Jahon | 21:00 / 03.04.2024
60259
3 daqiqa o‘qiladi

Forbes 2024 yilda dunyoning eng boy odamlari reytingini e’lon qildi 

Bernar Arno, Ilon Mask va Jyeff Bezos dunyoning eng badavlat odamlari reytingida yetakchilik qilmoqda. 

Foto: Kevin McGivern for Forbes

Forbes (AQSh) jurnali dunyoning eng boy milliarderlarining navbatdagi yillik reytingini taqdim etdi. 

Ro‘yxatda birinchi o‘rinni Louis Vuitton, Fendi, Givenchy, Christian Dior, Hennessy, Dom Pérignon, Tiffany & Co kompaniyalariga egalik qiluvchi LVMH konglomerati rahbari, fransuz Bernar Arno egalladi. U qatorasiga ikkinchi yil shunday maqomga ega bo‘lmoqda. 

Forbes jurnali Arno boyligini 233 milliardga baholadi va bu o‘tgan yilgi natijaga (211 milliard dollar) nisbatan 10 foizdan ko‘proq o‘sdi. 75 yoshli milliarderning asosiy boyligi LVMH aksiyalari hisoblanadi. 

Ro‘yxatda ikkinchi o‘rinni, o‘tgan yilgidek, Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask egalladi. Forbes uning boyligini 195 milliard dollarga baholagan. Tadbirkor o‘tgan yilgi natijasini yaxshilagan (180 milliard dollar), biroq 219 milliard dollar boyligi bilan reytingda birinchi o‘rinni egallagan 2019 yildagi ko‘rsatkichga erisha olmagan. Mask Tesla aksiyalarining 21 foiziga egalik qiladi. 

Kuchli uchlikni Amazon asoschisi Jyeff Bezos yopdi. U o‘tgan yilgi reytingga nisbatan o‘z o‘rnini o‘zgartirmadi, lekin natijani sezilarli darajada yaxshiladi: uning kapitali bir yil oldingi 114 milliard dollarga nisbatan 194 milliard dollarga baholandi. Milliarder o‘zi asos solgan IT gigantining 10 foiz aksiyalariga egalik qiladi. 

Meta rahbari (Facebook, Instagram va WhatsApp egasi) Mark Tsukerberg 2024 yilgi reytingda kuchli beshlikka qaytdi. U 177 milliard dollar boyligi bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilgiga (64,4 milliard dollar) nisbatan qariyb uch baravar ko‘p. Tsukerberg oxirgi marta 2021 yilda 97 milliard dollar boyligi bilan kuchli beshlikka kirgan edi. 

Nihoyat, beshinchi o‘rinni dasturiy ta’minot va server apparatlarini ishlab chiqaruvchi Oracle asoschisi Larri Ellison egalladi. U o‘tgan yilga nisbatan o‘z natijasini yaxshiladi (107 milliard dollardan 141 milliard dollarga), lekin umumiy reytingda bir pog‘onani yo‘qotdi. 

Dunyoning eng badavlat tadbirkorlari o‘ntaligiga o‘tgan yilgidek Berkshire Hathaway rahbari Uorren Baffet (6-o‘rin, 133 milliard dollar), Microsoft asoschisi Bill Geyts (7-o‘rin, 128 milliard dollar) va korporatsiyaning sobiq bosh direktori Stiv Balmer (8-o‘rin, 121 milliard dollar) kirdi. Hindistonlik tadbirkor, energetika, neft-kimyo, telekommunikatsiya, chakana savdo va moliyaviy xizmatlar sohalarida faoliyat yurituvchi Reliance Industries rahbari Mukesh Ambani 116 milliard dollar boyligi bilan reytingda to‘qqizinchi bo‘ldi. Yuqori o‘ntalikdan Google asoschisi Larri Peyj (10-o‘rin, 114 milliard dollar) ham joy oldi.

Mavzuga oid