Fan-texnika | 13:45 / 14.04.2024
22949
16 daqiqa o‘qiladi

2 ming dollardan boshlangan biznes – Samsung kompaniyasi qanday rivojlangandi?

Bugun Samsung Group dunyodagi yetakchi korporatsiyalardan biri hisoblanadi. Uning uyali telefonlar ishlab chiqaruvchi Samsung Electronics bo‘limi 2011 yildan buyon dunyo bozorida eng ko‘p uyali telefon sotib kelayotgan kompaniya hisoblanadi. 2023 yilda kompaniya bu mavqeni Apple’ga yutqazib qo‘ydi. Biroq farq uncha katta emas va joriy yilda Samsung yana birinchi o‘ringa qaytishi mumkin.

Foto: alamy.com

Bugun Janubiy Koreya yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. 2023 yil yakunlariga ko‘ra mamlakat YaIM hajmi qariyb 2 trln dollarni tashkil etgan va aholi jon boshiga hisoblaganda 35 ming dollardan to‘g‘ri kelgan.

So‘nggi o‘n yilliklarda Janubiy Koreya kompaniyalari turli sohalarda dunyoning yirik kompaniyalari bilan raqobatlashmoqda. Ular orasida o‘zida o‘nlab sohalarni birlashtirgan Samsung Group korporatsiyasi ham bor.

Samsung tarixi

«Samsung» so‘zi o‘zbekchada «uch yulduz» ma’nosini anglatadi. Kompaniyaga 1938 yilda Li Byon Chxol asos solgan. U o‘z faoliyatini 1930-yillarda 2 ming dollar sarmoya bilan guruch kukuni (guruch uni) tayyorlaydigan korxona ochishdan boshlagandi.

Keyinchalik kompaniya boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, guruch, shakar, quritilgan baliq kabilarni tayyorlay boshlaydi.

1938 yilda Chxol o‘z mahsulotlarini Xitoy va Manjuriyaga (Xitoy shimolidagi bu o‘lka o‘sha paytda alohida hudud bo‘lib, uni yaponlar nazorat qilardi) eksport qila boshlaydi.

Ana shu paytda Chxolga o‘z mahsulotlarini yanada ommalashtirish uchun savdo belgisi kerakligini tushunadi va o‘z kompaniyasiga Samsung Trading Company deb nom beradi.

Samsung kompaniyasining ilk korxonasi shu binoda joylashgan edi. \ Foto: samsung.com

Ikkinchi jahon urushi paytida ham kompaniya oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda davom etadi. Urushdan so‘ng 1948 yilda Chxolning yaqin do‘sti Janubiy Koreya rahbari bo‘ladi va shu paytda uning biznesi yanada rivojlanadi.

1950-yillar boshida Koreya yarimorolida boshlangan fuqarolar urushi davrida bir muddat Chxolning savdosi susayib qoladi. Kommunistik tuzum tarafdorlari bo‘lgan shimolliklar janubga bostirib kelishadi va Chxolning korxonasini, uyini, omborlarini yoqib yuborishadi.

Keyinchalik Chxol o‘z ishini qayta yo‘lga qo‘yganda “uyi yonib ketganda yashirib qo‘yilgan bir chemodan puli omon qolgan ekan” degan mish-mishlar tarqaydi.

Fuqarolar urushi tugab, shimol va janub o‘rtasida chegara tortilgach Chxol yana o‘z faoliyatini boshlaydi va kengaytirishda davom etadi. U oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash bilan birga tekstil fabrikasi ham quradi. Ko‘p o‘tmay sug‘urta bozoriga kirib boradi.

1950-yillarning ikkinchi yarmida Samsung Trading Company ko‘p tarmoqli korporatsiyaga aylanadi va o‘z mahsulotlarini AQShga ham eksport qila boshlaydi.

1960 yilda Janubiy Koreyada davlat to‘ntarishi uyushtiriladi. Chxolning do‘sti Li Sin Man taxtdan ag‘dariladi va uning o‘rniga general Pak Chon Xi mamlakat rahbari bo‘ladi.

Shundan so‘ng Chxol hibsga olinadi. Uni sobiq prezident bilan yaqin bo‘lganlikda va ana shu vakolatdan foydalanib katta miqdorda pora olganlikda ayblashadi.

Samsung asoschisi Li Byon Chxol \ Foto: samsung.com

Ko‘p o‘tmay Chxol ozod qilinadi. Aftidan yangi rahbar ham Chxol mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun zarur odam ekanini anglab yetadi.

