Jahon | 12:10 / 12.04.2024
39759
10 daqiqa o‘qiladi

Vetnamning eng badavlat tadbirkorlaridan biri o‘lim jazosiga hukm qilindi

Sud ushbu ayol bankdan 12,5 milliard dollarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan deb topgan. 

Foto: Reuters

Xoshimin shahri sudi vetnamlik 67 yoshli tadbirkor Truong Mi Lanni 11 yil mobaynida mamlakatdagi eng yirik banklardan birini talon-toroj qilib kelgani uchun o‘lim jazosiga hukm qildi.

Yirik Van Thinh Phat Group kompaniyasi rahbari Truong Mi Lan — Vetnamda moliyaviy jinoyatlar uchun o‘lim jazosiga hukm qilingan kam sonli ayollardan biridir.

Firibgarlik ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada deb hisoblanmoqda. Truong Mi Lan Saigon Commercial Bank’dan soxta arizalar bilan 304 trillion dong (12,5 mlrd dollar atrofida) kredit olishda aybdor deb topildi.

Ammo uning harakatlari tufayli yetkazilgan jami zarar miqdori 27 mlrd dollarga baholanmoqda, ayblov tomoni buni imkonsiz deb hisoblasa ham, sud hukmi unga aynan shuncha mablag‘ni qaytarish majburiyatini yuklagan.

Ayrim qarashlarga ko‘ra, sud bosim o‘tkazish va o‘g‘irlangan mablag‘larning bir qismini qaytarishga erishish uchun ham Truongga o‘lim hukmi chiqargan.

Truong Mi Lan aybiga iqror bo‘lmagan va aybni o‘z qo‘li ostidagilarga yuklagan. Uning oila a’zolaridan biri Reuters agentligiga xabar berishicha, u hukm ustidan shikoyat qilishni rejalashtirmoqda.

Vetnam nashrlari jarayon tafsilotlarini batafsil yoritib bordi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rsatma berish uchun 2700 kishi chaqirilgan, ishda 10 nafar davlat prokurorlari hamda 200 nafar atrofidagi advokatlar ishtirok etgan.

Dalillar jami og‘irligi 6 tonnani tashkil etgan 104 ta qutiga joylangan. Truong Mi Lan bilan birgalikda yana 85 kishi, jumladan, Vetnam Markaziy bankining sobiq xodimlari, hukumat amaldorlari va SCB rahbarlari sudga tortilgan, ular hukmni kutishmoqda. Xoshimindagi sud majlisida 78 nafar ayblanuvchi ishtirok etdi, qolganlari qidiruvda ekani aytilgan. 

Qutilardagi naqd pullar

Ayblov tomoniga ko‘ra, hongkonglik badavlat tadbirkorning rafiqasi (u ham tergovga jalb etilgan) bo‘lgan Truong Mi Lan 90 foiz aksiyalari amalda o‘ziga tegishli bo‘lgan SCB bankidan kredit arizalarini soxtalashtirib, pul o‘margan. 

Politsiyaning ta’kidlashicha, qimmatli qog‘ozlar egalari va SCB omonatchilari firibgarlik qurbonlariga aylanishgan. Ular omonatlari bo‘yicha foiz yoki pullarini qaytarib ololmagan, Lan hibsga olinganidan buyon ularga asosiy qarz bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmagan. 42 ming atrofidagi kishi ushbu firibgarlikdan jabr ko‘rgan.

Sud jarayoni davomida prokurorlar ushbu ayolga tegishli bo‘lgan mingdan ortiq ko‘chmas mulk obektlarini xatlashgan.

Rasmiylar shuningdek, Lan va SCB xodimlari qonunbuzarliklar va bankning og‘ir moliyaviy ahvolini yashirish uchun hukumat amaldorlariga 5,2 million dollar pora bergani aytishmoqda, bu Vetnam tarixidagi eng katta pora hisoblanadi.

