Jahon | 10:47 / 03.05.2024
7223
7 daqiqa o‘qiladi

OAV erkinligi reytingi: Dunyodagi vaziyat - oxirgi 10 yildagi eng yomoni

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining OAV erkinligi bo‘yicha yillik reytingiga ko‘ra, rekord miqdordagi mamlakatlarda ommaviy axborot vositalari erkinligi deyarli imkonsizdir. Vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan davlatlar qatoriga Rossiya va Gurjiston ham kiritildi.

Foto: Nein Chan Naing/dpa/picture alliance

«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) xalqaro inson huquqlari tashkiloti 3 may, juma, Jahon matbuot erkinligi kunida o‘zining yillik global matbuot erkinligi reytingini e’lon qildi. Tashkilot ta’kidlaganidek, dunyo bo‘ylab ommaviy axborot vositalari erkinligi bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashishda davom etmoqda – jurnalistlarga hujumlar soni, shuningdek, OAV xodimlarining mehnat sharoiti «falokatli» deya ta’riflangan mamlakatlar soni ortib boryapti. Tashkilot yillik reytingidan ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yili dunyoning 36 davlati mustaqil jurnalistika amalda imkonsiz bo‘lgan davlatlar toifasiga kirdi. Bu so‘nggi o‘n yildagi antirekorddir. 

Saylovlar - jurnalistlar uchun xavf omili

Reytingga ilova qilingan hisobotda qayd etilganidek, saylovoldi tashviqotlari ovoz berish kunidan oldin ham, keyin ham jurnalistlar uchun alohida xavf tug‘diradi. Haqorat va jismoniy zo‘ravonlik - bu turli mamlakatlarda, jumladan Germaniyada ham muxbirlar duchor bo‘ladigan holat. «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti ta’kidlaganidek, ushbu vaziyat nafaqat AQShdagi prezidentlik saylovlari, balki Germaniyaning uchta federal yerlarida 2024 yil sentabrida bo‘lib o‘tadigan mintaqaviy saylovlar arafasida ayniqsa tashvishli.

«Jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik ko‘lamining oshib borayotgani qo‘rqinchli tendensiya. Avtokratlar, lobbistlar va demokratiya dushmanlari har qanday holatda ham mustaqil reportajlarga to‘sqinlik qilishga urinmoqda», - dedi «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti bosh direktori Anya Osterxaus. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat qabul qilinishi mumkin emas va demokratik hukumatlar jurnalistlarni himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilishi kerak. Chunki «matbuot erkinligi - saylovchilar fikrini erkin shakllantirish va kimga ovoz berish to‘g‘risida xabardor bo‘lish natijasida qaror qabul qilishning muhim sharti».

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining Berlindagi bo‘limi eksperti Katarina Viktoriya Vays DW nashriga bergan intervyusida ommaviy axborot vositalari erkinligi sohasidagi vaziyat yomonlashayotganini quyidagicha izohlaydi: «Biz hammamiz ijtimoiy tarmoqlar va boshqa internet imkoniyatlari tufayli, ma’lumotlar almashish imkoni bor deb o‘ylagandik. Axborot va so‘z erkinligi faqat kengayishi kerak edi. Ammo ma’lum bo‘ldiki, ko‘plab mutaxassislar bu masalada yanglishdi, bir tomondan, harbiy mojarolar tufayli dunyoda yangi qaynoq nuqtalar paydo bo‘ldi - masalan, 2023 yil aprelidan Sudanda fuqarolar urushi davom etyapti, G‘azo sektorida ham ko‘plab muxbirlar halok bo‘lmoqda, Ukrainada urush davom etmoqda».

Eng erkin matbuot - Skandinaviyada 

Reyting yetakchilari – OAV uchun vaziyat eng qulay bo‘lgan mamlakatlarga bo‘yicha hech qanday o‘zgarishlar yo‘q. Norvegiya ketma-ket sakkizinchi yil birinchi o‘rinni egallab turibdi, keyin esa barcha Skandinaviya davlatlari va Niderlandiya joylashdi. Germaniya reytingda o‘ninchi o‘rinni egalladi. Biroq, bunday yuqori pog‘onaga qaramay, «Chegara bilmas muxbirlar» ekspertlari Germaniya hukumati oldida qiladigan ishlar ko‘p, deb hisoblaydi. Xususan, jamoat teleradiokompaniyalarini moliyalashtirish uchun oylik to‘lovlar miqdorini oshirish bo‘yicha. Bir qator yerlarda rasmiylar ushbu majburiy badalni oshirishga qarshilik ko‘rsatmoqda va ijtimoiy-huquqiy media tizimini tubdan isloh qilish zarurligi haqida gapirmoqda.

Reytingning eng quyi pog‘onasida: Suriya, Eritreya va Afg‘oniston, bu yerda o‘tgan yil davomida uch nafar jurnalist halok bo‘lgan va kamida 25 nafari qamoqqa olingan. Sobiq ittifoq mamlakatlarida ham salbiy dinamika mavjud. Rossiya o‘tgan yilga nisbatan ikki pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da (164-o‘rindan 162-o‘ringa), bu faqat rasmiy raqam hamda matbuot erkinligi sohasidagi vaziyat yaxshilangani bilan bog‘liq emas. «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti hisobotida aytilishicha, Rossiya Federatsiyasida sakkizta ommaviy axborot vositasi «nomaqbul tashkilot», 70 ta ommaviy axborot vositasi va 300 nafar jurnalist «chet el agenti» deb e’lon qilingan. Bir yarim mingdan ortiq jurnalist mamlakatni tark etdi, biroq ba’zilari o‘z vaqtida chiqib keta olmadi va bosimga uchradi. 

Rossiyada OAV erkinligi: «Vaziyat juda qiyin» 

«Rossiya biz katta tashvish bilan qaraydigan davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda, - deydi Katarina Vays. - Oxirgi 20 yil ichida vaziyat yaxshilanishiga umid bog‘lagan edik. Biroq 2022 yil fevralidan - Rossiya Ukrainaga hujum qilganidan keyin bu vaziyatdan chiqish uchun ko‘p yillar kerak bo‘lishini tushundik. Hamkasblarimiz uchun vaziyat har kuni yomonlashmoqda. Ular o‘z erkinligi uchun kurashishi kerak - jismoniy ma’noda». 

Reuters axborot agentligi prodyuseri Konstantin Gabovning 27 aprel kuni va video-operator Sergey Karelinning ertasi kuni qo‘lga olinishini izohlar ekan, Vays bu Rossiyada ushlangan jurnalistlarning ozodlikka chiqish imkoniyati kamligining yana bir misoli ekanligini aytdi - ularda hatto ayblovlar asossiz bo‘lsa ham qamoqdan chiqish imkoni juda kam.

«Ya’ni, ular diplomatiya shaxmat o‘yinida o‘lja yoki tovlamachilik quroliga aylanyapti», deydi u. 

Yil yakunlari bo‘yicha eng yomon dinamikani esa matbuot erkinligi reytingida 26 o‘ringa tushib ketgan Gurjiston ko‘rsatdi. Buning sababi, reyting tuzuvchilarga ko‘ra, Rossiya modeliga asoslangan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi tashabbuskori bo‘lgan hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasining siyosati. Bundan tashqari, partiya ommaviy axborot vositalari ustidan davlat nazoratini kuchaytirishni taklif qilmoqda. 

Mavzuga oid