O‘sha paytda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun yangi iqtisodiy dastur qabul ilinadi. Bu dasturga ko‘ra Janubiy Koreya 30 dan oshiq yirik kompaniya – “Chebol”lar tashkil etiladi.

Chebollarning har biri ma’lum bir soha bo‘yicha monopol faoliyat yuritishiga imkoniyat beriladi. Masalan, Daewoo — avtomobillar, Goldstar (hozirgi LG) — maishiy texnikalar, Samsung — elektronika buyumlarini ishlab chiqarish, Hyundai qurilish sohasida faoliyat olib boradi.

«Chebol»da kompaniya qo‘l ostidagi turli sohalarda xizmat ko‘rsatayotgan yoki mahsulotlar ishlab chiqarayotgan bo‘limlarga qisman avtonomiya beriladi.

Biznesning bunday boshqaruv shakli sifatida Chebol 1960-yillarda Janubiy Koreya iqtisodiyoti o‘sishiga yordam beradi. Ammo uzoq vaqtdan beri Chebol tizimi bilan ishlab kelayotgan kompaniyalar korrupsiya va siyosiy hamda moliyaviy firibgarlikda ayblanib kelmoqda.

Kompaniyada o‘tkazilgan islohotlar

1969 yilda Samsung Yaponiyaning Sanyo kompaniyasi bilan birlashadi. Bunda har ikki kompaniya ham o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga o‘z logotipini qo‘yish huquqini saqlab qoladi.

Yapon kompaniyasi bilan birlashuv Samsung’ga Janubiy Koreyada oq-qora tasvirda ko‘rsatuvchi televizorlar va yana boshqa elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatini beradi.

O‘sha paytda mamlakat aholisining bor-yo‘g‘i 2 foizida televizor bo‘lgan. Shu sababli Samsung televizorlari yuqori sur’atlarda sotiladi.

Samsung kompaniyasining televizor yig‘ish korxonasi, 1960-yillar boshlari \ Foto: samsung.com

Ko‘p o‘tmay yaponlar bilan kelishgan holda kompaniya elektronika buyumlari ishlab chiqaradigan bo‘limini alohida ajratadi. Shu tariqa Samsung Group tarkibida Samsung Electronics tuziladi.

Biroq 1980-yillar kompaniya uchun og‘ir keladi. Keksayib qolgan Li Byon Chxol kompaniyaning barcha bo‘limlarini birday nazorat qila olmasdi. Shu sababli turli bo‘limlarda ishlar sustlasha boshlaydi. Mahsulotlarning sifati tushib ketadi.

Oqibatda ishlab chiqarish hajmi pasayadi va ko‘plab xodimlar ishdan bo‘shatiladi. Ana shunday sharoitda kompaniyaga yangi qon kerakligi oydinlashadi.

1987 yilda Chxol kompaniya prezidentligini o‘g‘li Li Gong Xiga bo‘shatib beradi. Li otasining kompaniyasida 1968 yildan ishlay boshlagandi.

«Ayollar va bolalardan tashqari hamma narsani o‘zgartiramiz»

Li Gong Xi 1942 yilda tug‘ilgan, kompaniya rahbari bo‘lganda 45 yoshda edi. U kompaniyani qo‘lga olgach tub o‘zgarishlarni amalga oshira boshlaydi. Bunda asosiy e’tibor, garchi tannarxi biroz oshsa ham sifatli mahsulotlar chiqarishga qaratiladi.

Shu tariqa Li Gong Xi otasi tomonidan asos solingan kichik savdo kompaniyasini nafaqat mamlakatdagi, dunyodagi eng yirik korporatsiyalardan biriga aylantirishga muvaffaq bo‘ladi.

Li Gong Xi \ Foto: alamy.com

Li Gong Xi o‘z faoliyati davomida Samsung Group tarkibiga kiruvchi elektronika va uy ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqaruvchi Samsung Electronics kompaniyasini dunyodagi yetakchi elektronika kompaniyalaridan biriga aylantirdi.

1993 yilda Li Gong Xi o‘z qo‘l ostidagilarga, keyinchalik uni mashhur qilgan iborani aytgandi: «Kelinglar, xotinlarimiz va bolalarimizdan tashqari barchasini o‘zgartiraylik».

Li Gong Xi ortiqcha e’tibordan qochgan va kamdan-kam hollarda jurnalistlarga intervyu bergan. U ikki marta korrupsiyada, xususan, mamlakatning sobiq prezidenti Ro De Vuga pora berganlikda ayblangan.

