Ohangaronda to‘qayzorni yoqqan shaxs tabiatga 460 million so‘m zarar yetkazgani aniqlandi
Toshkent viloyati Ohangaron tumani Qoraxitoy qishlog‘idagi to‘qayzorda 775 ta daraxt va butalar yoqib yuborilgan. Ekologiya boshqarmasi yerni davlatga qaytarish bo‘yicha prokuraturaga so‘rovnoma kiritgan.
26 aprel kuni Ekologuz Telegram kanalida Toshkent viloyati Ohangaron tumanida noma’lum shaxs 1500 ga yaqin mevali va manzarali daraxtni yoqib yuborgani haqida xabar tarqalgan edi. Ohangaron tuman Ekologiya boshqarmasi Kun.uz’ga Qoraxitoy qishlog‘idagi to‘qayzorning yonib ketgan qismi o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi. Boshqarma bosh mutaxassisi Xoltojiyev Boburga ko‘ra, to‘qayzorda 775 ta har xil turdagi butasimon daraxtlarga ziyon yetkazilgan.
“Yonib ketgan daraxtlar balki bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. To‘qayzor bo‘lgani uchun ichkariga kirish qiyin, ba’zi joyi suv yoki botqoqdan iborat bo‘lgani uchun kirishning iloji yo‘q”, – dedi Bobur Xoltojiyev.
Boshqarma yetkazilgan zararni 459 million 652 ming so‘m deb baholagan. Ekologiya boshqarmasi to‘plagan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Oldinroq, Toshkent viloyati Ohangaron tumani matbuot xizmati, holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilgani va hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, to‘qayzor muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kirishini bildirgan edi. Xoltojiyev ham buni tasdiqladi va yerni auksiondan olib, uni muhofaza hududiga qaytarish va egalik huquqlari bekor qilish bo‘yicha prokuraturaga so‘rovnoma kiritilganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
16:16 / 17.12.2024
Toshkent viloyatida 8,7 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex fosh etildi
07:10 / 13.12.2024
Ikki hududda fuqarolarga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi
08:32 / 28.11.2024
Qurilish maydonidagi daraxtlarga shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilandi
21:14 / 26.11.2024