Jamiyat | 14:15 / 23.04.2024
21228
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda o‘qituvchi dars tayyorlamay kelgan 1-sinf o‘quvchilariga stul ko‘tartirdi

Zarbdor tumanidagi 5-maktabda ingliz tili o‘qituvchisi dars tayyorlamay kelgan 13 nafar o‘quvchiga stul ko‘tartirib, videoni ota-onalar guruhiga yubordi. IIB holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatidagi maktabda tahsil olayotgan 1-sinf o‘quvchilari stul ko‘tarib turganliklari aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holatni o‘z kuzatuviga oldi.

Aniqlanishicha, shu yilning 22 aprel kuni Zarbdor tumanidagi 5-sonli umumta’lim maktabda 1-«A» sinfga o‘tilayotgan ingliz tili darsida o‘qituvchi R.T. (1999 yilda tug‘ilgan) o‘quvchilardan uyga berilgan vazifalarni so‘ragan. 

6 nafar o‘g‘il va 7 nafar qiz bolalarini darsga tayyorgarlik ko‘rmasdan kelganliklari tufayli go‘yoki tarbiyaviy chora deb sinf xonasidagi o‘zlari o‘tirgan stullarni ko‘tarishga majbur qilgan. Ushbu holatni o‘zining telefon apparatida video tasvirga olib, “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali shu maktabning ota-onalar guruhiga yuborgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Zarbdor tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bolalarga nisbatan turli shakldagi zo‘ravonlik yoki zo‘ravonlikka tayangan tarbiya choralarini, jumladan, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash qonunan taqiqlangan va tegishli javobgarlikka asos bo‘ladi.

Bolalar ombudsmani bu holat bo‘yicha bolalar manfaatlari yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid