Jamiyat | 21:10 / 14.05.2024
39177
4 daqiqa o‘qiladi

Andijonda maktab direktori o‘rinbosari o‘quvchi qizlarga tegajog‘lik qilayotgani aytilmoqda

Bu haqda o‘quvchilarning ota-onalari Kun.uz'ga murojaat qildi. Ularning aytishicha, bunday voqea 6-sinf qizlari bilan sodir bo‘lyapti. Viloyat MMTBga ko‘ra, holat IIO organ xodimlari tomonidan o‘rganilmoqda, “zamdirektor” o‘z xohishi bilan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozib, kasallik ta’tiliga chiqib ketgan.

Illyustrativ foto

Kun.uz tahririyatiga Andijon shahridagi maktablardan birida o‘quvchilarning ota-onalaridan murojaat kelib tushdi. Unda, maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari 6-sinfda tahsil olayotgan ayrim qizlarga muntazam ravishda tegajog‘lik qilib kelgani aytiladi.

“Bularda bir qiz bor, sinfxonaga kirganda "zavuch" shu qizning qo‘lidan ushlab olaverar ekan. U qiz ismi aytilganda g‘alati bo‘lib, yerga qarab, qochib ketgisi kelaverar ekan.

Qizim sinf rahbariga "sinfdoshimizga teginadi, qandaydir g‘alati qaraydi", desa, sinf rahbari, hechqisi yo‘q, u shunday tushuntiradi, deb javob qilgan. O‘qituvchilar bu narsadan qo‘rqyapti, gapirmayapti.

Qizchaning onasi vafot etgan, otasi ichkilikka berilgan, keksa buvasi bor”, – deydi onalardan biri.

Murojaatchilarga ko‘ra, direktor o‘rinbosari darsdan keyin 2-3 nafar qizlarni xonasiga olib kirib ketadi. Ba’zi holatlarda dars vaqtida ham shunday bo‘lgani aytilyapti.

Tahririyatga taqdim etilgan audioyozuvda ham shu haqda so‘z boradi. Unda maktab rahbariyatidan 2 nafar ayol jabrlanuvchi qizlarning sinf rahbari bilan suhbatda bo‘lgan.

47 daqiqalik suhbat davomida maktab rahbariyati bu vaziyatning ochiqlanishi muassasa obro‘siga putur yetkazishini, “zamdirektor” unday inson emasligini, balki hamma gap qizlarning o‘zida bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Sinf rahbari esa atigi 12 yoshga to‘lgan qizlarda bunday “kayfiyat” bo‘lmasligini, bu vaziyatda erkak xodimdagi bog‘liqlik ko‘proq ekanini ta’kidlagan.

Voqelar ortidan ota-onalar 4 kundan beri maktabga bolasini jo‘natmayotganini, 10 may kuni Andijon maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga shikoyat qilib, “zamdirektor”dan o‘z xohishi bilan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozdirishganini aytdi.

“Holatni IIO xodimlari o‘rganyapti, yaqin kunlarda yakuniy xulosa taqdim qilinadi” – MMTB

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi matbuot kotibi Umarxo‘ja Madaminovning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, ota-onalar 10 may sanasida boshqarmaga murojaat qilmagan, ammo shu kunda maktab direktori va o‘sha direktor o‘rinbosari chaqirtirilgan.

Ta’kidlanishicha, ”zamdirektor” o‘z xohishi bilan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozgan, lekin kasallik ta’tiliga chiqib ketgani sabab bu ariza qabul qilinmagan.

“[Vaziyatga oid xat] prokuraturaga chiqqan, ichki ishlar shug‘ullanyapti, uzog‘i erta-indin xulosasini berishar ekan. Bu “zamdirektor”dan [bo‘shash to‘g‘risidagi] arizani olish rejalashtirilgan ekan, faqat bola [direktor o‘rinbosari] kasallik ta’tiliga chiqib olgan ekan. Shuning uchun bu ariza olinmay qoldi, qaytganidan so‘ng yakuniy xulosaga qarab turib, natijasini aytishni reja qilishyapti”, – dedi Madaminov.

Boshqarmaning rasmiy izohiga ko‘ra, bu holat shaxsan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i nazoratida.

“Holatni asoslantiruvchi ma’lumotlari to‘la jamlangach va huquq-tartibot idoralari xulosalaridan so‘ng yakuniy o‘rganish natijalari e’lon qilinadi.

Shu o‘rinda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ta’lim sha’ni va obro‘siga hamda pedagog imijiga salbiy ta’sir etuvchi har qanday holatlarga keskin munosabat bildirgan holda tegishliligi bo‘yicha jazo choralarini qo‘llashini ma’lum qilamiz”, – deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Mavzuga oid