Jahon | 10:07 / 03.04.2024
12784
5 daqiqa o‘qiladi

WP: AQSh Rossiyani aynan «Krokus» terrorchilar nishoni ekani haqida avvaldan xabardor qilgan

WP maqolasida aytilishicha, Vashington tomonidan berilgan ogohlantirish aniqligi Moskvaning u terror hujumi oldini olishga yordam bera olmaydigan darajada umumiy bo‘lgani haqidagi da’volariga ziddir. 

Foto: X / nexta_tv

Mart oyi boshida Rossiya maxsus xizmatlariga Rossiya Federatsiyasida terakt sodir etilishi xavfi haqida ma’lumot yuborar ekan, Qo‘shma Shtatlar Krasnogorskdagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalini ehtimoliy nishon sifatida ko‘rsatgan. Bu haqda 2 aprel, seshanba kuni vaziyat bilan tanish bo‘lgan amerikalik rasmiylarga tayanib, The Washington Post nashri yozdi

«Ogohlantirish yuqori darajada aniqligi Vashingtonning IShID ko‘p sonli tinch aholiga tahdid soladigan hujum tayyorlayotganiga ishonchini ta’kidlaydi va Moskvaning AQSh ogohlantirishlari hujum oldini olishga yordam bera olmaydigan darajada umumiy bo‘lgani haqidagi da’volariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddir», — deyiladi nashrda. 

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) avvalroq Vashington «Rossiya rasmiylariga Moskvada rejalashtirilgan terakt haqida ma’lumot berganini bildirgan, biroq «Krokus Siti Xoll» ehtimoliy nishon sifatida ko‘rsatilganini aytmagan», deb eslatadi WP. MXK jurnalistlarga ushbu maqolaga izoh berishdan bosh tortdi. Kreml matbuot xizmati tegishli so‘rovga javob bermadi. 

«Terrorchilar uchun aniq nishonni ko‘rsatish - noodatiy qadam»

Vashington «ogohlantirish bo‘yicha javobgarlik» deb nomlanuvchi tamoyilga amal qilgan holda, ehtimoliy teraktlar haqida muntazam ravishda xorijiy davlatlar bilan ma’lumot almashadi. Biroq, «dushmanga aniq nishonlar haqida ma’lumot uzatish noodatiy qadamdir», deya mutaxassislarning so‘zlaridan iqtibos keltiradi WP: «Bu AQSh razvedka yo‘llarini fosh qilish xavfini o‘z ichiga oladi va razvedka faoliyati yoki inson manbalarini xavf ostiga qo‘yishi mumkin». Biroq, konsert zalida terakt tayyorlanishi haqidagi ma’lumotlar Rossiyadagi amerikaliklar uchun ehtimoliy tahdidni ham anglatardi, deyiladi maqolada. 

Nashr manbalariga ko‘ra, Amerika razvedka xizmatlari 6 mart kuni bo‘lajak terakt haqidagi ma’lumotlarni «FSB»ga yetkazgan. Ertasi kuni, 7 martda AQShning Moskvadagi elchixonasi Rossiya poytaxtida ehtimoliy terakt haqida ogohlantirdi. Unda aytilishicha, elchixona «ekstremistlar yaqin kelajakda Moskvadagi katta yig‘inlarga, jumladan, konsertlarga hujum qilishni rejalashtirayotgani, AQSh fuqarolariga esa keyingi 48 soat davomida odamlar gavjum joylarga bormay turish tavsiya etilgani» haqidagi xabarlarni kuzatgan.

Nega xavfsizlik choralari kuchaytirilmadi?

«Nega birinchi ogohlantirishdan keyin xavfsizlik kuchaytirilmadi va ta’minlanmadi, bu noma’lumligicha qolmoqda. Balki Rossiya razvedka xizmatlari 7 martdan keyingi kunlarda hech qanday hujum sodir bo‘lmaganini ko‘rib, AQSh ma’lumotlarini noto‘g‘ri deb hisoblab, hushyorlikni yumshatgandir», - deya Amerika rasmiylarining fikrini keltiradi gazeta.

«Krokus»dagi teraktdan so‘ng AQSh razvedka idoralari uning ortida IShID yacheykasi turganini ma’lum qildi, biroq Rossiya rahbariyati va «FSB» buni Ukrainaga yuklamoqchi bo‘ldi, deb eslatadi WP.

The Washington Post gazetasining qayd etishicha, Amerika razvedka idoralari Rossiyani Moskvadagi sinagogaga hujum ehtimoli haqida ham ogohlantirgan. 7 mart kuni «FSB» Moskvadagi sinagogalardan birida IShID bo‘limi jangarilari tomonidan tayyorlangan teraktning oldi olingani haqida xabar berdi. 

«Krokus Siti Xoll»ga hujum

Moskva yaqinidagi Krasnogorskda «Krokus Siti Xoll» binosiga hujum 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Qurollangan odamlar binoga bostirib kirib, avtomatlardan o‘t ochgan, bir necha portlashlar eshitilgan va yong‘in boshlangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, terakt oqibatida 144 kishi halok bo‘lgan, yana 551 kishi jarohatlangan.

Hujum uchun javobgarlikni IShID terror tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. Shu bilan birga, Rossiya rahbariyati teraktga Ukrainaning aloqadorligini taxmin qilmoqda. Kiyev, shuningdek, g‘arb davlatlari, jumladan AQSh va Germaniya bu ayblovlarni rad etadi.

Mavzuga oid