasida aviatsiya ko‘magida yurish qilishga urinmoqda, ukrain harbiylari esa mudofaani ushlab turibdi.
Vuhledardagi vayrongarchiliklar
Vuhledar — Donetsk oblastidagi shahar bo‘lib, ikki yildan ortiq vaqtdan buyon harbiy harakatlar markazida bo‘lib qolmoqda. Shahar Rossiya qo‘shinlarining muntazam zarbalari tufayli vayron bo‘lgan.
Qo‘l-oyog‘ini yo‘qotgan ukrain jangchilarining reabilitatsiya jarayoni
Kiyevda 2023 yildan Murakkab endoprotezlash, osteointegratsiya va bionika markazi faoliyat yuritib kelmoqda, bu yerda frontda yaralangan harbiy xizmatchilarga yordam ko‘rsatiladi. Markaz shifokorlari murakkab operatsiyalar o‘tkazishadi, jumladan qo‘l-oyoqlarni tiklashda osteointegratsiya deb ataluvchi eng yangi metodlar qo‘llanadi. Jarrohlik amaliyotlari va eng zamonaviy bionik protezlar uchun «Hayotni qutqarish markazi» xayriya tashkiloti yig‘gan mablag‘lardan ajratiladi.
Kiyev o‘qqa tutilishi
Rossiya qo‘shini 24 mart kuni Kiyev bo‘ylab raketa zarbasi yo‘llagandi. Havo hujumidan mudofaa vositalari Ukraina poytaxti uzra ikkita ballistik raketani urib tushirgan. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lumotiga ko‘ra, 10 kishi jarohat olgan.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024