Vetnam Davlat bankida inspeksiya guruhi sobiq rahbari Do Thi Nxanh sud jarayonida aytishicha, SCB bankining sobiq bosh direktori Vo Tan Van uning oldiga naqd pullar solingan qutilarni olib kelgan. U ularda pul borligini tushunganida qutilarni olishdan bosh tortgani, ammo, Van ularni qaytarib olishni istamaganini aytib bergan.

5 mart kuni boshlangan va rejalashtirilganidan oldinroq tugagan sud jarayoni Vetnam Kommunistik partiyasi bosh kotibi Nguyen Fu Trong ko‘p yillar mobaynida yo‘q qilishni va’da qilib kelayotgan, ammo hozircha salmoqli natijalar ko‘zga tashlanmagan korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasining bir qismi bo‘ldi.

2022 yilda seriyali hibsga olishlar investorlar ishonchiga putur yetkazib, Vetnamdagi yirik kompaniyalarning aksiyalari 40 mlrd dollarga tushib ketgandi.

Truong Mi Lan kim o‘zi?

Truong Mi Lan Xoshiminda yashovchi xitoy-vetnam oilasida tug‘ilgan. Etnik xitoyliklarning katta jamoasi yashovchi ushbu shahar ancha vaqt oldinroq (Saygon nomidagi shahar Janubiy Vetnam poytaxti bo‘lganida) Vetnam iqtisodiyoti lokomotiviga aylangandi.

Lan yoshligida bozorda onasi bilan birga kosmetika mahsulotlari sotgan, ammo 1986 yilda kompartiya iqtisodiy islohotlar boshlaganida, u yer va ko‘chmas mulk sotib ola boshlagan. 1990-yillarga kelib u bir qancha mehmonxona va restoranlarga egalik qilardi.

Vetnam asosan tez rivojlanayotgan ishlab chiqarish sektori bilan tanilgan bo‘lsa-da, badavlat vetnamliklarning ko‘pchiligi o‘z boyligini qurilish sohasida va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq spekulyatsiyalar orqali ishlab topishgan.

Mamlakatdagi barcha yerlar rasman davlatga tegishli. Ulardan foydalanish ko‘pincha amaldorlar bilan shaxsiy aloqalarga bog‘liq. Shu tufayli iqtisodiyot o‘sishi barobarida korrupsiya ham o‘sib bordi va bugungi kunga kelib korrupsiya barcha sohalarni qamrab oldi.

2011 yilda Truong Mi Lan Xoshimindagi muhim shaxsga aylangandi va unga bankrotlik yoqasidagi uchta bankni yirik tuzilmaga — Saigon Commercial Bank bankiga birlashtirishga ruxsat berishadi.

Sud jarayoni Saigon Commercial Bank joylashgan Xoshimin shahrida o‘tkazildi

Vetnam qonunchiligi jismoniy va yuridik shaxslar istalgan bankda 5 foizdan ortiq aksiyaga ega bo‘lishni taqiqlaydi. Ammo prokurorlarning ta’kidlashicha, Truong Mi Lan yuzlab shirkatlar va ishonchli shaxslar orqali amalda SCB aksiyalarining 90 foizidan ortig‘iga egalik qilgan.

Lan vakolatlaridan foydalanib, o‘z odamlarini menejerlikka tayinlashda ayblangan, bu odamlar uning nazoratidagi soxta kompaniyalar tarmog‘i uchun yuzlab kreditlarni ma’qullab berishgan. Ayblov tomoni ma’lumotiga ko‘ra, Lan olgan kreditlar bankning barcha zayomlarining 93 foizini tashkil etgan.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil fevralidan boshlab uch yil mobaynida u o‘z haydovchisiga bankdan 108 trillion dong (4 milliard dollardan ortiq) miqdoridagi naqd pullarni olib chiqish hamda ularni yerto‘lada saqlashga ko‘rsatma bergan. Bankdan olib chiqilgan naqd pullar eng yirik kupyuralarda bo‘lishiga qaramay jami ikki tonna atrofida tosh bosadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash

«Menimcha, bunday namoyishkorona jarayon butun kommunistik davrda hech qachon bo‘lmagan», — deydi AQSh Davlat departamentining Vetnamda katta ish tajribasiga ega bo‘lgan iste’fodagi xodimi Devid Braun.

