Milliy jamoaning Hong kongga qarshi o‘yinidan so‘ng tartibsizlik qilgan shaxslar javobgarlikka tortildi
Tartibsizlik qilgan 6 nafar bolaning ota-onasi jarimaga tortilgan. 2 nafar shaxs 5 sutka, bir kishi 7 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi olgan. OFK mazkur tartibsizlik uchun O‘FAni jarimaga tortgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining Hongkongga qarshi o‘yini tugagach bir guruh muxlislar tartib-qoidalarni buzib stadionga chiqib ketishgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
2024 yil 26 mart kuni Toshkentdagi Bunyodkor stadionida O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 hamda Osiyo kubogi-2027 qo‘shma saralash bosqichi doirasida Hongkong terma jamoasini qabul qildi.
O‘yinda milliy jamoa raqib ustidan yirik g‘alabaga erishib, hal qiluvchi 3-saralash bosqichi va Saudiya Arabistonida o‘tadigan Osiyo kubogi-2027ga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shu kuni o‘yin tugagandan so‘ng bir necha nafar futbol ishqibozlari tartib-qoidalarni buzgan holda stadion maydoniga chiqib ketishgan.
Ular huquqni muhofaza qilish xodimlarining qonuniy talablarini bajarmay, ularga ham qarshilik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng ular Chilonzor tumani IIBga olib borilgan.
Tartibbuzarlarning 6 nafari voyaga yetmagan shaxs bo‘lgani uchun MJtKning tegishli moddalariga asosan ularning ota-onalari jarimaga tortilgan.
Qolgan uch nafar shaxsga nisbatan ham ma’muriy bayonnomalar tuzilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudiga yuborilgan.
Sud tomonidan qoidabuzarlarning ikki nafariga MJtKning 183 va 194-moddalariga binoan 5 sutkadan, yana bir shaxsga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Sport sharhlovchisi Davron Fayziyevning ma’lum qilishicha, OFK muxlislarning ushbu tartibsizligi uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini jarimaga tortgan.
Mavzuga oid
10:19 / 20.12.2024
O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida o‘zaro vizasiz tartib o‘rnatish masalasi muhokama qilinmoqda
23:51 / 10.12.2024
Xitoy «Hongkong ishiga aloqador» AQSh fuqarolariga viza berishni chekladi
17:40 / 03.12.2024
Hongkongda 2,5 ming panda haykallaridan iborat ko‘rgazma o‘tkazilmoqda
00:28 / 06.09.2024