Putin «Crocus City Hall»dagi terakt tufayli oliy martabali kuchishlatarlarning iste’fosini tayyorlamoqda
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva ostonasida joylashgan «Crocus City Hall» konsert zalida uyushtirilgan va 140 dan ortiq kishining o‘limi, 100 ga yaqin inson bedarak yo‘qolishi va 360 kishi jabrlanishiga sabab bo‘lgan terakt tufayli kuchishlatar tizimlarning oliy martabali rahbarlarini iste’foga chiqarishi mumkin.
Lavozim almashinuvlari Rossiya maxsus xizmatlarini ham chetlab o‘tmaydi, deb yozadi Bloomberg Rossiya hokimiyatiga yaqin manbalariga asoslanib. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, ayrim mansabdorlar AQSh tomonidan kelgan bo‘lajak hujumga tegishli tarzda munosabat bildira olmagani uchun o‘z kursilaridan ayrilishi mumkin.
Taxminlarga ko‘ra, FXX direktori Aleksandr Bortnikov, ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev va Rosgvardiya direktori Viktor Zolotov ishdan bo‘shatilishi mumkin. Kreml tomonidan e’lon qilingan videoda ular prezident tomonidan terakt oqibatlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor majlisida ishtirok etganini ko‘rish mumkin. Biroq videoda ularning chiqishlari yo‘q.
Bloomberg manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Kremldagilar federal budjetdan trillionlab moliyalashtirilayotgani, fuqarolar ortidan kuzatuv uchun misli ko‘rilmagan vakolatlar taqdim etilganiga qaramasdan so‘nggi yigirma yil ichida Rossiyada sodir etilgan eng qonli teraktning oldi olinmaganidan shokka tushishgan.
«Crocus City Hall» binosining o‘zida «Pavshino» politsiya bo‘linmasi joylashgan bo‘lib, terrorchilar hujumi chog‘ida politsiya xodimlari odamlarga yordam berish uchun kelishmagan. Gap kichik politsiya tayanch punkti haqida ketmayapti, bu yerda pasport stoli, qurol-yarog‘ xonasiga ega, zarur aslahalar bilan ta’minlangan va butun Pavshino hududini patrul qiladigan yirik bo‘lim bor. «Bu sharmandalik, — degan manbalardan biri. — Agar bu politsiyachilar guruhi odamlarga yordamga kelganida, shak-shubhasiz ularni qutqargan bo‘lishardi. Politsiya xodimlari shunchaki qo‘rqoqlik qilishgan».
Rosgvardiyaning maxsus bo‘linmalari — SOBR va OMON yonayotgan konsert zaliga terrorchilar hujumidan bir soat o‘tib yetib kelishgan. Qurolsiz odamlarga hujum esa bor-yo‘g‘i 18 daqiqa davom etgan va shunday so‘ng terrorchilar mashinasiga o‘tirib, voqea joyidan jo‘nab ketgan.
Vladimir Putinning o‘zi fuqarolarga murojaatnomasida kuchishlatar tuzilmalarning ishi barbod bo‘lganini tan olmasdan, terrorchilar Ukraina bilan bog‘liq ekani, ta’qibdan qochayotgan jinoyatchilarga chegarada «darcha» tashkil qilinganini ta’kidlagan. Keyinroq Putinning talqinini FXX direktori Aleksandr Bortnikov va Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ham takrorlashgan.
Biroq, Kremlda va Rossiya elitasida «Ukrainaning qo‘li» borligiga hech kim ishonmayapti, deyishmoqda Bloomberg manbalari. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Putinning o‘zi ham Kiyevning aralashganiga isbot yo‘qligi biladi: manba mulozimlar shunday to‘xtamga kelgan munozaralarda shaxsan ishtirok etgan. Lekin shunga qaramasdan, Vladimir Putin bu fojiadan rossiyaliklarni Ukrainadagi urush atrofida yanada jipslashtirish uchun foydalanishga urinmoqda, degan Bloomberg hamsuhbatlaridan biri.
Mavzuga oid
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024
«Men va Putin» - Turkiya prezidenti dunyoda faqat ikki yetakchi qolganini aytdi
16:51 / 09.12.2024