Nguyen Fu Trongning fikricha, xalqning korrupsiya gullashidan g‘azabi Kommunistik partiyaning hokimiyat monopoliyasiga ekzistensial tahdid soladi. U 2016 yilda korrupsiyaga qarshi jiddiy kurash boshlagandi.

«Yonayotgan pech» nomini olgan bu kampaniya doirasida ikki prezident va bosh vazirning ikki o‘rinbosari iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi, yuzlab amaldorlar esa intizomiy jazoga tortildi yoki qamaldi. Endi bu ro‘yxatni Vetnamning eng badavlat ayollaridan biri to‘ldirdi.

«Men hayratdaman, — deydi Singapurdagi Yusuf Ishoq institutida Vetnamni o‘rganish bo‘yicha dastur rahbari Le Xong Xiyep. — Axir bu sir emasdi. Truong Mi Lan va uning Van Thinh Phat kompaniyasi SCB bankidan eng nufuzli joylarda ko‘chmas mulklarni yoppasiga sotib olishda moliyalashtirish uchun o‘z shaxsiy cho‘ntagi sifatida foydalanishi bozorda hammaga ayon edi».

Devid Braunning hisoblashicha, uni o‘n yillar mobaynida mamlakat biznesi va siyosatida hukmronlik qilgan nufuzli shaxslar uni himoya qilishgan. Bu sud jarayonida u partiyaning janubdagi nisbatan erkin biznes madaniyati ustidan o‘z hokimiyatini ko‘rsatib qo‘yishga urinishni ko‘radi.

«Nguyen Fu Trong va uning partiyadagi ittifoqchilari Saygon ustidan nazoratni tiklashga yoki hech bo‘lmaganda u butunlay qo‘ldan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda, — deydi u. — 2016 yilga qadar Xanoydagi partiya xitoylik-vetnamliklar mafiyasiga ushbu shaharni boshqarishga qo‘yib bergan. Ular mahalliy kommunistik yetakchilarga xos bo‘lgan barcha to‘g‘ri so‘zlarni aytishdi, ammo shu bilan bir vaqtda shaharni sog‘ib, u yerda qilingan pullarning katta qismiga ega bo‘lishdi».

Kommunistik partiya bosh kotibi Nguyen Fu Trong korrupsiyaga qarshi kampaniyaga boshchilik qilmoqda

Nguyen Fu Trong — Kommunistik partiyaning so‘nggi yillardagi eng nufuzli bosh kotiblaridan biri. U partiyaning konservativ qanoti nufuzini 1980-yillardagi islohotlar davridan buyon ko‘rilmagan darajaga qaytardi.

Uning rahbarligi ostida partiya o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan — 2045 yilga qadar texnologiya va bilimlarga asoslangan iqtisodiyotga ega boy mamlakat maqomiga erishishni. Ammo u 79 yoshda, sog‘ligi yaxshi emas va partiyaning 2026 yilda o‘tkaziladigan navbatdagi qurultoyida iste’foga chiqishi mumkin.

Vetnamdagi jadal iqtisodiy o‘sish korrupsiyani ham muqarrar kuchaytiradi. Agar korrupsiyaga qarshi haddan tashqari faollik bilan kurash olib borilsa, bu iqtisodiy faoliyatning ko‘plab turlarini xavf ostida qoldiradi.

«Paradoks ham shunda, — deydi Le Xong Xip. — Iqtisodiy o‘sishning Vetnam modeli korrupsiyaga bog‘liq. Korrupsiya mexanizm ishlashini ta’minlovchi moylash vositasi edi. Agar moyni olib tashlasangiz, u ishlashdan to‘xtashi mumkin».

Mavzuga oid