Li Gong Xi 2008 yilda soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va mablag‘larni o‘zlashtirishda ayblanganidan so‘ng, Samsung rahbari lavozimini tark etadi.

O‘shanda u uch yillik shartli qamoq jazosini oladi, ammo keyingi yil prezident farmoni bilan afv etiladi. Bu paytda Koreyada Li Myon Bak prezident edi va Li Xong Xini aynan u afv etadi.

O‘shanda u Janubiy Koreyada 2018 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish kampaniyasini boshlaydi.

2010 yilda Li Samsung Group direktorlar kengashi raisi lavozimiga qaytadi, ammo 2014 yilda yurak xurujiga uchragandan so‘ng u kasal bo‘lib yotib qoladi.

Shundan so‘ng Li sog‘ligini tiklay olmaydi va 2020 yil 25 oktyabr kuni vafot etgan paytigacha kasalxonada davolanib keladi.

Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, Li Gong Xi 21 milliard dollar boyligi bilan Janubiy Koreyaning eng boy odami bo‘lgan.

Eng kuchli ta’sirga ega «Chebol»ni endi kim boshqaradi?

Li Gong Xi vafotidan so‘ng Samsung Group prezidentligi Li Gong Xining o‘g‘li 52 yoshli Li Jye Yonga o‘tdi. Kompaniya rahbari bo‘lguncha ham bir necha marta turli mojarolar bilan tanilgan Lining faoliyati kompaniya prezidenti bo‘lgach ham silliq kechmayapti.

Li Jye Yon \ Foto: alamy.com

U 2017 yilda o‘sha paytdagi prezident Pak Kin Xening impichmenti bilan yakunlangan korrupsiya mojarosida sobiq prezident bilan hamkorlikda ayblangandi.

O‘sha paytlarda u Samsung Electronics vitse-prezidenti bo‘lsa-da otasi shifoxonaga yotgan paytdan korporatsiya rahbari deb hisoblana boshlangan.

2020 yil sentabr oyida prokuratura Li Chje Yonga qarshi yangi ayblovlarni ilgari surdi. Bu safar u Samsung korporatsiyasining ikkita shu’ba korxonasini noqonuniy egallab olishda ayblandi.

2021 yilda sud uni avvaliga 5 yilga ozodlikdan mahrum etadi. Apellyatsiyadan keyin muddat 2,5 yilga qisqartiriladi. Ko‘p o‘tmay u afv etiladi.

2021 yilda Li 2015-2020 yillar davomida ko‘p marta giyohvand moddalar iste’mol qilib kelganlikda ayblanadi. Bu safar u 60 ming dollar jarima to‘lash bilan qutiladi.

Samsung Group’ning bo‘limlari

Bugun Samsung korporatsiyasi ko‘plab bo‘limlarga va shu’ba korxonalariga ega. Jumladan, elektronika, kimyo sanoati, moliya va sug‘urta sohasi, og‘ir sanoat, qurilish va yana boshqa bir nechta bo‘limlarining har birining tarkibida o‘nlab kompaniyalar bor. Masalan, elektronika sohasida quyidagi kompaniyalar faoliyat yuritadi:

  • Samsung Electronics – elektronika buyumlari ishlab chiqaruvchi bo‘lim;
  • Samsung Electro-Mechanics – turli elektron buyumlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi bo‘lim;
  • Samsung SDI – displey, akkumlyator va batareyalar ishlab chiqaruvchi bo‘lim;
  • Samsung SDS – elektron sanoat bo‘limi;
  • Samsung Engineering – qurilish bo‘limi;
  • Samsung C&T Corporation;
  • Samsung Heavy Industries -mashinasozlik bo‘limi;
  • Samsung Life Insurance – sug‘urta, moliyaviy konsalting xizmatlari va kredit bo‘limi;
  • Samsung Fire & Marine Insurance – ko‘chmas mulk sug‘urtasi;
  • Cheil Worldwide
  • Samsung Biologics
  • Samsung Galaxy Chat
  • Samsung Game Studios

Kompaniya dunyoda turli hajmdagi kema va tankerlar ishlab chiqarishda ham yetakchi. Samsung Group korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi Samsung Heavy Industries mashinasozlik kompaniyasi dunyodagi tanker ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Samsung korporatsiyasining kemasozlik korxonasi

Korporatsiyaning yillik aylanma mablag‘i 200 milliard dollarni tashkil etadi. Uning tarkibida 300 mingdan oshiq xodim mehnat qiladi.

Korporatsiyaning yillik sof foydasi o‘rtacha 35-40 milliard dollarni tashkil etadi.

Korporatsiya har yili sport va madaniyat sohasiga homiylik qilish uchun katta mablag‘lar ajratadi. Rasmiy ravishda xalqaro olimpiya o‘yinlariga homiylik qiladi.

Koreyada bir qancha sport turlari bo‘yicha korporatsiya nomi bilan atalgan turli jamoalar bor. Shuningdek, korporatsiya jahondagi ko‘pgina sport turlari bo‘yicha faoliyat olib borayotgan turli jamoalariga homiylik qiladi.

Uyali telefonlar

Uyali telefonlarni Samsung Group korporatsiyasining asosiy bo‘limi bo‘lgan Samsung Electronics ishlab chiqaradi. Kompaniya 15 yildan oshyapti, dunyodagi mobil qurilmalar, jumladan uyali telefonlar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Samsung Electronics so‘nggi 15 yilda har yili o‘rtacha 200 million donadan oshiq uyali telefon ishlab chiqarib sotgan. Eng yaxshi natija 2011 yilda qayd etilgan va o‘sha yili kompaniya 300 million donadan oshiq uyali telefon sotishga muvaffaq bo‘lgan.

Kompaniyaning eng muvaffaqiyatli loyihasi Galaxy turkumida ishlab chiqarilgan uyali telefonlar hisoblanadi. Samsung Electronics o‘tgan yillar mobaynida bu telefonlardan 3 milliard donadan oshiq ishlab chiqarib sotgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda kompaniya 226,6 million dona telefon ishlab chiqarib sotgan. Bu dunyo uyali telefon bozorining 19,4 foizini tashkil etgan.

Samsung Electronics'ning Xitoydagi yirik korxonasi

Kompaniya 2011 yildan buyon uyali telefonlar ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab keldi. Biroq 2023 yilda yetakchilikni Apple kompaniyasiga topshirishga majbur bo‘ldi.

2023 yilda Apple 234,6 million dona telefon sotgan va bozor ulushining 20,1 foizini tashkil etgan. Balki joriy yilda Samsung yana birinchi o‘ringa chiqishi ham mumkin.

Chunki Apple 2023 yilda bor-yo‘g‘i 8 mln dona ko‘proq telefon sotgan va bu natijani quvib o‘tish qiyin ish emas. Barchasi kompaniyaning o‘ziga bog‘liq.

Samsung Group korporatsiyasi haqida qiziqarli ma’lumotlar

Samsung Group korporatsiyasining asosiy bo‘limi Samsung Electronics hisoblanadi. Umumiy aylanma mablag‘, daromad va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha shu bo‘lim yetakchilik qiladi.

Kompaniya 2015 yilda AQShda o‘z to‘lov tizimi Samsung Pay’ni ishga tushiradi. Samsung logotipi olti marta almashgan. Hozirgi ko‘rinish 2015 yilda qabul qilingan.

Tashkil topganidan boshlab 1960-yillar boshigacha kompaniya asosan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqargan.

1950-1953 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushida Samsung kompaniyasi barcha narsasidan ayrilgandi. Omborxonalarga o‘t qo‘yilgan, mahsulotlar talab ketilgan, korxonalar to‘xtab qolgandi.

Samsung Electronics 1969 yilda tashkil etilgan va dastlabki 10 yilda uni asosan Janubiy Koreyaning o‘zida taniqli edi xolos.

Bugun Samsung Group korporatsiyasida 23 ta yirik bo‘lim bor. Ularda og‘ir va yengil sanoat, avtomobilsozlik, elektronika buyumlari, ximiya sanoati va to‘qimachilik, sug‘urta, kredit va boshqa bo‘limlar faol ishlayapti.

Samsung Motors kompaniyasining 80 foizdan oshiq aksiyasiga Fransiyaning Renault egalik qiladi. Kompaniya Renault-Samsung brendi ostida ishlab chiqargan mashinalarini faqat Janubiy Koreyaning o‘zida sotadi.

Renault-Samsung kompaniyasi ishlab chiqarayotgan avtomobillardan biri

Yengil mobil telefonni birinchi bo‘lib Samsung ishlab chiqargan. 1990-yillar boshida mobil telefonlar og‘ir va beso‘naqay bo‘lgan. Shunda Samsung kompaniyasi birinchi bo‘lib yengil va ixcham mobil telefon qurilmasini ishlab chiqargan.

Koreyadagi birinchi elektromobil loyihasini Samsung ishlab chiqqan. SEV-III deb nomlangan mashina seriyali ishlab chiqarishgacha yetib bormagan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid